O‘zbekiston | 13:07 / 02.11.2022
37328
4 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov: “Maktab yerini boshqalarga berganlar - kelajakka investitsiyani sariq chaqaga sotganlardir” 

Ta’lim maskanlari tasarrufidagi binolar va yer uchastkalari Xalq ta’limi vaziri ruxsatisiz boshqalarga o‘tkazilmasligi bo‘yicha maxsus qaror bo‘lishiga qaramay 198 ta holatda 70 gektar yer maydoni va 19 ta binolar hokimlar qarori bilan maktablardan olib qo‘yilgan yoki o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Foto: Prezident administratsiyasi

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning maxsus topshirig‘iga asosan 1 noyabr kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda xalq ta’limi sohasida yuzaga kelgan muammolar muhokama qilindi. 

“Davlatimiz rahbari bunday holatlar bo‘lishi mumkinligini oldindan bilib, 2018 yildayoq №3931 raqamli qarorga imzo chekkanlar. Unga ko‘ra maktablar tasarrufidagi yer maydonlari va binolar faqat Xalq ta’limi vaziri roziligi bilangina olinishi mumkin.

Lekin o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hamma o‘zicha maktab yeriga egalik qilgisi kelyapti. E’tibor bering – ta’lim maskanlari tasarrufidagi binolar va yer uchastkalari Xalq ta’limi vaziri ruxsatisiz boshqalarga o‘tkazilmasligi bo‘yicha alohida qaror bo‘lishiga qaramay 198 ta holatda 70 gektar yer maydoni va 19 ta binolar hokimlar qarori bilan maktablardan olib qo‘yilgan yoki o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Ayniqsa Andijon viloyatida 25, Samarqandda 7,6, Qashqadaryoda 7 gektardan ortiq maydon vazir bilan kelishilmasdan, hokimliklar qarori bilan o‘zgalar tasarrufiga o‘tib ketgan.

Markazlarda, ko‘pchilikka qulay joyda joylashgan yer maydonlari qanday qilib berilganini bilish uchun katta aql shart emas”, – dedi Sardor Umrzoqov yig‘ilganlarga qarata.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ayni paytda 6,4 mln o‘quvchi bo‘lgani holda 5,2 mln o‘quvchi o‘rni borligi, yana har yili o‘rtacha 200 ming o‘rin yaratish zarurligiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, vazir yuqoridagi holatlar bo‘yicha bosh prokuraturaga xat kiritilganini va jiddiy o‘rganish olib borilayotganini bildirdi.

“Maktab yerini boshqalarga berganlar kelajakka investitsiyani sariq chaqaga sotganlardir. Aholimiz soni o‘sishini ko‘ryapsizlar. Maktablar hozirdan katta yuklama bilan ishlayapti. Hozir davlat rahbari tomonidan yangi binolar qurishga katta mablag‘ ajratilgan. Maktablar yerini berib yuboraversak, ertaga binolarni qayerda quramiz? Mana shu 198 ta holatning har biri o‘rganilib, axborot berilsin”, – deya administratsiya rahbari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.    

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov vaziyatga shunday izoh berdi:

“Bu yerlarning hammasi noqonuniy olingan deb bo‘lmaydi. Andijon viloyatida bunday yerlardan odatda davlat-xususiy sherikchilik asosida foydalanilyapti. Misol uchun Buloqboshi tumanidagi maktabning 5,5 gektar maydoni bor. Bu juda katta yer. Biz uning bir chetida DXSh asosida sex ochdik va 200 kishini ish bilan ta’minladik. Lekin hurmatli Sardor O‘ktamovich ko‘rsatib o‘tgan o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yerni sotib yuborish kabi holatlarga ham bir paytlar afsuski, yo‘l qo‘yilgan. Biz bularning har birini o‘rganib, joy-joyiga qo‘yib qo‘yamiz”.

Yig‘ilishda bosh prokuraturaga vaziyatni nazoratga olish va qonuniy choralar ko‘rish, yerlarni qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritish vazifasi yuklandi.

Mavzuga oid