Yevropa ittifoqi davlatlari energiya narxini jilovlash bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi
Yevropa ittifoqi sammiti ishtirokchilari gaz narxining yuqori chegarasini belgilamadi. Shu bilan birga, ular energiya narxining oshishini jilovlash uchun murosa izlashni davom ettirishga kelishib oldi, bu avvalroq Yevrokomissiya tomonidan e’lon qilingan takliflar asosida bo‘ladi.
Payshanba kuni Bryusselda boshlangan Yevropa ittifoqining ikki kunlik sammiti ishtirokchilari uy xo‘jaliklari va korxonalar uchun energiya narxining oshishini cheklash mexanizmlari ustida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi. 21 oktyabr, juma kuni ertalab sammitga raislik qilgan Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Twitter'da «birdamlik va hamjihatlik g‘alaba qozondi» deb yozdi. Energiya muammosi muhokamasi kechgacha davom etdi.
Sammitda batafsil muhokama qilingan, Yevropa komissiyasi (YeK) tomonidan shu hafta boshida e’lon qilingan takliflar asosida ish davom etadi. Xususan, Yevropa ittifoqi Yevropa davlatlari tomonidan gaz sotib olishning yagona tizimini yaratish va suyultirilgan gaz uchun adolatli narxni hisoblashning yangi formulasini joriy etishni taklif qildi, bunda Rossiyadan quvurlar orqali gaz yetkazib berishning keskin kamayishi hisobga olinadi.
Yevropa ittifoqi energetika vazirlari shu va boshqa ehtimoliy choralarni muhokama qilishni davom ettirish uchun kelasi hafta uchrashishga kelishib oldi. «Oldinda juda ko‘p ish bor, - dedi Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kroo. - Biz hali tajribaga ega bo‘lmagan yangi, noma’lum hududga kirmoqdamiz».
Energiya yuqori narxlarini jilovlash uchun tezkor yechim topish bo‘yicha Yevropa ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bunday yechim sifatida Belgiya va Fransiya kabi ba’zi davlatlar Yevropa kompaniyalari tomonidan jahon bozorida sotib olingan gaz uchun narx chegarasini belgilashni taklif qildi. Biroq, Germaniya va Vengriyani o‘z ichiga olgan Yevropa ittifoqi mamlakatlarining yana bir guruhi bu g‘oyaga shubha bilan qaradi, chunki importchilar Yevropaga gazni sun’iy cheklangan narxda sotishdan shunchaki bosh tortishi mumkin.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Germaniya kansleri Olaf Shols bilan mojaroni hal qilishda muvaffaqiyatga erishish uchun «qattiq ishlaganini» aytdi. Kelasi hafta Fransiya va Germaniya rahbarlari Parijda bu masalani yana muhokama qiladi. «Fransiyaning roli qarama-qarshiliklarga qaramay, birdamlikka erishishdir», dedi Makron.
O‘z navbatida, Shols bahslar faqat usullar bo‘yicha ketayotganini va istalgan natija hamma uchun bir xil ekanligini ta’kidladi. «Gaz narxi, neft narxi, ko‘mir narxi tushishi kerak; elektr narxi tushishi kerak va bu maqsadga erishish Yevropadagi barchaning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab qiladi», - deya uning so‘zlarini keltiradi AP. U sammitning birinchi kuni natijalarini Yevropa ittifoqidagi energetika inqirozini hal qilishda «olg‘a siljish» deb baholadi.
Germaniyada 2023 yil martidan xususiy iste’molchilar va korxonalarga xonalarni isitish, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun sotiladigan gazning maksimal narxiga cheklov joriy etilishi mumkin. Ushbu rejani moliyalashtirish uchun Germaniya hukumati keyingi ikki yil ichida 200 milliard yevro kredit olishni mo‘ljallamoqda. Biroq, Yevropa ittifoqining nisbatan kambag‘alroq davlatlari bu Yevropada raqobat shartlarining buzilishiga olib kelishidan xavotirda.
Bunday davlatlar koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qarshi kurash fondi misolida bo‘lgani kabi, yuqori energiya xarajatlarini qoplash uchun Yevropa ittifoqi budjetidan moliyalashtiriladigan umumevropa fondini yaratishni talab qilmoqda. Biroq, bu amalga oshishi dargumon, deydi Bryusseldagi European Policy markazi eksperti Filipp Lausberg. «Yevropadagi gaz narxining yuqori chegarasini moliyalashtirish juda qiyin. Ayniqsa, Germaniya kabi boy davlatlar Yevropa ittifoqiga yanada ko‘proq pul ajratish niyatida emas», dedi u DW nashriga.
Mavzuga oid
16:58 / 16.11.2024
O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga oshirmoqchi
09:30 / 07.11.2024
Namanganda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi
09:29 / 06.11.2024
O‘zbekistonda 2030 yilgacha “yashil” energiya manbalari 40 foizga yetkaziladi
10:10 / 29.10.2024