Jahon | 14:41 / 01.11.2022
5064
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya qurolli kuchlari jangovar tayyorgarlikni oshirdi

«Rossiya o‘z jangovar harakatlarni kengaytirishi haqida hech qanday alomat yo‘q», biroq kuchaygan keskinlik Osloni jangovar tayyorgarligini oshirishga majbur qilmoqda, dedi bosh vazir.

Foto: Shutterstock

Norvegiya qurolli kuchlari 1 noyabr, seshanba kunidan boshlab tayyorgarligini oshirib, rejalashtirish strategiyasining yangi bosqichiga o‘tmoqda. Bu haqda Norvegiya hukumati xabar berdi.

O‘zgartirishlar Norvegiya mudofaa vaziri Byorn Arrild Gramning tavsiyasiga ko‘ra amalga oshirilmoqda va «Yevropa xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy vaziyatga» javobdir, deb xabar qildi mamlakat vazirlar mahkamasi.

«Rossiyaning boshqa mamlakatlarga nisbatan o‘z jangovar harakatlarini kengaytirishi haqida hech qanday alomat yo‘q, ammo keskinlikning kuchayishi bizni tahdidlar, razvedka faoliyati va xorijiy ta’sirga ko‘proq duchor bo‘layotganimizni bildiradi. Bu barcha NATO davlatlarini, jumladan, Norvegiyani hushyorroq bo‘lishga majbur qiladi», deb tushuntirdi bosh vazir Yonas Gar Styore.

Hukumat Ukrainada urush boshlanishidan oldin jangovar tayyorgarlikni kuchaytirgan va shundan beri uni bir necha bor yanada oshirgandi. So‘nggi haftalarda Norvegiya Mudofaa vazirligi Shimoliy dengizdagi muhim infratuzilma yaqinida patrul xizmatini kuchaytirdi. Norvegiya mahalliy mudofaa bo‘linmalari politsiya yordamida quruqlikdagi muhim infratuzilmani himoya qilishni davom ettiradi. 

Rejalashtirishning yangi bosqichi «bu yerda va hozir» tayyorgarlik ustuvor bo‘lishini anglatadi, barcha qadamlar ham oshkor etilmaydi va hamma narsa ham aytilmaydi, dedi mudofaa mahkamasi boshlig‘i. 

Norvegiya qurolli kuchlari shaxsiy tarkibining vazifalari va faoliyati o‘zgaruvchan ustuvorliklarga muvofiq o‘zgartiriladi, deya bildirdi hukumat. 

Osloning ittifoqchilari, xususan, Shimoliy dengizdagi patrullarga hissa qo‘shmoqda. 

«Biz kuchli mudofaa ittifoqining a’zosimiz. Bu bizga xavfsizlik hissini beradi», dedi Yonas Gar Styore. 

Avvalroq Norvegiya Arktika universiteti (Tromsyo universiteti)ning oktyabr oyida hibsga olingan, o‘zini braziliyalik professor Joze Assisa Jiammaria deb atagan xodimi aslida Rossiya fuqarosi, RF harbiy razvedkasi zobiti Mixail Mikushin ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Norvegiya politsiyasi xavfsizlik xizmati (PST) 28 oktyabr kuni u josuslikda ayblangani haqida xabar berdi. 

Belligcat va The Insider surishtiruv portallari xabar berishicha, ular Mikushinning Rossiya maxsus xizmatlariga tegishli ekanligini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lishgan. 

Mavzuga oid