Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda ikki tadbirkorning kelishmovchiligi sabab 4 mingdan ortiq aholi suvsizlikdan qiynalmoqda
Asaka tumanida ikki tadbirkor ichimlik suvi uchun quduq qazishda kelisholmayapti. Ulardan biri viloyat hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan ishning ancha qismini bajarib qo‘ygan, ikkinchisi esa tenderda g‘olib chiqqan. Bu nizodan uchinchi tomon – oddiy odamlar yutqazyapti.
Asaka tumani Olaqanot mahallasida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ikkita quduq qazish rejalashtirilgan. Bir tadbirkor viloyat hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan ishni boshlagan. Ammo ish yarmiga yetganida tenderda boshqa MChJ g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Buning oqibatida bir yildan buyon suv tortish ishlari qilinmayapti, ikki tadbirkorning kelisha olmayotgani tufayli butun boshli mahalla ichimlik suvisiz qolmoqda.
“Mahallamizda 563 ta xonadonda 4113 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular bir necha yillardan buyon ichimlik suvini sotib oladi yoki 50 metr chuqurlikdan tortib chiqarilgan, iste’molga yaroqsiz deb topilgan suvdan foydalanishadi. Ko‘p hollarda esa suvni tashib ichadi”, – deydi mahalla raisi Shohjaxon Abduvaliyev.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yil viloyat hokimi tomonidan og‘ir hudud deya mazkur mahallada ikkita quduq qazish va 9,5 km ichimlik suvi tarmog‘ini tortish topshirig‘i beriladi. Topshiriqni “Golden Stroy” MChJ bajara boshlagan. 110 metr chuqurlikda ikkita quduq qazilgan, yangi transformatorlar olib kelingan. Biroq ish oxiriga yetmay qolgan. Sababi, bu loyihani tenderda boshqa MChJ yutib olgan. Shundan keyin ish chala holatda qolib ketgan.

“Ishni viloyat hokimining topshirig‘i bilan boshlaganman. Tenderda yutib olgan MChJ bilan kelishishga harakat qildim. Biroq natija bo‘lmadi. Men ham topshiriqni bajarish uchun ishni boshlab, suv chiqarganman. Yaxshigina pul sarflab qo‘yganmiz. Ammo tenderda g‘olib bo‘lgan MChJ kelishishni istamayapti”, – deydi “Golden Stroy” rahbari.

Asaka tumani “Suvoqova” DUK rahbari Husanboy Obidjonovning aytishicha, suv chiqarish uchun dastlab mahalliy budjetdan pul ajratish rejalashtirilgan. Lekin pul ajratilmagani sabab 2022 yilga qolib ketgan. Tender natijalari esa 2022 yil 10 avgust kuni aniqlangan va unda “Obi hayot qurilish” MChJ g‘olib bo‘lgan.
“Suvta’minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UK Andijon viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassisi Ne’matillo Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, boshqarma tenderda g‘olib bo‘lgan MChJ bilan shartnoma tuzgan:

“Biz hamma hujjatlarni tayyorlab, tenderda yutgan MChJ bilan shartnoma imzolaganmiz. Birinchi ishni boshlagan firma bilan ikkinchisi kelishib olganmi yoki yo‘qmi, bundan xabardor emasman. Biz qonuniy tarzda, shaffof bo‘lib o‘tgan tenderda yutgan tashkilot bilan shartnoma qilganmiz. Hujjatlar viloyat moliya boshqarmasiga taqdim qilingan. Ular hujjatni tasdiqlaganidan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari imzolab bergach bazaga kiritamiz va ish boshlanadi. Birinchi MChJ ham tenderda qatnashib, yutishi kerak edi. Lekin uning ko‘rsatkichlari past bo‘lgani uchun yuta olmagan. Kimdir topshiriq bergan va quduqni qazishni boshlagan”.

Olaqanot mahallasiga quduq qazish va tarmoq tortish ishlari uchun 2 mlrd 291 mln so‘m ajratilishi belgilangan. 920 mln so‘m mablag‘ oldindan beriladi, qolgan summa qo‘shimcha shartnoma qilib, o‘tkazib beriladi.

Ko‘p yillardan beri suvsizlikdan qiynalib kelgan Olaqanot mahallasi aholisi yog‘inli kunlar kelmasdan tarmoqlar tortilishini istaydi. Biroq “men qurishim kerak, pul sarfladim”, deb ishni chala tashlab ketgan tadbirkor ham, tenderda g‘olib bo‘lgan tadbirkor ham yon bergisi yo‘q, viloyat rahbarlari esa masala yechimiga shoshilmayapti. Jabr ko‘rayotgan esa yana xalq bo‘lyapti.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
20:37 / 26.05.2025
Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshiriladi
20:39 / 01.05.2025
Quvurlardan kelayotgan suv ichishga yaroqli ekani aytildi
19:20 / 25.04.2025
Qibrayda ichimlik suvi quvuri ustidan ariq tortilmoqda
16:07 / 16.04.2025