Jahon | 13:55 / 15.10.2022
22484
10 daqiqa o‘qiladi

«Bolgar soyaboni»: KGB kommunistik tuzumga qarshi bo‘lgan bolgariyalik siyosiy qochoqni qanday zaharlagandi? (2-qism)

1978 yilda 12 kun ichida Fransiya va Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana olgan ikki nafar bolgariyalikka suiqasd uyushtiriladi. Parijda bo‘lgan jurnalist, Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasi sobiq xodimi Vladimir Kostov tirik qoladi. Londonda yashayotgan mashhur yozuvchi Georgiy Markov esa vafot etadi. O‘shanda KGB har ikki suiqasdda soyabon bilan niqoblangan maxsus quroldan foydalangandi.

Foto: epicenter.bg

Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropadagi bir qancha davlat sovet ittifoqi ta’siriga tushib qoladi. Ularda ham SSSRda bo‘lganiday kommunistik partiya yakkahokimligi va ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan tuzum o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, xususiy mulkchilikka barham berilib, odamlardan yer-mulklari tortib olinadi va jamoa xo‘jaliklari tuziladi. Ming yillar davomida xususiy mulkchilikka asoslangan jamiyatda yashagan odamlar yerlari tortib olinib, jamoa xo‘jaligiga qo‘shib yuborilishiga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi.

Ana shunday holatda 1950-yillarda avvaliga Polshada, keyinchalik Vengriyada kommunistik rejimga qarshi keng ko‘lamda namoyishlar o‘tkaziladi. 1978 yilda Pragada kommunistik tuzumga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi. Ularning barchasi Moskva tomonidan ayovsiz bostiriladi.

Shundan so‘ng 1990 yilgacha Sharqiy Yevropada yashovchi xalqlar kommunistik tuzumda yashashga majbur bo‘ladi. Ma’muriy buyruqbozlikka asoslangan, inson huquqlari toptaladigan jamiyatda yashashni xohlamaganlari esa G‘arb davlatlariga qochib ketadi.

Ana shulardan biri avvaliga Bolgariya xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan jurnalist Vladimir Kostov edi. U uzoq yillar mobaynida turli gazeta va jurnallarda bosh muharrirlik qilish bilan birga Bolgariya xavfsizlik kuchlari safida ham faoliyat olib boradi.

Foto: epicenter.bg

Kostovni Parijga Bolgariya televideniyesi muxbiri sifatida yuborishganidan biroz o‘tib, u Fransiyadan siyosiy boshpana so‘raydi. Shundan so‘ng KGB uni soyabon yordamida zaharlaydi. Ammo Kostov tirik qoladi.

Bugun «Bolgar soyaboni» deyilsa, insonni zaharlovchi qurol tushuniladi. Mazkur ibora paydo bo‘lishiga 1978 yilda KGB tomonidan kommunistik tuzumga muxolif holda G‘arb davlatlaridan boshpana olib yashab yurgan Vladimir Kostov va Georgiy Markovning aynan soyabon bilan niqoblangan maxsus qurol yordamida zaharlanishi sabab bo‘lgan.

Vladimir Kostov haqida

Vladimir Kostov 1932 yilda Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida tug‘ilgan. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng o‘rta maktabni bitirib avval komsomol, so‘ng Bolgariya kommunistik partiyasi safiga kirgan.

1956-1969 yillar oralig‘ida o‘ngga yaqin turli gazeta va jurnallarda ishlaydi. Ana shu paytlardanoq u davlat xavfsizlik qo‘mitasining norasmiy xodimi sifatida Bolgariya KGB bilan hamkorlik qila boshlaydi.

1966 yilda Vladimir rasmiy ravishda Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasiga ishga qabul qilinadi. Shundan so‘ng u Bolgariyadagi turli OAVda jurnalist niqobi ostida o‘z ishini davom ettiradi. Xizmati davomida u mayor unvonigacha oladi.

1969-1971 yillarda Vladimir Bolgariya davlat radiosida ishlaydi. 1974 yilda u Bolgariya televideniyesining Fransiyadagi muxbiri etib tayinlanadi va Parijga ko‘chib o‘tadi.

Siyosiy boshpana so‘rash va kommunistik tuzumga qarshi targ‘ibotlar

1977 yilda Vladimir Kostov Fransiya hukumatidan siyosiy boshpana so‘raydi. Uning tarjimayi holi»dan yaxshi xabardor bo‘lgan Fransiya xavfsizlik xizmati uni obdan tekshiradi. Vladimir rol o‘ynamayotganiga ishonch hosil qilingandan so‘ng unga Fransiya siyosiy boshpana beradi.

Davlat xavfsizlik qo‘mitasining mayor darajasidagi xodimi Fransiyadan siyosiy boshpana olishi Bolgariyada noxushlik bilan qabul qilinadi. Buning ustiga, Kostov Bolgariya KGB haqida o‘zida bo‘lgan barcha maxfiy ma’lumotlarni fransuzlarga taqdim etadi.

Vladimir Kostov 1990-yillarda

Bundan tashqari, u Bolgariyada hukmronlik qilib turgan kommunistik partiya rahnamolariga, Bolgariyani kommunistik tuzumda kuch bilan ushlab turgan sovet ittifoqiga qarshi targ‘ibotlarni boshlab yuboradi.

Bularning barchasi Todor Jivkov boshchiligidagi Bolgariya rahbariyatini qanchalik tashvishlantirsa, Andropov boshchiligidagi KGBga ham shunchalik yoqmasdi.

Suiqasd

Vladimir Kostovning Parijdan turib kommunistik tuzumni tanqid qilishi nafaqat Bolgariya rahbariyatining, balki Bolqondagi bu davlatni zimdan boshqarib kelayotgan sovet ittifoqining ham manfaatlariga zid edi.

1968 yilda Chexoslovakiyaning yangi rahbariyati kommunistik tuzumdan voz kechishini e’lon qilishi ortidan sovet armiyasi bu mamlakatga bostirib kirgan va Pragadagi namoyishlar qonli yo‘l bilan bostirilgandi.

Moskvaning bu zo‘ravonligi ortidan Sharqiy Yevropadagi SSSR nazoratida bo‘lgan davlatlar aholisida sovetlarga nisbatan nafrat battar kuchaygandi.

Ana shunday holatda KGB Sharqiy Yevropa mamlakatlarida hukmron bo‘lgan kommunistik tuzumlar va SSSRga qarshi qilinayotgan targ‘ibotlarga shunchaki ko‘z yuma olmasdi. Shu sababli Vladimir Kostovga qarshi suiqasd uyushtirishga qaror qilishadi.

Suiqasddan biroz avval Kostov Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasiga tegishli ko‘plab maxfiy ma’lumotlarni Fransiya huquqni himoya qilish organlariga topshirgani uchun vatanida unga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Sud Kostovni sirtdan o‘lim jazosiga hukm qiladi.

1978 yil 26 avgust kuni Kostov Parij metrosidan chiqayotganida tanasida og‘riq sezadi.

Og‘riqqa chiday olmagan Kostov o‘sha zahoti shifoxonaga boradi. Vrachlar uning tanasiga qandaydir temir buyum jarohat yetkazgan deb o‘ylashadi va uning asorati butun tanaga tarqalib ketishining oldini olishadi. Kostovni egnidagi qalin kiyimi asrab qoladi.

Vrachlar muolaja paytida jarohatni tozalayotib o‘zlari bilmagan holda zaharli kapsulani ham chiqarib tashlashadi. Shu tariqa Kostov tirik qoladi.

O‘shanda KGB xodimi qo‘lidagi soyabon-qurol bilan Parij metrosidan chiqayotgan Kostovga ritsin (zahar nomi) solingan kapsulali o‘qni joylaydi. Ammo o‘sha paytda Kostov o‘ziga suiqasd uyushtirilganini bilmaydi.

KGB tomonidan tayyorlangan maxsus soyabon-qurol / Foto: blogs.loc.gov

Suiqasdning fosh bo‘lishi

O‘sha paytda Kostov KGB o‘ziga suiqasd uyushtirganini bilmasdi. Oradan o‘n ikki kun o‘tib, 1978 yil 7 sentabr kuni Londonda yana bir bolgariyalik muxolif, kommunistik tuzumning ashaddiy tanqidchisi, yozuvchi Georgiy Markov soyabon yordamida zaharlanadi.

Og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan Markov shifoxonada 4 kun yotib vafot etadi. U o‘limidan avval gavjum bekatda o‘ziga notanish kishi urilib ketganini, o‘sha paytda uning qo‘lidagi soyabonning uchi oyog‘iga suqilganini aytib beradi.

Shifokorlar Markovning tanasidan zahar solingan kichik kapsulani topib olishadi va shu tariqa uning KGB tomonidan zaharlab o‘ldirilgani butun dunyoga oshkor bo‘ladi.

Georgiy Markov / Foto: elespectador.com

Markovning soyabon yordamida zaharlanganini eshitgan Kostov ham o‘ziga KGB suiqasd uyushtirganini ana shunda biladi. Shu tariqa KGB o‘n ikki kun ichida ikki nafar bolgariyalik muxolifga suiqasd uyushtirgani butun dunyoga oshkor bo‘ladi. Shundan so‘ng zaharlab o‘ldirish ma’nosini anglatuvchi «Bolgar soyaboni» iborasi paydo bo‘ladi.

O‘shanda, Georgiy Markovning vafotidan so‘ng Buyuk Britaniya maxsus xizmatlari qotilni qidirib topa olmaydi. Barcha gumon SSSR va Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlariga qaratiladi.

1994 yilda sobiq KGB generali Oleg Kalugin Londonga kelganda Buyuk Britaniya politsiyasi – Skotland Yard xodimlari uni Markovga qilingan suiqasd tashkilotchisi sifatida gumonlab, bir necha soat so‘roq qilishadi. Kalugin bu ishda ishtiroki yo‘qligini, barchasini Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasi a’zolari amalga oshirganini aytib, barcha tafsilotlarni oshkor qiladi.

Sobiq KGB generali Oleg Kalugin / Foto: alamy.com

Kommunistik tuzum qulaganidan so‘ng

Vladimir Kostov tirik qolganidan so‘ng uni doimiy ravishda politsiya qo‘riqlay boshlaydi. 1990-yillar oxiriga kelib Sharqiy Yevropa davlatlari qatori Bolgariyada ham kommunistik tuzumga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi.

1989 yilda Bolgariyada siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshlanadi. 1990 yil 15 noyabrdan boshlab mamlakatning nomi Bolgariya Xalq Respublikasidan Bolgariya Respublikasi deb o‘zgartiriladi.

1990 yil 3 aprel kuni Bolgariyada kommunistik partiya tugatilib, o‘rniga Bolgariya sotsialistik partiyasi tuziladi va sobiq kommunistlarning aksariyati shu partiya safiga o‘tadi.

Bolgariyada kommunistik tuzum qulatilgach tarixda bo‘lib o‘tgan juda ko‘p ishlar qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, bir paytlar Kostovga qo‘yilgan barcha ayblar olib tashlanadi va u oqlanadi.

Shundan so‘ng yana bir necha yil Fransiyada yashagan Kostov Bolgariyaga qaytib keladi. U hozir 90 yoshda va Bolgariyada yashamoqda.

Vladimir Kostov 85 yoshida / Foto: 24chasa.bg

«Bolgar soyaboni» asari

Keyinchalik, Vladimir Kostov «Bolgar soyaboni» nomli avtobiografik asar yozib chop ettiradi. Unda Kostov Bolgariya davlat xavfsizlik qo‘mitasi tarkibida ishlagan paytlari, Fransiyadan siyosiy boshpana so‘rashi va KGB tomonidan o‘ziga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlarini batafsil yozgan.

Bundan tashqari, Bolgariya xavfsizlik qo‘mitasi sobiq xodimi o‘z kitobida KGB tomonidan Londonda suiqasd uyushtirilgan yozuvchi Georgiy Markovning qanday zaharlangani haqidagi ma’lumotlarni ham keltirgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid