Fan-texnika | 19:47 / 07.11.2022
55562
2 daqiqa o‘qiladi

Apple iPhone ishlab chiqarishni qisqartirdi 

Bunga iPhone 14 va iPhone 14 Plus modellariga bo‘lgan talabning juda pastligi sabab bo‘lgan. 

Foto: Rungroj Yongrit / EPA / TASS

Apple yil oxirigacha iPhone 14 smartfonlarini dastlab taxmin qilinganidan kamida 3 million dona kam, 90 million emas, balki 87 million dona ishlab chiqaradi. 

Bloomberg manbalariga ko‘ra, buning sababi – nisbatan arzonroq iPhone 14 va iPhone 14 Plus smartfonlariga talabning past ekani. 

Shuningdek, Apple o‘zining asosiy zavodi joylashgan Xitoyning Chjenchjou shahridagi karantin cheklovlaridan aziyat chekmoqda. 

Jefferies tadqiqotchilari tahliliga ko‘ra, iPhone 14 va Plus sotuvi juda tez pasayib ketgan. Bu modellar iste’molchilar orasida ommalashmagani bois, kompaniya ularni ishlab chiqarish rejasini qisqartirgan. 

Shu bilan birga, Apple kompaniyasi qimmatroq iPhone 14 Pro va Pro Max modellariga talab yuqori ekanini ma’lum qilib, Chjenchjou shahridagi karantin cheklovlari tufayli ularni ishlab chiqarish hajmi ham pasayishini ma’lum qilgan. 

Avvalroq Apple yangi smartfonlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish maqsadida ayrim modellar narxini pasaytirishni boshlagan edi. 

iPhone 14 nega hech kimga kerak emas? Ekspertlar fikriga ko‘ra, iPhone 13 va 14 o‘rtasida sezilarli farq yo‘q. iPhone 14 Pro esa ko‘p narsalarni taklif etadi: yangi A16 Bionic protsessor, Dynamic Island, ekran chastotasi 1 dan 120 Gs, Always On Display rejimi, shuningdek, yangi 48 megapikselli kamera. 

Mavzuga oid