O‘zbekiston | 15:21 / 04.11.2022
6615
5 daqiqa o‘qiladi

Tajriba-sinov tarzida maktablarda onlayn ta’lim joriy etilmoqda

Shu o‘quv yilining 2-choragidan boshlab Toshkentda tajriba-sinov tarzida “Online maktab” dasturi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, masofaviy ta’lim uchun 60 nafar 7-sinf o‘quvchilari o‘z ixtiyori va ota-onalarning roziligi bilan saralab olinadi. Xalq ta’limi vazirligi saralash imtihonlarining tartibi, masofaviy ta’lim qanday ko‘rinishda joriy etilishini ma’lum qildi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Bunda maktab ma’muriyati o‘quvchilarning ota-onalari bilan anketa-so‘rovnomalarini o‘tkazib, uning natijalariga ko‘ra talabgor o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Online maktab”da o‘qitish bo‘yicha barcha jarayonlar Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan nazorat qilib boriladi.

Tanlov jarayonlari qanday tashkil etiladi?

O‘quvchilarni saralash shu yil 5 noyabrda kirish testi shaklida o‘tadi. Bunda bolaning dastlabki bilim darajasini aniqlash va o‘zlashtirishi qanday ekanligini bilish ko‘zda tutilgan.

Sinov natijalariga ko‘ra, keyinroq 30 nafardan o‘zbek va rus sinflari shakllantirilib, jami 60 nafar o‘quvchi masofaviy ta’lim olishga yo‘naltiriladi.

O‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan oshmagan qismi nogironligi tufayli uyda yakka tartibda tahsil olayotgan o‘quvchilar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda “Ayollar daftari”, “Temir daftar”da ro‘yxatga qo‘yilgan kam ta’minlangan oila farzandlari tomonidan shakllantirilishi kutilmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, yuqoridagi shartlar asosida tanlab olingan o‘quvchilarga “Lider bolalar maktabi” nodavlat ta’lim muassasasida masofaviy bepul ta’lim beriladi.

Masofaviy ta’lim qay tartibda olib boriladi?

Qayd etilishicha, masofaviy ta’lim uchun “Online maktab” platformasi yaratilgan. Saralab olingan bolalar mana shu platformada yuritiladigan maktabning o‘quvchilar qatoriga qo‘shiladi.

Unda umumta’lim muassasalarining 7-sinflari uchun barcha fanlar bo‘yicha onlayn dars materiallari jamlangan bo‘ladi. Platformadagi har bir videodars davomiyligi 9 daqiqagacha davom etadi.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, masofadan o‘qitish jarayonlarida o‘quv dasturlarini ekranda o‘rganayotgan o‘quvchilarga har 20 daqiqadan so‘ng tanaffus beriladi. Ularga biriktirilgan pedagoglar o‘zlashtirishdan orqada qolayotgan o‘quvchilar bilan individual (yakka tartibda) ish olib boradi.

“O‘quv jarayonlari O‘zbekistonda belgilangan o‘quv dasturlari, o‘quv reja va darsliklar asosida, sinxron (onlayn) va asixron (platformada mustaqil o‘rganish) tartibida tashkil etiladi.

Tajriba-sinov yakunlari bo‘yicha kelgusida umumiy o‘rta ta’lim bosqichida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish bo‘yicha zarur takliflar tayyorlanadi”, – deyiladi xabarda.

O‘quvchilarni baholash va ta’tillar

Ma’lum qilinishicha, o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirib borish ko‘rsatkichlari test, ijodiy va boshqa turdagi topshiriqlardan olgan 1 dan 5 gacha bo‘lgan ball tizimida olib boriladi. O‘quvchilarning baholash yakunlari sinf jurnallarida qayd etiladi.

Masofaviy ta’limda kuzgi, qishki, bahorgi va yozgi ta’tillar ham ko‘zda tutilgan. Bu davrlarda o‘quv platformasiga kirish imkoniyati saqlab qolinadi hamda ta’til davrlarida qo‘shimcha darslar yoki o‘quvchilar bilan oflayn uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin.

Ota-onalarning vazifalari qanday?

Xalq ta’limi vazirligi xabar so‘ngida masofaviy ta’limga biriktirilgan o‘quvchilarning ota-onalari farzandlariga yetarli shart-sharoitlar yaratib berishini, imkon qadar o‘tkazilayotgan videodarslarni kuzatib borishini iltimos qilgan.

Shuningdek, vazirlik farzandlarining berilgan uy vazifalarini bajarishini nazorat qilib borishlari va maktab ma’muriyati hamda o‘qituvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lib borishlarini so‘rab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston maktablarida onlayn ta’lim olish shakli birinchi marotaba tashkil qilinayotgani yo‘q. So‘nggi marotaba shu yili qishki ta’til tugashi bilan 24 yanvardan boshlab barcha davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim boshlangan edi.

Lekin keyinroq oflayn ta’lim boshlangach onlayn ta’lim qanday o‘tgani, uning natijalari haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingani yo‘q.

Iyul oyiga kelib, oliy ta’lim tizimida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish bo‘yicha tegishli qaror loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng, oktyabr oyida oliygohlarda bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlarni tayyorlashni tashkil etish tartibi belgilandi, bunga bog‘liq nizom ham tasdiqlandi.

Mavzuga oid