O‘zbekiston | 15:52 / 01.11.2022
17498
13 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya faqat poraxo‘rlik degani emas: Manfaatlar to‘qnashuvi qonunida nimalar yozilgan?

Davlat bergan vakolatdan foydalanib, urug‘-aymog‘i bilan birga noqonuniy boylik orttirish, huquqiy tilda aytganda – manfaatlar to‘qnashuvi nihoyat qonun bilan tartibga solinadi. Hozircha jinoiy javobgarlik masalasi yo‘q: hatto bir yil ichida takroran sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ham faqat ma’muriy jarima belgilanyapti. Kun.uz Senatga yuborilgan qonundagi asosiy jihatlar bilan tanishtiradi.

Surat HKBEDC saytidan olinib, o‘zbek tiliga o‘girildi.

25 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Xo‘sh, minglab davlat xizmatchilari yo‘l qo‘yayotgan manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishni maqsad qilgan qonunda nimalar nazarda tutilgan? Kun.uz shu haqda to‘liqroq ma’lumot beradi.

Agar qonun Senatda ma’qullanib, prezident tomonidan imzolansa va kuchga kirsa, uning talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq qilinadi:

  • davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga;
  • davlat muassasalariga;
  • davlat unitar korxonalariga;
  • davlat maqsadli jamg‘armalariga;
  • ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga.

Qonunda manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga shunday ta’rif beriladi:

Manfaatlar to‘qnashuvishaxsiy manfaatdorlik shaxsning lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlat huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.

Hujjat bilan quyidagi shaxslar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof qilinmoqda:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimining yaqin qarindoshlari (yaqin qarindoshlar deganda ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari tushuniladi);
  • xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;
  • xodim yoki uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxs rahbari yoki boshqaruv organi a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.

Qonun bilan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimining manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi va bunga qo‘l ostidagilarni bevosita yoki bilvosita majburlamasligi belgilanmoqda.

Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, xodim o‘z ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar rahbari yoki maxsus bo‘linmani xabardor qilishi, boshqa xodimlarning shu kabi harakatlari yuzasidan ham xabar berishi kerak.

Qonunda davlat organlari xodimlari aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalarining 10 foizigacha egalik qilish huquqi berilmoqda.

Taklif etilayotgan normalarga ko‘ra, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari

  • o‘z xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish orqali shaxsiy naf olishga haqli emas;
  • xodimlar o‘zi ishlayotgan tashkilot nazorati ostidagi tashkilotlarning aksiyalariga yoki ulushlariga o‘zining yoki yaqin qarindoshlarining egalik qilishi va boshqaruv organi a’zosi bo‘lishi mumkin emas; bunday holatlarda ular o‘z ulushlarini 1 oy ichida sotishi yoki boshqaruv organlari a’zoligidan chiqishi kerak;
  • o‘zi ishlayotgan davlat tashkilotida o‘ziga taalluqli bo‘lgan yoki o‘ziga aloqadorlarga taalluqli ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishi mumkin emas;
  • o‘zi yoki o‘ziga aloqador shaxslar u faoliyat olib borayotgan davlat tashkilotining mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda ishtirok etishi mumkin emas.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bo‘lib, u manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq axborotni va materiallarni davlat organlaridan hamda boshqa tashkilotlardan so‘rab oladi hamda sohadagi faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, agentlik:

  • manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda bitim, qarorni hamda boshqa hujjatni bekor qilish to‘g‘risida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritadi yoki ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga da’vo kiritadi;
  • manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomaning hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi natijasida fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanishiga erishish ustidan nazoratni amalga oshiradi;
  • manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar haqida bayonnoma tuzadi, uni sudga ko‘rib chiqish uchun yuboradi va boshqalar.

Bundan tashqari, xar bir davlat organi va boshqa tashkilotlarga xodimlarini manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabardor qilish, bunday qarorlarni bekor qilish yoki o‘zgartirish, manfaatlar to‘qnashuvi natijasida yetkazilgan zarar qoplanishini ta’minlash kabi vazifalar yuklanmoqda.

Qonunning 13-19-moddalari bilan manfaatlar to‘qnashuviga doir axborotni oshkor qilish, xabarnoma va uni ko‘rib chiqish, deklaratsiyalash kabi protsessual harakatlar tartibga solinadi.

Qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvlari quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlar orqali aniqlanadi:

  • deklaratsiyalar;
  • davlat xaridlari davomida olingan takliflar, saralash yoki tender komissiyalari majlislari bayonnomalari, tuzilgan bitimlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimi faoliyatidagi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaatlari yoki xabarlari;
  • tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) ro‘yxatlari;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish moduli;
  • “FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimi;
  • O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy mehnat tizimi;
  • qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi;
  • maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan taqdimnoma.

OAV va internet tarmog‘ida manfaatlar to‘qnashuvi haqida ma’lumot tarqalganida, bu holatlar tegishli tartibda o‘rganib chiqiladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarida quyidagi choralardan biri ko‘riladi:

  • rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi xodimni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbar bo‘ysunuviga o‘tkazish;
  • xodimni manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;
  • xodimning lavozim majburiyatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish;
  • tashkilotning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axboroti va hujjatlaridan xodimning foydalanishini cheklash;
  • yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlar ustidan kollegial nazoratni ta’minlash;
  • xodim tomonidan o‘zi ishlayotgan tashkilotlar manfaatlariga zid bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;
  • shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish mumkin bo‘lmaganda, xodimning roziligi bilan uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish.

Muhim jihati, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimining roziligi bilan qabul qilinadi. Bunda afzallik, ustunlik berishga yoxud kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z xodimi bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa choralarni ham ko‘rishi mumkin.

Boshqa qoidalar:

  • manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va aniqlashda ishtirok etadigan xodimlar o‘ziga ishonib topshirilgan yoki xizmat majburiyatini bajarishda ma’lum bo‘lib qolgan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini oshkor etishi mumkin emas;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida har bir murojaati yoki xabari qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiriladi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrini yuritadi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Bunda ushbu qaror qabul qilinishi yoki bitim tuzilishi natijasida olingan foyda, bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmasdan, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi. Uning ijrosi bilan bog‘liq xarajatlar o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxs hisobidan qoplanadi. Manfaatlar to‘qnashuvi natijasida keltirilgan zarar aybdor xodimdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimi manfaatlar to‘qnashuvi yuzasidan qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi tashkilotga, Aksilkorrupsiya agentligiga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

Qonunning 29-moddasida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilangan. Lekin ayni vaqtda Ma’muriy yoki Jinoyat kodeksida bunday huquqbuzarlik turi mavjud emas. Shu sababli, ushbu qonun asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 193-4-modda bilan to‘ldirilmoqda. Ushbu moddada manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganlik uchun (xususan davlat xaridlari sohasida ham) turli klassifikatsiyaga ko‘ra bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 30 baravarigacha (hozirda 900 ming so‘mdan 9 mln so‘mgacha) jarima solinishi ko‘rsatilgan.

Ta’kidlab o‘tish kerak, faol jamoatchilik bunday huquqbuzarliklar uchun qattiqroq jazo choralari, xususan jinoiy javobgarlik belgilanishini kutgan edi. Lekin qonun loyihasi mualliflari va deputatlar huquqbuzarlik hatto bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda ham jarima belgilash bilan cheklangan.

Shuningdek, MJtK 245-10-modda bilan to‘ldirilib, unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdor shaxslariga ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish huquqi berilmoqda. Bayonnomalar ko‘rib chiqish uchun sudga yuboriladi.

Bundan tashqari, qonun to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilayotgan Fuqarolik kodeksi va qator hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilgan. Qonun – rasmiy e’lon qilinganidan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, hujjat ayni vaqtda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan.

Avvalroq Aksilkorrupsiya agentligi o‘rganishlarida ma’lum bo‘lgandiki, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd so‘mlik, Farg‘ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd so‘mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Mart oyida agentlik direktori Akmal Burhonov manfaatlar to‘qnashuvini avtomatik aniqlaydigan tizim ustida ishlar hali davom etayotganini aytgandi.
 

Farrux Absattarov tayyorladi.

Mavzuga oid