Jahon | 20:06 / 30.10.2022
19494
21 daqiqa o‘qiladi

«Mablag‘lar adolatsiz taqsimlanmoqda»: Rossiyada Moskva va moskvaliklarni nega yoqtirishmaydi?

Bugun Rossiyaning turli hududlarida yashovchi odamlarning bir qismi Moskva va moskvaliklarni yoqtirmasligini yashirmaydi. Ular o‘z mintaqasi poytaxtdan uzoqda joylashgani uchun e’tibordan chetda qolib kelayotganini aytadi. Shuningdek, Moskva shahri uchun ko‘p mablag‘ sarflanishi, bu yerda boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq maosh va pensiya to‘lanishi ularning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lib kelmoqda.

Foto: Kun.uz

2022 yil 21 sentabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qildi. Oradan bir oydan sal ko‘proq vaqt o‘tdi va qisman safarbarlik Rossiyaning turli hududlarida turlicha kechmoqda.

Jumladan, 2022 yil 22 sentabr kuni Ramzon Qodirov Chechenistonda safarbarlik bo‘lmasligini, respublika urushga odam jo‘natish rejasini «oshirib bajargani»ni aytib chiqdi.

Qodirovning gapi boshqa hududlar aholisi tomonidan norozilik bilan qarshi olindi. Oqibatda, Chechenistonga qo‘shni bo‘lgan Dog‘istonda namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

2022 yil 17 oktyabr kuni Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda qisman safarbarlik tugaganini ma’lum qildi. Boshqa sub’yektlarda esa safarbarlik hanuz davom etmoqda.

Ayrimlarning fikricha, qisman safarbarlik bo‘yicha Moskvaga reja kam qo‘yilgan. Buning ustiga, reja bajarilmasdan poytaxt meri poytaxtda qisman safarbarlik yakunlanganini e’lon qildi

Avvalroq, Davlat dumasining Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi vakili, kommunist Viktor Sobolyov Moskva shahriga «arzimas miqdorda» reja qo‘yilganiga qaramay, safarbarlik topshirig‘i atigi 50 foizga bajarilgani haqida bayonot bergan va bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. «Mana, moskvaliklar qanchalik chirigan bo‘lib chiqdi», degan edi Sobolyov «Pod’yom» nashriga.

Bugun Rossiyaning turli hududlarida odamlar nafaqat Ukrainaga qarshi boshlangan urush tufayli, balki boshqa sabablar bilan ham Moskva va moskvaliklarni yomon ko‘rishini yashirmaydi. Ularga ko‘ra, Rossiya rahbariyati hududlar aholisiga nisbatan har tomonlama adolatsizlik qilmoqda.

Sub’yektlar aholisining Moskva va moskvaliklarni yoqtirmasligining sababi nimada? «Moskovskiy komsomolets» nashri tomonidan avvalroq e’lon qilingan qo‘yidagi maqolada Rossiyaning turli hududlarida yashovchilar nega Moskva va moskvaliklarni yoqtirmasligiga izoh bergan.

Bu mavzuda izoh olinganlarning aksariyatini o‘rta yoshdagi va aholining o‘rtahol qatlamiga mansub bo‘lgan, turli kasbdagi insonlar tashkil etgan.

Rossiyaning uzoq mintaqalarida yashovchilarning aytishicha, ular Moskva va moskvaliklarni umuman yoqtirishmaydi. Rossiya Federatsiyasidagi barcha sub’yektlarda poytaxt va moskvaliklarga nisbatan nafrat bor. Shunchaki ko‘pchilik buni oshkor etmaydi va zimdan nafratlanadi.

Shuningdek, nashr xodimlari azaldan Moskva va moskvaliklarni yoqtirmaydigan Kavkaz respublikalari yoki Tatariston kabi mintaqalar aholisidan izoh olmagan. Millatlararo nizo chiqarmaslik uchun ular asosan rus millatiga mansub kishilar bilan suhbatlashgan.

Suhbatdoshlarning aksariyati tasodifan ayollar bo‘lgan. Ular har qanday nafratning sabablarini siyosiy tarafdan emas, balki yashash sharoitidan kelib chiqqan holda, iqtisodiy tarafdan baholagan.

Nashr xodimlarining maqsadi ham shu bo‘lgan – izoh beradiganlar o‘zining Moskva va moskvaliklarga nisbatan bo‘lgan nafratini poytaxtda Kreml va «Oq uy» joylashgani uchun emas, boshqa sabablarni ko‘rsatib gapirishi qiziq. Ular qisman o‘z maqsadiga erishgan va izoh bergan odamlarning aksariyati nega Moskva va moskvaliklarni yoqtirmasligini yaxshi dalillar bilan ochib bergan.

Shunday bo‘lsa-da, baribir siyosatdan qochib bo‘lmagan va izohlarning bir qismida odamlar siyosiy masalalar haqida ham fikr bildirishgan.

Aleksandra, Sankt-Peterburg:

«Men Moskvada muvaffaqiyat bilan ishlayotgan piterlikman (Sankt-Peterburg nazarda tutilmoqda), lekin har safar ona shahrimga qaytganimda, ichimda g‘azab kuchayadi. Bu qandaydir bema’ni nafrat emas. Bu obektiv g‘azab.

Resurslar teng ajratilmayotgani va Piterda ahvol og‘irligi jahlimni chiqaradi. Peterburgda bobom va buvim noyabrdan aprelgacha tozalanmaydigan ko‘chalar tufayli o‘z kvartirasidan chiqa olmaydi. Moskvadagi mavzelarning har bir hovlisida esa ko‘cha tozalovchi mashina tayyor turadi.

Sankt-Peterburgda Moskvadan ko‘ra ko‘proq tirbandliklar mavjud. Ammo ularni yechish uchun bu yerda Moskvada amalga oshirilayotgan ishlarning mingdan biri ham bajarilmaydi. Sababini so‘rasangiz: mablag‘ yo‘q!

Poytaxtda ko‘p narsalar boshqa mintaqalarga qaraganda arzon, ular hududlarga Moskva orqali tarqatiladi. Bu uchun e’tiroz bildirsangiz: «Moskvaga ko‘chib borib, u yerda yashash va ishlashingizga kim to‘sqinlik qilmoqda?» deb tanbeh ham berishadi.

Shuning uchun boshqa shaharlarga nisbatan ustunlik berilgani, boshqa mintaqadan borganlarga, xorijlik mehnat muhojirlariga, puli kam odamlarga, uysizlarga va boshqalarga toqatsizlik qilishlari tufayli Moskva va moskvaliklarni yoqtirmayman».

Olga, Voronej:

«Nafratimiz moskvaliklarga emas, balki resurslarni adolatsiz taqsimlayotgan Moskvaga bo‘lyapti. Hududlarda oz mablag‘ qoldirilib, barcha soliqlar markazga yuboriladi.

Mintaqalar Moskvadan subsidiyalarni kutib yashaydi. Bilishimcha, hududlarga saylov natijalarining qanday ko‘rinishda bo‘lishiga qarab mablag‘ ajratiladi. Ovoz berish natijalari qancha yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi pul berishadi. Sub’yektlarda arzimagan ishlar ham Moskvaning xohishiga qarab qilinadi. Bunday tartiblar odamlarni juda g‘azablantiryapti.

Nafaqa to‘lash tizimi ham adolatsiz. Buvim Voronejda, uning singlisi Moskvada yashaydi. Buvim va singlisi bir xil stajga ega, bir xil sharoitda ishlagan. Ammo ularga berilayotgan nafaqa miqdori keskin farq qiladi. Shunchaki buvim viloyatda yashagani uchun unga Moskvadagi singlisiga qaraganda ikki barobar kam nafaqa berishadi».

Olga, Kaliningrad oblasti:

«Mintaqamizda moskvaliklar va «moskali»larni tez farqlab olishadi. Moskvaliklar – juda odobli, oddiy odamlar bo‘lishadi. Ular mintaqamizga kelishadi, xonadonlar sotib olishadi, bizning tariximiz bilan qiziqishadi.

«Moskali»lar – odatda mintaqamizga yuborilayotgan mansabdor shaxslar. Ular o‘zini bosqinchilar kabi tutadi: har qancha ahmoq bo‘lsa ham Moskvaning barcha buyruqlarini so‘zsiz bajaradi. Ular aholining fikriga tupuradi va quloq solmaydi, mintaqamizdan faqat pul o‘g‘irlab ketish payida bo‘ladi.

Ular 2011 yilda Kaliningradda onkologiya markazi qurilishi boshlaganini e’lon qilishdi, ammo u hanuz qurilgani yo‘q. 2011 yilda Boltiq atom elektr stansiyasi qurilishini boshlashdi va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga va’da berishdi. 3 yilda qurilishga 50 milliard rubl sarflangandan so‘ng uni muzlatib qo‘yishdi.

Ular AES o‘rniga ko‘mir bilan ishlaydigan 4 ta issiqlik elektr stansiyasini qurishdi. IESlar qurilishiga ekoharakat vakillari qarshi bo‘ldi, ammo «moskali»lar bu qarshilikni bir tiyinga ham olmadi.

Rossiya qonunchiligida azaliy muammo bor: «Moskali»lar har doim mintaqa aholisi manfaatlarini hisobga olmagan holda qarorlar qabul qiladi. Kaliningradliklarda bojxona bilan bog‘liq eski muammolar bor. Bojxona xodimlari «Rossiyadan Rossiyaga» olib ketilayotgan yuklarning 80 foizini tekshiradi. Ular hatto Kaliningrad oblastidan Rossiyaga ko‘chib o‘tayotgan fuqarolarning shaxsiy buyumlaridan ham bojxona to‘lovlarini undirishga harakat qilishmoqda.

Kaliningradga kelayotgan gaz quvuri Litva hududi orqali o‘tadi. Rossiyadan Kaliningrad oblastiga berilayotgan gaz uchun bojxona to‘lovi olinyapti. Mintaqa aholisi uchun berilayotgan gaz narxi mamlakatda eng qimmat hisoblanadi. Shunday ekan, «moskali»larni yoqtirmaslik uchun bizda yetarlicha sabablar bor».

Zlata, Ijyevsk:

«Biz, moskvaliklar semirib ketyapti deb hisoblaymiz. Buni, men va oyim Moskvaga ko‘chib o‘tganimizdan so‘ng, qisqa vaqtga ona shahrimiz Ijyevskka kelganda his qildik. Hamma Moskvadagi barcha keksalarning katta miqdorda pensiya olishini gapiradi. Tanishlar onamdan «Sobyaninning katta miqdorda pensiya to‘lashi sizga ma’qulmi?» deb so‘raydi. Afsuski, Moskvada yashayotgan barcha keksalar ham katta miqdorda pensiya olmaydi.

Moskvaga ko‘chib kelgan keksalar katta miqdorda pensiya olishi uchun bu yerda ro‘yxatdan o‘tib o‘n yil muqim yashashi kerak. Shundan so‘ng ular boshqa moskvalik keksalarday katta miqdorda pensiya oladi. Ungacha hatto Moskva «propiska»sini olgan bo‘lsa ham o‘z hududida qancha miqdorda pensiya olgan bo‘lsa, o‘shancha to‘lashadi. Adolatsiz tizimni ko‘ryapsizmi? Hatto nafaqadagilarni ham ajratish bor.

Ko‘pchilik menga havas qiladi, hayotim yaxshi ekanini aytadi. Moskvada yaxshi ish haqi olishimni ta’kidlashadi. Moskvada imkoniyatlar yuqoriligi, uning yoshlar uchun ishlaydigan joyning tayini bo‘lmagan Ijyevskdan farq qilishini aytishadi. Hech kim maoshimning katta qismini ipoteka kreditlari uchun to‘lashimni, Moskvadagi juda yuqori narxlar uchun sarflashimni inobatga olmaydi.

Moskva va moskvaliklarga nisbatan bo‘lgan nafratim Ijyevsk markazidagi ayollar liboslari do‘koniga kirib, kiyim-kechak sotib olganimda avjiga chiqadi. Do‘kondagi mahsulotlar juda sifatli va narxlar Moskvadagi do‘konlardagiga qaraganda uch baravar arzon.

Ijyevskka kelganimizda har doim shu do‘kondan xarid qilishga harakat qilamiz. Narxlar arzon bo‘lishiga qaramasdan bu yerda xaridorlar sotuvchilarga nimalar deyishmaydi: «Bizni pul tug‘adigan tovug‘imiz yo‘q. Shuningdek, pulni yerdan supurib ham olmaymiz».

Bechora do‘kon egasi bunday gaplarni eshitib xafa bo‘ladi. Tushumning faqat bir foiziga ega bo‘ladigan sotuvchilar har qancha gapga chidashadi va xaridor kirganidan xursand bo‘lishadi».

Anastasiya, Sarov (Mordoviya Respublikasidagi shahar):

«Men poytaxtdagi kollejlardan biriga hujjat topshirmoqchi bo‘ldim, ammo qabul qilishmadi. Ma’lum bo‘lishicha, agar Moskva shahrida yoki oblastida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, siz poytaxtdagi kollejda o‘qish huquqiga ega bo‘lolmas ekansiz. Ularda faqat moskvaliklar va Moskva oblastida doimiy yashovchilar o‘qiy olar ekan. Kimki Moskva propiskasiga ega bo‘lmasa u yerda o‘zi orzu qilgan kasbni egallay olmaydi.

Bu orada Moskvadagi poliklinikada ham muammoga duch keldim. Menga shifokor kerak edi, lekin ular meni eshikdan qaytarishdi. «Doimiy ro‘yxatdan o‘tmaganmisiz, «propiska»ngiz yo‘qmi, unda sizni qabul qila olmaymiz» deyishdi.

Men Rossiya fuqarosiman. Bizda tibbiy xizmat ko‘rsatish bepul. Ammo Moskvada «propiska» bo‘lmasa, men bu shaharda bepul tibbiy yordam ham ololmayman. Shu adolatdanmi? Oxiri, yaqinda Sarovga qaytganimda shifokorga bordim».

Anna, Astraxan:

«Bahorda, Volgada suv to‘lib oqa boshlaganda, moskvaliklar Astraxanga baliq oviga kelishadi. O‘shanda aviachiptalarga talab o‘sadi va ularning narxi o‘n baravarga oshib ketadi. Ana shunday paytda boshqa shaharlarda yashaydigan va ishlaydigan astraxanliklar uyga qaytishi juda qiyin bo‘ladi.

Bunday holatlarda siz poyezd chiptasini sotib olib, platskart vagonda 30 soat davomida qiynalib yurishga majbursiz. Moskvaliklar esa samolyotlarda uchadi. Chunki ularda pul bor va ular uni tejash haqida umuman o‘ylashmaydi. Ikki soat uchishadi va qarabsizki ular Astraxanda. Astraxanda baliq ovlash moskvaliklar uchun allaqachon urfga aylanib bo‘lgan.

O‘tgan yili, may oyida, men shoshilinch Astraxandan Moskvaga uchishim kerak edi. Chipta odatda 2 ming rubl turadi. Ammo men uni 30 ming rublga sotib olishga majbur bo‘ldim. Samolyotga chiqqanimda hushimdan ayrilayozdim. Barcha yo‘lovchilar, shu jumladan kichik bolalargacha Gucci brendiga burkangan edi. Kichkintoylar ham Gucci sport kostyumlarini, krossovkalarini kiyib olishgan ekan».

Aleksey, Stavropol:

«Moskvani, nafaqat barcha pullar u yerga berilayotgani uchun, balki aksariyat iste’dodli yoshlar ham mintaqalarni tark etib u yerga ketayotgani uchun yoqtirmayman. Natijada, mintaqalar rivojlanishdan to‘xtab qolyapti.

Shuningdek, mahalliy hokimiyat idoralari barchasini Moskvadan ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirayotgani, oqibatda mintaqalarning o‘ziga xos xususiyatlari yo‘qolib borayotgani meni g‘azablantiradi. Buning natijasi hammaga ma’lum: Moskva mintaqalarning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘ra olmaydi».

Valentina, Orenburg:

«Moskva va moskvaliklarni yoqtirmasligimning sababi mintaqalar aholisi va moskvaliklar o‘rtasidagi turmush tarzida juda katta farq bor. Siz holatni tasavvur ham qila olmaysiz.

Moskvada har bir mahallada kauchuk bilan qoplangan sport maydonchalari mavjud. Orenburgda esa ular umuman yo‘q. Men yo‘llar, uylarning kirish joylari, uy-joylarning holati haqida gapirib o‘tirmayman.

Tibbiy xizmat masalasida ham farq juda katta. Orenburgda odamlar shunchaki tibbiy xizmat juda sifatsiz bo‘lgani uchun bevaqt jon bermoqda. O‘tgan oyda ikkita qarindoshimiz yurakdagi muammolar sababli vafot etdi. Biri 43, ikkinchisi 50 yoshda edi. Ikkalasi ham vafotidan avval uzoq davolandi, ammo nafi bo‘lmadi.

Bepul sifatli tibbiy xizmat degan gaplar shunchaki yolg‘on. Hatto yaqinda kasalxonada davolanayotgan nabiramni jasadini chiqarib berishlariga sal qoldi. Qanchalik yomon hayot kechirayotganimizni tasavvur ham qila olmaysiz.

Menda moskvaliklarga nisbatan nafrat yo‘q. Shunchaki, hozir eng yaxshi ta’minot ularda bo‘lsa ham, moskvaliklar boshqa hududdagilarga doim qahr-g‘azablarini sochishadi. Bugun barcha hokimiyat ularning qo‘lida-ku! Moskvaliklar odatda ancha sovuq muomalali insonlar».

Olga, Novosibirsk:

«Ko‘pchilik Moskvani qarorlar qabul qilishni markazlashtirish, lobbistlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlardagi qazilma boyliklarni olishda mahalliy biznesmenlarni chetga surib, markaz kompaniyalari ularning o‘rnini egallab olishi kabi ishlar uchun yoqtirmaydi.

Bundan tashqari, ko‘pchilik Moskvani mintaqalar o‘rtasida teng aloqalar olib bormasligi, resurslarni markazdan turib boshqarishi va soliqlardan imtiyoz berilishi uchun yoqtirmaydi. Oddiy moskvaliklarning bularga aloqasi yo‘qligi aniq. Ammo Moskvani yoqtirmaslikning bir uchi ularga borib taqaladi».

Anton, Krasnoyarsk o‘lkasi:

«Bizning yerimiz (Krasnoyarsk o‘lkasi nazarda tutilmoqda) neft, gaz va nikelga juda boy. Ammo mintaqamizdan kelayotgan barcha mablag‘ Moskvaga ketadi. So‘ng, federal budjetdan Krasnoyarsk o‘lkasi uchun qancha pul ajratilishini Moskva hal qiladi. Oqibatda, o‘lkadan barcha pul olib ketilayotgani hamda mintaqani obodonlashtirish haqida hech kim shug‘ullanmayotgani ma’lum bo‘ladi.

Masalan, bizda davlatga katta foyda keltirayotgan «Norilskiy nikel» kompaniyasi bor. Ammo bugun Norilsk shahriga kirib bo‘lmaydi. Shaharning havosi zaharlanib bo‘lgan. Uni tozalashni hech kim o‘ylamaydi. Shu uchun bu yerda odamlar ifloslangan havo tufayli nisbatan yosh o‘lib ketyapti.

Yoki Krasnoyarskni oling. Mintaqadagi yirik gaz konlaridan muntazam gaz qazib olinmoqda. Ammo Krasnoyarskning o‘zi ham hali gaz bilan to‘liq ta’minlanmagan. Shahar yil davomida elektr energiyani GESlar va ko‘mir yoqadigan IESlardan oladi.

Shu sababli har yili qishda biz «qora osmon» rejimiga o‘tamiz. Butun shahar tumanday qora tutun bilan qoplanadi va umuman nafas olib bo‘lmay qoladi. Keyin esa Moskvadan ekologiya vaziri kelib, shahar meri va o‘lka gubernatoriga yangi yil oldidan zavod trubalarini Moskvadagi kabi bayramona chiroqlar hamda gulchambarlar bilan bezashni maslahat beradi. Ularning shahar havosi ifloslanyotgani bilan ishi yo‘q.

Mintaqa havosini zaharlayotgan fabrika va zavodlar o‘zi joylashgan sub’yekt uchun hech narsa bermaydi. Chunki ular Moskvada o‘tirgan janoblarga tegishli.

Shu o‘rinda mahalliy aholida tabiiy savol tug‘iladi: Nima uchun moskvaliklar, tabiatimizni yakson qilib, o‘zimizni zaharlab, yana pulimizni olib ketib, odamlarni o‘z uylarini tark etib ketishiga sababchi bo‘lyapti?

Bu holat hozir yaqqol ko‘rinmoqda: dahshatli ekologik falokat tufayli ko‘p odamlar haqiqatan ham bu mintaqadan boshqa joylarga ko‘chib ketmoqda.

Krasnoyarskda odamlar Moskva borligini umuman bilmaydi. Ular u yerda umuman bo‘lmagan, moskvaliklarni ko‘rmagan, ular uchun Moskva – bu mutlaqo boshqa mamlakat».

Nino, Yakutsk:

Yoqutiston mineral xomashyo zaxirasi bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rinda turadi. Uning xomashyo salohiyati 78,4 trillion rublni tashkil etadi. Rossiya olmosining 95 foizi Yoqutistonda qazib olinadi.

Respublika oltin qazib olish bo‘yicha mamlakatda 3-o‘rin, surma va qalay ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Yoqutistonda mamlakatda aniqlangan ko‘mir zaxiralarining 47 foizi, Sharqiy Sibir va Uzoq Sharqdagi tabiiy gaz va neft zahiralarining 35 foizi aniqlangan.

Yuqoridagi barcha manbalarni hisobga olgan holda, bunday boy respublika aholisining -50 daraja sovuq haroratda sharoitlari yaxshi bo‘lmagan uylarda yashashi to‘g‘rimi?

Respublikadan qazib olinayotgan qazilma boyliklar Yakutiyadagi aholi punktlarini bir-biri bilan bog‘laydigan oddiy yo‘llarni qurish uchun yetarli emasmi?

Bugun Yoqutiston aholisi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Aksariyat odamlar jiddiyroq davolanishga muhtoj bo‘lganda respublika markaziga bora olmaydi. Tuzukroq avtomobil yo‘llari bo‘lmagan ushbu respublikada buning iloji ham yo‘q.

Yozda respublika poytaxti Yakutsk shahriga borish uchun siz Xudodan yomg‘ir yog‘masligini yolvorib so‘rashingiz kerak. Aks holda, yarim yo‘lda qolib ketasiz.

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha o‘tkazilgan referendumda Yoqutiston aholisi sust qatnashdi (2020 yilda Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha o‘tkazilgan referendum nazarda tutilmoqda) va bu o‘zgarishlarga qarshi ovoz berganlar ham ko‘p bo‘ldi.

Natijalar e’lon qilinganida Yakutsk shahri meri respublika aholisining muxolifat tomonda bo‘lganiga va rasmiy Moskvaga nisbatan norozilik kayfiyatida ekaniga o‘zining hech qanday aloqasi yo‘qligi haqida mutlaqo to‘g‘ri gaplarni gapirdi: «Keling, odamlar qanday og‘ir sharoitda yashayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, ana shunda sizga hammasi tushunarli bo‘ladi».

Bu yerda gap Moskvani yoki moskvaliklarni yoqtirmaslik haqida emas, yoqutlar har doim o‘zlarini boshqa xalq, o‘zgacha til, turli urf-odatlarga ega ekanliklarini his qilib yashashgan. Bu yerda odamlar shunchaki hayot kechirmoqda, ularga siyosatning qizig‘i yo‘q.

Ammo respublika rahbari, Yoqutistonning tabiiy zaxiralari unga Birlashgan Arab Amirliklarida yuz berayotgan iqtisodiy tiklanishga erishishga imkon berishini e’lon qilganda, hamma uni masxara qiladi.

Haqiqatan Yoqutiston va BAA boyliklarining qiymati qariyb teng. Ammo Yoqutistonning Moskvaga beradiganlari va oladiganlari o‘rtasida katta tafovutlar borligi sababli bu respublika ikkinchi BAA bo‘lish u yoqda tursin, tuzukroq sharoitga ham ega bo‘lolmayapti. Qisqasi, boyliklar bisyor, yashash tarzi esa xarob. Nega shunday?»

Ko‘rinib turibdiki, Moskva bugun o‘zining yuqori turmush darajasi bilan boshqa mintaqalardan keskin ajralib turibdi. Buning ustiga moskvaliklarning aksariyati, boshqa mintaqalarning aholisini birgina o‘zi poytaxtlik bo‘lgani uchun kamsitishga tayyor.

Bugun Rossiyada poytaxt va federal sub’yektlar aholisi o‘rtasida zimdan nafratlanish bor va vaziyat ancha nosog‘lom. Ukrainaga qarshi boshlangan urush fonida bu nafrat battar kuchaymoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid