O‘zbekiston | 22:09 / 25.10.2022
41671
4 daqiqa o‘qiladi

“Qayerda gapirayotganingizni, o‘rningizni biling!” - Akmal Saidov Hisob palatasi raisi o‘rinbosariga tanbeh berdi

Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov yalpi majlisda Hisob palatasi raisi o‘rinbosari O‘tkir Jumanovga tanbeh berdi. Jumanov agar topshiriq bo‘ladigan bo‘lsa, har qanday jamg‘armani tekshira olishlarini aytgach, Saidov palatadan qonunan haqqi bo‘lmagan ishlarga “burnini tiqmaslik”ni talab qildi.

Bugun, 25 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Majlisda Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Hisob palatasi raisi o‘rinbosari O‘tkir Jumanovdan kiritilayotgan o‘zgarishlar borasidagi munosabatini so‘radi.

“Biz budjet mablag‘lari ajratilgan jamg‘armalarni tekshiramiz. Lekin topshiriq bo‘ladigan bo‘lsa, hammasini tekshirishga haqqimiz bor. Topshiriqning esa bizga kim tomonidan berilishini juda yaxshi bilasiz”, dedi Jumanov ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoriga ishora qilarkan.

Bunga javoban Akmal Saidov: “Topshiriq qonun asosida bo‘ladimi yoki...” deya so‘radi. O‘tkir Jumanovdan qonun asosida degan javobni eshitgach, uning so‘zlarini to‘g‘riladi: “Shunday deng-da, qonun asosida beriladigan topshiriqni bajaramiz, deng”.

Akmal Saidov so‘zida davom etdi: “Sizlar nodavlat-notijorat tashkilotlar huzuridagi fondlarni ham tekshirasizlarmi? Masalan, parlament huzurida Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi bor. Ularni ham tekshirasizlarmi?”

“Agar topshiriq bo‘lsa, ha”, dedi Jumanov.

“Qaysi asosda tekshirasizlar? Topshiriq... To‘xtang! Bu yerda o‘tirgan 120ta deputat tushunmaydi deyapsizmi? Sizlar, nima, ertaga jamoat fondini ham tekshirasizlarmi? Nima demoqchi ekaningizni bilib turibman. Qonun bo‘yicha ayting. Men boshida aytdim: Hisob palatasining vazifasi bitta – davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli foydalanilishini nazorat qilish. Undan boshqa hech narsaga burningizni tiqishga haqqingiz yo‘q.

Fuqarolik jamiyati vakillari yoki xususiy tashkilotlar jamg‘arma tashkil qilishi mumkin. Sizlar topshiriqni bajaramiz, deysizlar. Qonunni bilasizlarmi o‘zi? Qayerda gapirayotganingizni biling, o‘rningizni! Bu yerni Qonunchilik palatasi deb qo‘yibdi! Sizlar haqingizdagi qonunni ham mana shu yerda qabul qilganmiz”, dedi Saidov.

Ma’lumot uchun, “Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, mazkur tashkilot budjet tizimidan tashqari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarni ham auditdan o‘tkazish vakolatiga ega. Majlisda deputatlar qonundagi “belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar” degan so‘zlarga aniqlik kiritish, bunda faqat budjet mablag‘lari jalb etilgan jamg‘armalarni ko‘zda tutish bo‘yicha taklif kiritdi. Shu tariqa, qonun loyihasi qayta ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Loyihada, shuningdek, Hisob palatasiga davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik hamda budjet tashkilotlarida mol-mulkni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun bayonnoma rasmiylashtirish vakolatini berish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, hujjatda Hisob palatasi tomonidan taftish, tekshirish va o‘rganishlarni amalga oshirish tartibi nazarda tutilib, ularning farqli tomonlari aks ettirilgandi. Shuningdek, palata moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirish qoidalari belgilangan.

Mavzuga oid