Jamiyat | 14:29 / 30.10.2022
16153
7 daqiqa o‘qiladi

“Bolamsiz menga hayot kerakmas...”- yo‘qchilik oldida ojiz ota-onalar o‘kinchi

Hech kimning bolasi og‘ir xastalikka yo‘liqmasin ekan. Tilab-tilab olgan farzandining kasal ekanini bilgach, halovati yo‘qotgan, borini sotib davolanishiga sarf etgan ota-onalar bugun yo‘qchilik oldida ojiz. Xasta bolasining ko‘zlariga termilib, hech narsa qilolmaslik esa azob! 

45 kun jazirama asfaltda bolasining tuzalishini kutdi...

Ona-ku ona, bolasining dardi otalarni ham yiqitadi. Shohigul opa nabirasining xastaligi sabab o‘g‘li ham sog‘lig‘ini yo‘qotganidan yurak-bag‘ri kuyib ketyapti.

“Bolamning to‘rt qizdan keyin tilab-tilab olgan o‘g‘li edi. Tinimsiz mazasi bo‘lavermagach shifokor analiz qilib ko‘rdi. O‘g‘limga analiz javoblarini ko‘rsatib, bolang oqqon bo‘lib qolibdi, peshonang sho‘r ekan, buni tez Toshkentga olib bor, deb aytdi. Doktor ham yig‘lab yubordi.

O‘shanda tungi 11 edi. Kechasi bo‘lishiga qaramay bolam yo‘lga tushdi. Doktorlar bu bo‘lmaydi, qaytarib olib ketaveringlar, debdi. Shu gapni eshitib bolamning miyasiga qon quyilibdi. Sarg‘ayma, boshidan gematoma orttirib oldi bolam sho‘rlik.

45 kun jazirama asfaltda bolasining tuzalishini kutdi. Qayt bolajonim, deb yolvordim. Ona, bolam bo‘lmasa menga hayot kerak emas, deb bir qadam siljimadi. Hovlisini, bor mol-holini sotdi. Xudoga shukur doktorlar ancha yaxshi qilib berishdi”, deydi ham nabirasi, ham bolasiga kuyinayotgan onaizor.

Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lgan ota, bolasining xastaligidan so‘ng sog‘lig‘ini yo‘qotib, ishlashga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Yusufjon tuzalishi uchun esa hali bir necha davolash bosqichlarini bosib o‘tishi kerak.   

Yusufjon Eshpo‘latovga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0602 5148 2114 bobosi Eshpo‘lat Saidov nomida

Humo: 9860 0825 2143 0775 buvisi Shohigul Sultonova nomida

Manzil: Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani, Yuksalish mahallasi, Uchqun ko‘chasi 1-uy.

 “Sotishga uyimiz, biror arzirli narsamiz bo‘lsa edi”

Ayolning joni qirqta bo‘ladi, deyishadi. Yo‘qchilikkayam, xastalikkayam chidaydi. Eri bilan yelkama-yelka ro‘zg‘or aravasini ham tortadi. Ammo farzandi xastalansa, qirq joni ham uzilib ketgandek bo‘ladi. Jayna opa ham shunday ayollardan biri.

“Erim ham, o‘zim ham ishsizman. Qizim kasallangunga qadar bozordan sut-qatiq olib kelib qo‘shnilarimga sotib kun kechirardim. To‘qqiz yildan beri ijarada turamiz. Qizimning mazasi bo‘lavermagach, shifoxonaga olib bordik. Og‘zi-burnidan tinimsiz qon kelaverdi. Zudlik bilan reanimatsiyaga yotqizishdi. Keyin Nukusga olib borishimizni aytishdi. Qo‘limda 35 ming pulim qolgan, nima qilishni bilmayman. Qarindosh-urug‘ yordami bilan qaynonam ikkimiz qizimni Toshkentga olib keladigan bo‘ldik. Poyezdga chiqarkanmiz bolam otasini quchoqlab olgan. Siz ketmasangiz men ham bormayman, deb yig‘laydi. Otasi ham ko‘z yoshlarini tiya olmaydi. Birga kelaman desa pulimiz yo‘q, nima qilishni bilmaymiz”, deydi Jayna opa o‘kinch bilan.

Uydagilari Nukusdayoq bolasining kasalligi haqida xabar topadi, lekin xotinining yuragi kasalligi bois unga aytisholmaydi. Kasalni yashirganing bilan isitmasi oshkor qiladi, deyishadi. Jayna opa qizi haqidagi haqiqatni Toshkentda eshitadi.

“Tekshiruvlardan keyin doktor qizimda kasallik aniqlanganini aytganda o‘zimni bilmay yiqilib tushdim. Uydagilar Nukusdaligimizdayoq buni bilgan, yuragimning mazasi yo‘qligi uchun aytishmagan ekan. Yig‘layman-yig‘layman, o‘zimni hech to‘xtatolmayman. Qaniydi, uyimiz bo‘lsa-yu, sotib bolamni davolatsam, yoki sotishga arzigulik biron narsamiz bo‘lsa. Qizimning azoblanayotganini ko‘rib turib hech narsa qilolmaslikdan og‘iri yo‘q, men uchun”. 

Hurliman Boltaboyevaga oid ma’lumotlar:

UzCard: 8600 0609 6911 8976 onasi Jayna Xolmurotova nomida

Manzil: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kungrad tumani, Altin ko‘l posyolkasi, X. Redjyepov 11-uy.

“Kunlar sovisa, yuragim bezillaydi”

Qish kelishi ko‘pchilik onalarni tashvishga soladi. Ayniqsa, bolaga issiq kiyim, etik olish kerak, uyni isitish kerak... Lekin Sayyora opaning xavotiri boshqa narsadan. U xasta qizalog‘ining qiynalishidan qo‘rqadi.

“Kunlar soviyversa yuragim bezillaydi. Immuniteti past, og‘rib qolishidan qo‘rqaman. Ikki marta kovid o‘tkazdi. Hatto issiq yozda ham shamolladi. Eng og‘ir hadik – davolash samara bermay, ilik ko‘chirish zarurati tug‘ilgani bo‘ldi. Bu juda murakkab operatsiya ekan va katta mablag‘ kerak bo‘larkan”.

Sayyora opaning qizi Malikaxon ham bu yil maktab yoshiga yetdi. Lekin asosiy vaqti shifoxonada o‘tayotgan qizaloq uy ta’limini olishga ham ulgurmayapti.

“O‘zim o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Bir yildan beri qizim bilan bo‘lib, ishlamayapman. Turmush o‘rtog‘im el qatori chet elda ishlaydi. Yaqindan jigarida ham muammolar paydo bo‘la boshladi. Oladigan ukollari og‘irlik qilibdi. Endi jigari uchun ham davolatishni boshladik”, deydi Sayyora opa qizalog‘iga termilib.

Malikaxon Erkinovaga oid ma’lumotlar:

UzCard: 6262 9100 6266 4230 onasi Sayyora Asatullayeva nomida

Manzil: Andijon viloyati, Izboskan tumani, Poytug‘ shahar, Yangi asr 13-uy.

“Aya, men qachon maktabga boraman?”

Ikki yil intiq kutib topgan farzandini yeru ko‘kka ishonmaydigan Jumaxol opa qizalog‘ining bu dardga chalinishini xayolining ko‘chasiga ham keltirmagan. Uchinchi farzandi tug‘ilgunicha shifoxonada — qizining oldidan jilmadi. Farzandini davolatish uchun hatto sotishga uyi ham yo‘q.

“Yetti yildan beri ijarada turamiz. Uy-joyimiz yo‘q. Otasi doimiy ishda ishlay olmaydi. Revmatizmi bor. Faqat issiq kunlari ishga chiqadi.

Kun-tun bolamga termulib o‘ylayman faqat. Mening bolam ham maktabga chiqarmikan, tengdoshlaridek chopqillab yurarmikan?..”, deydi onaizor o‘kinch bilan.

Bu yil bolasi tengilar maktabga chiqqanini ko‘rib, ayolning yuragi eziladi.

“Aya, men qachon maktabga boraman, deydi. Uyda ta’lim oladigan bo‘ldi. Bir haftada ikki kun. Lekin shunga ham charchab qolyapti.

Lablarigacha oqarib, shishib ketadi. Ikki kurs davolatdik. Uchinchisiga qurbimiz yetmay qoldi. Hech narsa yemay qo‘ydi. Bu kasallikni dushmanimgayam ravo ko‘rmayman”, deydi Jumaxol opa ko‘z yoshlarini artib.

Farangiz Abdug‘aniyevaga oid ma’lumotlar:

Humo: 9860 0803 0952 9461 onasi Jumaxol Rasulova nomida

Manzil: Sirdaryo viloyati, Mirzabod tumani, Navro‘z mahallasi, Taraqqiyot ko‘chasi 2-uy.

Mavzuga oid