Jahon | 20:40 / 04.11.2022
11860
2 daqiqa o‘qiladi

G7 Eronni boshqa davlatlarga harbiy dron yetkazib berishda ayblamoqda 

«Katta yettilik» guruhiga kiruvchi davlatlarning tashqi ishlar vazirlari Eronni boshqa davlatlarga harbiy dronlarni yetkazib berishda aybladi. 

Foto: Reuters

Yettilik guruhi (G7) davlatlari tashqi ishlar vazirlari Germaniyaning Myunster shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Eronni boshqa davlatlar va nodavlat tashkilotlarga uchuvchisiz uchish apparatlarini (harbiy dronlarni) yetkazib berishda aybladi. 

G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlari bayonotida Eronning Yaqin Sharq va uning atrofidagi vaziyatni beqarorlashtirish harakatlari qoralangan.  

Unda Tehronning ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, dronlar bilan bog‘liq harakatlari qayd etilgan. Eron harbiy dronlarni boshqa davlatlarga yetkazib berishda ayblangan. 

Avgust oyida The Washington Post gazetasi Eron Rossiyaga o‘z dronlarini yetkazib berayotgani haqida maqola chop etgan edi. Keyinchalik Amerika ma’muriyati vakillari tomonidan shunga o‘xshash bayonotlar qilindi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni uydirma deb atadi.  

Sentyabr oyi oxirida Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Tehron Ukrainadagi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligi, Kiyevga ham, Moskvaga ham chet el qurollari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytgan edi. 

G7 yoki «Katta yettilik» — norasmiy xalqaro klub bo‘lib, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya va Yaponiyani birlashtiradi. 

Mavzuga oid