Jahon | 08:20 / 29.10.2022
9247
3 daqiqa o‘qiladi

Pragada o‘n minglab odamlar hukumatga qarshi namoyishga chiqdi

Tashkilotchilar hukumat iste’fosini, energiya narxini pasaytirish va Rossiya bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borishni talab qilishgan.

Foto: AP

28 oktyabr, juma kuni Pragada o‘n minglab odamlar o‘ng markaz hukumat siyosati, energiya narxining oshishi va Rossiya bilan mamlakatga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borishga qarshi bo‘lgan holda namoyishga chiqdi.

Namoyishchilar bosh vazir Petr Fiala boshchiligidagi hukumat iste’fosini talab qilib, uni o‘z xalqidan ko‘ra Ukrainaga ko‘proq e’tibor qaratayotganlikda aybladi, deb yozadi AFP. Aksiya «Birinchi navbatda Chexiya» harakati tashabbusi bilan tashkil etilib, miting milliy bayram – Mustaqil Chexoslovakiya davlati tashkil topgan kunga to‘g‘ri keldi.

Odamlar «biz milliy falokat hukumatini istamaymiz», «urush xuddi hukumat kabi ahmoqdir» va «narxlar oshishini to‘xtating» degan shiorlar bilan chiqishdi.

Harakat ijtimoiy tarmoqlarda 400 mingga yaqin ukrainalik qochqinning Chexiya tomonidan qabul qilinishini tanqid qilgan. Aksiya tashkilotchilari orasida o‘ta o‘ng siyosiy harakatlar va mamlakat Kommunistik partiyasi ham bor edi, deb yozadi Reuters.

Bosh vazir Petr Fiala aksiyaga javoban har bir inson shu tarzda namoyish qilish va o‘z fikrini bildirish huquqiga ega ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar bu fikr-mulohazalarni yengil-yelpi qabul qilmayapti, biroq ayni paytda odamlar kim, nima maqsadda norozilik uyushtirishga chaqirayotgani haqida o‘ylashlari kerak.

Chexiya Ichki ishlar vazirligi sentabr oyida 70 000 kishi ishtirok etgan shunga o‘xshash namoyishni «Kremlparast targ‘ibot usuli»ni targ‘ib qilish deb ta’rifladi, deb eslaydi Bloomberg.

Bugungi aksiyadan so‘ng Chexiya bosh vaziri o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Vit Rakusan «bu namoyishlarga chaqirayotgan va uyushtirganlarga qarshi ekanini» yozdi. «Men ularning maqsadini tushunmayapman. Bu odamlar Rossiyaning beshinchi kolonnasi», - dedi u.

Miting «Birinchi navbatda Chexiya» harakati tomonidan mamlakatning NATOdan chiqishi va Moskva bilan aloqalarni qayta tiklashga chaqiruvchi uchinchi shunday aksiya bo‘ldi. Birinchi mitingda 70 000 ga yaqin odam qatnashgan bo‘lsa, sentabr oyida ham bo‘lib o‘tgan navbatdagi miting, rasmiylarga ko‘ra, «o‘n minglab kamroq odamlarni» jalb qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid