O‘zbekiston | 11:56 / 21.10.2022
11428
2 daqiqa o‘qiladi

“Menga Orolning ko‘zi kerak, yig‘lab turgan ko‘zini rasmga olishim kerak” – asriy fojia haqida og‘riqli film

Orol ko‘z o‘ngimizda jon berib boryapti. Orolga qo‘shilib, u yerdagi madaniyat, qadriyatlar ham yo‘qolib boryapti. “Sho‘rxok” qisqa metrajli filmida Ayimgul momo hayoti misolida Orol fojiasi asoratlari yangicha rakursda ko‘rsatib berilgan.

“Sho‘rxok” qisqa metrajli filmi Aral Dream hamda Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan suratga olingan. 18 daqiqa davom etadigan film Orolning “ko‘zi, yig‘lab turgan ko‘zi” tasvirini axtarib yurgan fotograf obrazi bilan boshlanadi. Film davomida Orolning to‘lib turgan, hayot qaynagan kechagi holati va uning bugungi qurib bitgan kuni ramziy obrazlar bilan tasvirlanadi. 

Loyihaga turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov mualliflik qilgan, rejissyor – “Issiq non”, “Abdulla Qodiriy” filmlari bilan muxlislarga tanish Umid Hamdamov. Shuningdek, filmni olishda Oybek Abdushukurov, Nikita Makarenko, Muxlisa Azizovalar prodyuserlik qilgan. Bosh rollarda fotograf – Erkin Bozorov, Ayimgul momo – Arzixan Naurizova va haydovchi – Alisher Akimov ishtirok etgan.

Film premerasi 1 oktyabrda Berlinda “O‘zbekistonlik” xalqaro forumida o‘tkazilgan. YouTube’da bu yerda tomosha qilish mumkin.

Mavzuga oid