O‘zbekiston | 13:01 / 20.10.2022
12407
4 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi: Nazarbekdagi 23-bog‘cha sifatsiz qurilgan, u yerda bolalarning qolishi noto‘g‘ri

Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, Nazarbekdagi 23-bog‘cha sifatsiz qurilgani uchun 1 yilga yetmay devor hamda pollari chirimoqda. Bog‘cha instrumental ko‘rikdan o‘tkazilmaguncha, unda demontaj va qayta tiklash ishlari olib borilmasligi, u yerda bolalarning qolishi noto‘g‘ri ekani aytilyapti.

Foto: Kun.uz

Kun.uz 15 oktyabr kuni Zangiotada yangi qurilgan, ammo 1 yilga ham yetmay devorlari cho‘kib, o‘pirilib ketgan bog‘cha haqida reportaj e’lon qilgan edi. Shu holat yuzasidan Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, bu maktabgacha ta’lim muassasasida ikki yil mobaynida qurilish-montaj ishlari olib borilgan bo‘lib, 2021 yil sentabr oyida foydalanishga topshirilgan.

“Hozirgi kunda binoning bolalar dam olish xonalari, hojatxona, hamshira xonasi va idish yuvish xonasi devorlarida yorilish va cho‘kishlar paydo bo‘lgan. Ushbu xonalarning kafeli, yog‘och pollarida ham cho‘kishlar hamda chirishlar yuzaga kelgan. Bundan tashqari, bino tashqi devorlarining ichki va tashqi tomonlarida yoriqlar mavjud. 

Oraliq devorlarining poydevorlari va pollari ostidagi tuproqni qatlamma-qatlam zichlab, qayta ko‘mish ishlari(trambovka) sifatsiz bajarilgan. Binoning ichki qismidagi ichimlik va oqova suv quvurlarining yorilishi oqibatida quvurlardan sizib chiqqan suv oraliq devorlarning poydevorlari ostiga kirishi natijasida guruntning va poydevorning cho‘kishiga olib kelgan. Shu sababli ichki oraliq devorlarda yorilish va cho‘kishlar vujudga kelgan. Ushbu xonalardagi bajarilgan ichki oraliq devor poydevorlari ishchi loyihasida poydevor chuqurligi 600 mm deb berilgan bo‘lib, amalda 150-300 mm o‘lchamlarda bajarilgan”, – deyiladi vazirlikning rasmiy izohida. 

Shuningdek, xabarda qo‘shimcha qilinishicha, yog‘och pollarning chirishiga ishlar loyiha asosida bajarilmagani, pollar chirishiga qarshi kimyoviy antiseptik ishlov berilmagani sabab bo‘lgan.

Toshkent viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining xodimi Tohir Fayziyevning Kun.uz so‘rovi bo‘yicha bergan ma’lumotiga ko‘ra, yuqoridagi kamchiliklar oldin ham kuzatilgan va binoning qurilishi mobaynida, ya’ni 2018-2019-yillarda tegishli ko‘rsatmalar berilib, sifatsiz bajarilgan ishlar uchun jami shartnoma qiymati 2 mlrd 998 mln 400 ming so‘mdan 61 mln 450 ming so‘mi chegirib qolingan. Bu bo‘yicha dalolatnoma ham rasmiylashtirilib, buyurtmachiga yuborilgan.

Shuningdek, vazirlikning rasmiy izohida yuqoridagilarni inobatga olib, bog‘cha instrumental texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi, ungacha esa demontaj va qayta tiklash ishlari vaqtincha bajarilmasligi tavsiya qilinmoqda.

Tohir Fayziyevning aytishicha, ayni vaqt u yerda bolalarning qolishi xavfsizlik nuqtayi nazaridan noto‘g‘ri hisoblanadi.

Hozircha qurilishning kafolat muddati va bugungi kundagi sifatsiz qurilish uchun pudratchiga qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha aniq ma’lumotlar mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari bog‘chada tarbiya olayotgan bolalarning xavfsizligi ta’minlanganini, qolaversa, ular bog‘chaning qurilish bo‘lmayotgan boshqa qismiga ko‘chirib o‘tkazilganini aytgandi.

Mavzuga oid