Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kasallik, mushtlashuvlar va suiqasd. Rossiyada safarbar qilinganlar frontga yetib bormay halok bo‘lmoqda
Rossiyada «qisman safarbarlik» boshlanganidan beri kamida 24 nafar zaxiradagi askar halok bo‘ldi.
Bu hali frontga borishga ulgurmagan hamda Mudofaa vazirligi o‘quv markazlari va harbiy bazalarida turli sabablarga ko‘ra halok bo‘lgan safarbar qilinganlar soni. Halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar, asosan, safarbar qilinganlarning qarindoshlari va yaqinlari murojaat qiluvchi mintaqaviy nashrlarda paydo bo‘lmoqda. Rasmiylar bu hodisalarga izoh berishni xohlamaydi va aybni asosan jabrlanganlarning o‘ziga yuklaydi.
28 sentabr kuni bir qator nashrlar huquq-tartibot organlaridagi manbalarga tayanib, Tyumen yaqinidagi «Andreyevskiy» yig‘in punktida safarbar qilingan erkak halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Mahalliy hokimiyat hech qanday tafsilotlarni, jumladan, marhumning ism-sharifini ham ochiqlamadi va OAV so‘rovlariga javob bermadi.
11 oktyabr kuni Tergov qo‘mitasining harbiy tergov bo‘limi sayti bo‘lmish «72.RU»da Tyumen garnizonidagi erkakning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va tergov ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi, ammo to‘liq tafsilotlar yana oshkor qilinmadi. 12 oktyabr kuni, «NeFT» nashri o‘z manbalariga tayanib, erkak 49 yoshda bo‘lgani va uy-joy kommunal xo‘jaligi korxonasida ishlagani haqida xabar berdi.
«Xaltadagi yalang‘och jasad qishloqqa yetkazildi va unga «Asfiksiya» (tanaga sun’iy ta’sir sabab kislorod yetishmasligi, masalan, ovqat tiqilib qolishi kabi) tashxisi bilan tibbiy guvohnoma berildi. O‘lim sababiga «jang paytidagi o‘lim» ham, «o‘z joniga qasd qilish» ham emas, balki «boshqa sabab» ko‘rsatilgan», — deya ta’kidlaydi nashr.
28 sentabr kuni «Baykal o‘lkasi janubi-sharqidagi harbiy qismlardan birida safarbar qilingan shaxsning jasadi topildi», deya xabar berdi «Chita.ru» portali. Tergov qo‘mitasining harbiy tergov bo‘limi jurnalistlarga o‘lim yuz berganini tasdiqlagan, ammo shunday so‘ng boshqa tafsilotlarni oshkor qilmagan.
3 oktyabr kuni Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurtida safarbar qilingan erkak halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Bu ma’lumotni Novosibirsk oblastidagi Inson huquqlari bo‘yicha komissar Nina Shalabayeva tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak uxlayotgan paytida vafot etgan.
Keyinroq Ombudsman idorasi aniqlik kiritishicha, marhum Bratskda tug‘ilgan 35 yoshli Aleksandr Koltun bo‘lgan.
Tibbiy xulosada Koltunning o‘limining rasmiy sababi sifatida yurak xuruji ko‘rsatilgan. Biroq Koltunning oilasi o‘lim zo‘ravonlik sabab sodir bo‘lganini gumon qilmoqda. Oiladagilarning jurnalistlarga aytishicha, erkakning tanasida gematomalar va sinish izlari topilgan.
Bundan tashqari, Koltunning onasining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li yig‘uv punktining o‘zida «qo‘lbola aroq» sotilayotganidan bir necha bor shikoyat qilgan.
«Biz u yoqdan-bu yoqqa yuribmiz, sayr qilyapmiz, atrofdagi hamma aroq ichyapti, bizga forma berishmadi, ovqat ham berishmayapti. Hozircha uydan olib kelganimni yeb yuribman», — deya ona o‘g‘lining so‘zlarini keltirgan.
3 oktyabr kuni Sverdlovsk oblastida safarbar qilingan uch kishi halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan ikki nafari Poroshino qishlog‘idagi Mudofaa vazirligi o‘quv markazining Yelanskiy garnizonida jon bergan. Yana biri uyga jo‘natilganidan keyin vafot etgan.
«Safarbar qilinganlardan biri mushtlashuv oqibatida halok bo‘lgan, ikkinchisi esa o‘z joniga qasd qilgan. Uchinchisi xizmatga yaroqsiz deb topilib, uyiga jo‘natilgan va o‘sha yerda jigar sirrozidan vafot etgan», — deydi Sverdlovskdan saylangan Davlat dumasi deputati Maksim Ivanov.
Biroq, o‘sha kuni OAV uchinchi, «xizmatga yaroqsiz» marhum — Chelyabinsk oblasti, Qizilbuloq qishlog‘ida yashovchi 44 yoshli Denis Kozlov jigar sirrozidan emas, safarbar qilinganlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mushtlashuv oqibatida halok bo‘lgani haqida yozdi.
«Vaziyat bizga ma’lum. Biz Chelyabinsk oblastining tergov organlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Hozirda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda», — degan oblastdagi ombudsman idorasi vakili Yuliya Sudarenko.
4 oktyabr kuni Omskdagi harbiy qismda safarbar qilingan krasnoyarsklik Dmitriy V (to‘liq ismi noma’lum)ning o‘limi haqida xabar tarqaldi.
U bilan birga Omskka yuborilgan Dmitriyning yaqin do‘sti, ularga harbiy qismda boshqa safarbar qilinganlar bilan kelishmovchilik tufayli tahdid qilishganini aytgan.
«Bizda Dima o‘z joniga qasd qilganiga shubha bor, chunki Dimaning o‘z joniga qasd qilishga hech qanday sabab, urinishlar bo‘lmagan. Uning ikki kichik farzandi bor. Ketganida kayfiyati yaxshi edi, u tirik va sog‘-salomat qaytmoqchi edi», — deydi marhumning do‘stining rafiqasi.
Jasadning ekspertizasi bir yarim oyda tayyor bo‘ladi, Tergov qo‘mitasi esa marhumning yaqinlariga allaqachon ekspertiza xulosasi nusxasini bergan.
5 oktyabr kuni safarbar qilinganlardan yana biri Penzadagi poligonda mashg‘ulotlar paytida halok bo‘lgan. 41 yoshli marhumning ismi oshkor etilmagan.
11 oktyabr kuni Penza oblastidagi inson huquqlari bo‘yicha komissar Yelena Rogova RBK nashriga safarbar qilinganlardan biri halok bo‘lganini tasdiqladi.
Ombudsmanning aytishicha, harbiy qism komandiridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, erkakning o‘limiga «organ funksiyalaridan birining o‘tkir buzilishi» sabab bo‘lgan.
U safarbarlikka chaqiruv to‘g‘risidagi ma’lumotlardan (jumladan, harbiy xizmat turi, joylashuvi, jangovar va safarbarlik tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarning shaxsiy ma’lumotlari) foydalanish imkoniyati cheklanganini ta’kidlab, boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
6 oktyabr kuni bir necha nashrlar o‘z manbalariga tayanib, Leningrad oblastining Kamenka shahrida 28 yoshli safarbar qilingan erkak vafot etgani haqida xabar berdi. «Sirena» va «LenTV» nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘q otish mashg‘uloti vaqtida o‘zini avtomatdan otib, halokatli jarohat olgan.
Hodisa bo‘yicha boshqa tafsilotlar yoki rasmiy izoh berilmagan.
7 oktyabr kuni Novosibirsk oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurtida safarbar qilinganlardan yana birining jasadi topildi. «Ha, hozir ular ikkitaga ko‘paydi (marhum Aleksandr Koltun bilan birga), nima bo‘lganini bilmayman, tergov davom etmoqda. Tergov ishlari olib borilayotganda vaziyatni faqatgina shu ishni olib borayotgan odam tushuntirishi mumkin.
Mahalliy «Sibkray» nashri ikkinchi marhum Novosibirskdan ekani va yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, «zo‘ravonlik harakatlari natijasida» halok bo‘lganini xabar qildi. Uning ham ismi oshkor qilinmadi.
9 oktyabr kuni Yoqutistonda safarbar qilingan shaxs halok bo‘lgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. RIA Novosti agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, qisman safarbarlikka chaqirilgan, 1983 yilda tug‘ilgan erkak Kangalassidagi jo‘natish punkti oynasidan tushib ketib vafot etgan.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, marhum mast holatda bo‘lgan, u ikkinchi qavat oynasidan choyshab bilan pastga tushishga harakat qilgan.
Foto: YEVGENY YEPANCHINsEV/TASS
11 oktyabr kuni Chelyabinsk oblasti rasmiylari Snejinskdan safarbar qilingan 27 yoshli Maksim Rodionov Yekaterinburgdagi 32-harbiy lagerda vafot etgani haqida xabar berdi. OAV uning o‘limi haqida o‘tgan haftadayoq yozgan edi.
«O‘lim faktini tekshirishni Sverdlovsk oblasti tergov organlari olib boradi. Ma’muriyat uning oilasiga shubhasiz yordam ko‘rsatadi», — degan Snejinsk shahri rahbari Andrey Pulnikov.
Uraldan safarbar qilinganlarni nazorat qiluvchi Sverdlovsk oblastidan saylangan Davlat dumasi deputati Maksim Ivanov YeAN portaliga bergan izohida o‘lim sababi sifatida giyohvand moddalarni haddan tashqari ko‘p qabul qilishni ko‘rsatgan.
Parlament a’zosining so‘zlariga ko‘ra, Rodionov boshqa safarbar qilingan vatandoshlari bilan birga Snejinskka borib, giyohvand moddalar sotib olgan. Yigit harbiy shaharchani qanday tark etganini esa deputat shunchaki bilmaydi.
Marhumning otasi bu gaplarni rad etgan. «Maksim hech qachon giyohvand moddalar iste’mol qilmagan. U armiyada xizmat qilgan, o‘zi harbiy komissariatga borib, chaqiruv qog‘ozi so‘ragan. Maksimdan uch yoshli qizi va turmush o‘rtog‘i qoldi. Sud-tibbiy ekspertizasidagilar hech nimani aytmadi, keyingi hafta keling deyishdi», — deydi Rodionovning otasi.
12 oktyabr kuni Yelan o‘quv garnizonida safarbar qilingan yana bir askar halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
«1989 yilda tug‘ilgan yigit tibbiy bo‘limga murojaat qilgan, ahvoli og‘irlashgan, yuragi to‘xtab qolgan. Shifokorlar reanimatsiya choralarini ko‘rgan. To‘rt marta yurakni ishga tushirishgan, afsuski, yigitni qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan, u vafot etgan», — deydi Davlat dumasi deputati Maksim Ivanov.
Marhum Verxnyaya Sald shahridan Kirill Bogdanovdir. 5 sentabr kuni u 33 yoshga to‘ldi, uning uchta farzandi bor edi. Bogdanovning tanishi jurnalistlarga u avvallari sog‘lig‘idan umuman shikoyat qilmaganini aytgan.
«Garnizonda odamlar ko‘p, ularning barchasi turli yoshdagi, sog‘lig‘i turlicha insonlar. Ko‘pchilik tibbiy yordam so‘raydi. Xizmatga yaroqsizlarni ortga qaytarib yuborishga harakat qilishadi. Bu yer kurort emas va bu yerda jismoniy bosim bor, shuning uchun bunday holatlar sodir bo‘lib turadi, kimningdir yuragi bunga ko‘tara olmaydi», — deydi deputat.
15 oktyabr kuni Belgorod shahridagi poligonda eng dahshatli voqea yuz berdi. Rossiya Mudofaa vazirligi shu kuni MDH davlatlarining biridan bo‘lgan ikki ko‘ngilli o‘q otish mashqlari davomida shaxsiy tarkibga o‘q uzib, 11 nafar safarbar qilingan askarni o‘ldirgani, 15 kishini jarohatlaganini ma’lum qildi. Vazirlik xabarida aytilishicha, otishma uyushtirganlarning ikkisi ham o‘ldirilgan.
Biroq ayrim nashrlar halok bo‘lganlar soni ikki baravar ko‘pligi, hujum qilganlar esa uch nafar bo‘lgani va ulardan biri qochib ketgani haqida yozdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda esa o‘n uch kishining jasadini ko‘rish mumkin.
Rossiyaning propaganda nashrlari o‘t ochganlar tojikistonlik bo‘lgani haqida yozmoqda, ammo bu hali rasman tasdiqlanmagan.
«Astra» nashriga ko‘ra, poligondagi mojaro diniy sabablar tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda voqea guvohi bo‘lgan shaxs nashrga ma’lum qilgan. Jurnalistlar hali mustaqil tasdiqlay olmagan guvohning so‘zlariga ko‘ra, komandirlardan biri Ukrainaga qarshi urushni «muqaddas» deb atagan, asli tojikistonlik bo‘lgan harbiy xizmatchilar esa musulmonlarning kofirlarga qarshi urushi muqaddas bo‘lishini aytgan. Bunga javoban Andrey Lapin ismli podpolkovnik musulmonlarni qattiq haqorat qilgan.
«Astra» nashri manbasining qo‘shimcha qilishicha, oradan ko‘p o‘tmay uch tojikistonlik musulmonlarga chetga chiqishni aytib, podpolkovnik Lapinni otib tashlagan va tartibsiz ravishda o‘q uza boshlagan. Otishma natijasida 29 kishi halok bo‘lgan. O‘t ochganlarning ikkisi o‘ldirilgan, biri esa jarohat olgan va qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi hodisani terakt deb atadi va jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Mavzuga oid
16:44 / 16.04.2025
Ukrainada harbiy holat va safarbarlik 6 avgustgacha uzaytirildi
21:07 / 27.03.2025
Belgorod oblastidagi janglar va evakuatsiya: nimalar bo‘lmoqda?
10:33 / 20.03.2025
Rossiyadagilar Ukraina Belgorod oblastiga yangi hujum boshlaganini xabar qilmoqda
22:15 / 25.01.2025