Jamiyat | 12:43 / 16.10.2022
14236
6 daqiqa o‘qiladi

"O‘g‘limsiz hayotimni tasavvur qila olmayman" - dard sabab yig‘layotgan otalar

Erkak kishi uchun farzandining dard chekishiga guvoh bo‘lish og‘ir. Qo‘shilib yig‘lolmaydi, dardini birovga aytolmaydi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan Ahror ota bir oyog‘i kesilganiga qaramay farzandiga tirgak bo‘lishga harakat qiladi.

«Navqiron yoshda shifoxonada yotish oson emas»

Endigina 17 ga kirgan Abdulbosit oqqon-leykoz kasaliga chalinib qoldi. Tog‘-toshda cho‘ponlik qilib yurgan ota dunyoda bunday kasallik borligini bilmagandir ham, balki. Xasta qaynonasi-yu, uy-ro‘zg‘or yumushidan ortib chaqalog‘iga ko‘krak tutadigan onaizorning tushiga ham kirmagan. Lekin xastalik bu yosh, bu qari, bu boyning, bu kambag‘alning bolasi demas ekan.

«To‘qqiz oydan beri shifoxonadamiz. O‘g‘lim juda qimmat va og‘ir ximiya-terapiya olyapti. Hali yana 10 ta olishi kerak. Qarindoshlar birlashib, ukam ham qo‘lidan kelgancha harakat qilib pul yig‘yapmiz. Hozir shu dorilariga biroz qiynalib qoldik», deydi Abulbositning ammasi Fotima opa.

Abdulbosit Jumaboyevga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0301 7687 6321 Shohsanam Qo‘ldoshboyeva nomida

Manzil: Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, «Saroy birlik» MFY

«O‘g‘limsiz hayotimni tasavvur qilolmayman»

Erkak kishi uchun farzandining dard chekishiga guvoh bo‘lish og‘ir. Qo‘shilib yig‘lolmaydi, dardini birovga aytolmaydi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan Ahror ota bir oyog‘i kesilganiga qaramay farzandiga tirgak bo‘lishga harakat qiladi. Yo‘g‘onni cho‘zib, ingichkani uzib qo‘yadigan bu xastalik otani farzandi uchun moddiy yordam so‘rashga majbur qildi.

«Oyiga 700 ming pensiya olaman. Ro‘zg‘orimiz shundan o‘tib turardi. Ayolim ishlamaydi, farzandimizga qaraydi. Hatto ko‘chaga chiqishga vaqt topolmaydi. Onasi ikkimiz ham siqilganimizni bildirmaslikka harakat qilamiz. O‘ylamasin, ruhan ezilmasin, deymiz. Bolam tengdoshlari qatori chopqillab yursaydi. Do‘stim-ku do‘stim, dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. O‘g‘limsiz hayotimni tasavvur qilolmayman», deydi ota quyilib kelayotgan yoshlarini artib.

Anvar Safarovga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0609 9689 7675 Anvar Safarov nomida

Humo: 9860 0301 9978 7653 otasi Ahror Murotov nomida

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani, «Saroy» MFY, Bobur ko‘chasi 24-uy.

«Bolamdan ayrilib qolishdan qo‘rqaman»

Besh farzandning ikkitasini yerga topshirgan onaizor Pardaxol opa o‘g‘li Ahliddindan ham ayrilib qolishdan qo‘rquvda.

«Bolamning nafas olishi qiyinlashib, og‘riq kundan kun kuchayib ketaverdi. Bolaginam shu yoshida insult o‘tkazdi. Bir kechaning o‘zida qo‘l-oyog‘i ishlamay qoldi. Sakkiz kun tomog‘idan hech narsa o‘tmay, hatto suvni yutolmay qoldi. Doktorlar yordami bilan bolam hayotga qaytdi», deydi Pardaxol opa ko‘z yoshlarini artib.

Turmush o‘rtog‘i qandli diabet bilan kasallangani bois oila Pardaxol opaning o‘qituvchilik kasbi ortidan kun ko‘rardi. Sakkiz oydan buyon davom etayotgan davolatish ishlari oilani moddiy tomondan ancha qiynab qo‘ydi. «Apreldan beri ishlamayapman, farzandimga tinimsiz qarov kerak. Uni tashlab ketolmayman. Bolamni davolatish uchun uyimizning yarmini sotmoqchimiz», deydi onaizor.

Ahliddin Hamidovga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 1801 0518 0251 onasi Pardaxol Irgashova nomida

Manzil: Surxondaryo viloyati, Jarqo‘rg‘on tumani, Yangi qishloq mahallasi, Nurli diyor ko‘chasi 1 A uy. 

«Bolamning kasalligi ham otasiga ta’sir qilmadi»

Oila xurjuni ayol yelkasiga og‘irlik qiladi. Shunday bo‘lsa-da, farzandlari uchun uni ko‘tarib yurgan ayollar talaygina. Nilufar opa ham topganini ichib qo‘yadigan erining qiliqlariga ko‘z yumib,  farzandlarimning otasi-ku,  deb ro‘zg‘orni tebratib yurgandi. Lekin farzandining kasalligi aniqlangach o‘zini ancha yo‘qotib qo‘ydi.

«Tahlil natijalari chiqqanidan so‘ng bolamni reanimatsiyaga yotqizishdi. Ikki kun ko‘rsatishmadi. Bolam Diyorbekni o‘ldi deb ham o‘yladim. O‘zimni qayerga qo‘yishni bilmayman. Hamma narsamizni sotdik. Ho‘jayinim ikki million oylik oladi, lekin topganini ichib qo‘yadi. Bolamning kasali ham bunga ta’sir qilmadi. Juda qiynalib ketdim. Ayniqsa, bolamning ko‘zlarimga mo‘ltillab qarab turishi yuragimni o‘rtab yuboradi», deydi ayol ko‘z yoshlarini to‘xtatolmay.

Diyorbek Ubaydullayevga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 0610 0597 2095 onasi Nilufar Abdullayeva nomida

Uzcard: 8600 3304 7718 3022 onasi Nilufar Abdullayeva nomida

Manzil: Toshkent viloyati, Ohangaron shahri, «Namuna» MFY.

«Yig‘laganda ko‘zlaridan qon chiqardi»

Sut tishi tushishi Oltinoyda kechayotgan kasallikning aniqlanishiga sababchi bo‘ldi. Oqqon bilan og‘rigan mingta bemordan bittasida uchraydigan turi Oltinoyda aniqlandi. Ammo bu hali hammasi emas edi.

«Shifoxonaga yotamiz deb turganimizda qizimizda Covid aniqlandi. Zangiotaga kovid markaziga yotishga majbur bo‘ldik. Sovid natijasida 47 foiz berilgan kasallik 98 foiz bo‘ldi. Ko‘zlari ko‘rmay, quloqlari eshitmay qoldi. Jigari, talog‘i ishdan chiqdi. Yig‘laganda ko‘zlaridan qon chiqar edi...», o‘tgan kunlarni eslab gapirolmay qoldi bemorning onasi Zamiraxon.

Farzandini davolatish uchun bor-budini, uy-joyini sotgan oila hozir ijarada istiqomat qiladi. 

Oltinoy Otamirzayevaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0825 0976 8188 onasi Zamiraxon Xudoyberdiyeva nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, Yo‘ldoshobod mahallasi.

Mavzuga oid