Parij ko‘rgazmasi uchun artefaktlar restavratsiya qilindi. Ular orasida Katta Langar Qur’oni ham bor
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida O‘zbekiston tarixiga oid ko‘plab artefaktlar restavratsiya qilindi. Ular 23 noyabr kuni ochiladigan O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan Parij ko‘rgazmasida namoyish etiladi.
So‘nggi uch yil ichida ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Bir qancha o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida ko‘plab arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bundan tashqari, Parijdagi Luvr muzeyi restavratorlari va mamlakatimiz mutaxassislari bir necha bosqichda keng ko‘lamli restavratsiya ishlarini bajardi.
Restavratsiya qilingan buyumlar orasida Kofir-qal’a qadimgi shahar qoldiqlaridan (Samarqand) topilgan, kuyib ko‘mirga aylangan va VI-VII asrlarga mansub yog‘och lavh ajralib turadi. Uning old qismlari tozalandi va restavratsiya qilindi, lavhning o‘zi yettita qismlari bilan birlashtirildi.
Jamg‘arma restavratsiya ishlari uchun Luvr muzeyi mutaxassisi Delfin Lefevrni jalb qildi. U Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi Marina Reutova bilan birga ishladi.
Kofir-qal’adan topilgan, o‘ymakor naqshlar bilan bezalgan, kuyib ko‘mirga aylangan lavhni konservatsiya qilish So‘g‘d tasviriy san’atining syujyetlarini o‘rganish, VII asr va VIII asr boshidagi Samarqand hukmdorlari qarorgohida taxt o‘rnatilgan xonaning arxitektura bezaklarini grafik rekonstruksiya qilish imkonini berdi.
Shuningdek, loydan yasalgan «Gulchambar taqqan Budda» haykaliga ham (miloddan avvalgi I asr – milodiy I asr) restavratsiya ishlovi berildi, eksponatning ust qismi tozalandi va zararlangan qismlari mastika bilan qoplandi.
Bundan tashqari, Islom olamining noyob obekti va eng muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan XIII asrga mansub Katta Langar Qur’onining 13 sahifasi restavratsiya qilindi. Ushbu Qur’on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanidagi Langar-ota masjidida saqlangan va eng qadimiy qo‘lyozma nusxalaridan biri hisoblanadi.
Jamg‘arma taklifiga binoan qo‘lyozmani restavratsiya qilish ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delau va Aureliya Streri tomonidan amalga oshirildi. Mahalliy mutaxassislardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Navoiy nomidagi Milliy kutubxona axborot va kutubxona resurslarini restavratsiya qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Shuhrat Po‘latov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining yetakchi mutaxassisi Saidahmad Ikromov restavratsiya ishlarida ishtirok etdi.
Eksponatlarni restavratsiya qilish jarayoni boshidan oxirigacha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirildi.
Restavratsiya jarayonida mahalliy mutaxassislarning ushbu sohadagi yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorligi va tajriba almashishi uchun sharoit yaratildi.
Mavzuga oid
20:24 / 22.11.2024
2025 yilda madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasi xodimlari ish haqi oshiriladi
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
20:46 / 19.07.2024
«O‘zbekkonsert» litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rdi
10:39 / 16.06.2024