12 turdagi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar qanday holatlarda ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi ma’lum qilindi
Sud tomonidan ish tugatilishi uchun huquqbuzar o‘z aybiga iqror bo‘lishi, jabrlanuvchi bilan yarashishi va yetkazilgan zararni to‘lashi talab etiladi.
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidovga ko‘ra, yarashganligi munosabati bilan shaxsni ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish asoslari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-2-moddasida ko‘rsatilgan. Ushbu moddada 12 turdagi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, sud uni ma’muriy javobgarlikdan ozod qilib, ishni tugatishi mumkinligi belgilangan.
Ushbu norma Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning:
- 40-moddasida — tuhmat;
- 41-moddasida — haqorat qilish;
- 45-moddasida — fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish;
- 46-moddasida — fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish;
- 46-1-moddasida — shaxsiy hayot daxlsizligini buzish;
- 52-moddasida — yengil tan jarohati yetkazish;
- 61-2-moddasida — mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish;
- 104-moddasida — ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining dalada to‘plab qo‘yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo‘q qilib yuborish, ko‘chatlarga shikast yetkazish;
- 133-moddasida — transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
- 134-moddasida — haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi;
- 183-moddasida — mayda bezorilik;
- 200-moddasida nazarda tutilgan o‘zboshimchalik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha yarashuv shartlari bajarilgan hollarda tatbiq etilishi mumkin.
“Eslatish joizki, ushbu huquqbuzarlikni bir yil ichida takroran sodir etgan shaxs tomonlarning yarashganligi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
Ilgari birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z vaqtida jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplagan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan hamda jabrlanuvchi bilan yarashgan taqdirda ham ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish tartibi qonunchilikda mavjud emas edi.
Lekin huquqni qo‘llash amaliyotida er-xotin, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish va hamkasblar o‘rtasida kelishmovchilik ro‘y bergandan so‘ng o‘zaro yarashib, zararlar qoplanib, o‘rtalarida adovat qolmagan holatlar tez-tez uchrab turar, aksariyat hollarda taraflar yarashgan bo‘lsa ham, huquqbuzarlar ma’muriy jazoga tortilar edi. Tabiiyki, bu yaqin insonlar orasida adovat davom etishiga, ularning munosabatlariga sovuqlik tushishiga sabab bo‘lardi.
Endilikda qonunchilikda yarashuv institutining joriy etilishi natijasida bu kabi salbiy oqibatlarning oldi olinadi”, deydi Aziz Obidov.
Qayd etilishicha, 2022 yilning 9 oyi mobaynida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 388 524 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 40 117 tasi taraflar yarashuvi munosabati bilan tugatilgan.
Mavzuga oid
16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
13:57 / 29.10.2024
Skuter va samokatdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi
18:35 / 23.10.2024