Jahon | 21:21 / 07.11.2022
13554
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi saylovlardan keyin Ukrainaga yordam masalasi qanday bo‘lishini ma’lum qildi 

Respublikachilar partiyasi AQSh Kongressi saylovlarida g‘alaba qozonsa, Ukrainaga yordam to‘xtab qolmaydi, ammo hisobdorlik kuchayadi. 

Kevin Makkarti / Foto: CNN

Respublikachilar partiyasi Qo‘shma Shtatlardagi oraliq saylovlarda g‘alaba qozonsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, ammo harbiy va moliyaviy yordam ustidan nazoratni kuchaytirishni talab qiladi, dedi respublikachi kongressmen Kevin Makkarti. 

«Men Ukrainani juda qo‘llab-quvvatlayman. Lekin menimcha, oldinga siljishimiz uchun hisobdorlik kerak. Bo‘sh chek berish o‘rniga, resurslar kerakli joyga jo‘natilishini ta’minlashimiz kerak. Buni Vakillar palatasi va Senatda ochiq muhokama qilishni ta’minlash kerak», - deb tushuntirdi Makkarti. 

Kongressmen ta’kidlaganidek, Respublikachilar partiyasi saylovda g‘alaba qozonsa, birinchi darajali masala Ukraina emas, balki AQSh-Meksika chegarasidagi vaziyat bo‘ladi. Shuningdek, u migratsiya inqirozi jiddiy muammo ekanini va uni hal qilish kerakligini qo‘shimcha qildi. 

«Avvalo, chegara nazoratini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ko‘rasiz. Biz chegaralarni nazorat qilishimiz kerak. Birgina joriy yilning o‘zidayoq 2 million odam chegarani kesib o‘tdi», — dedi Makkarti. 

Avvalroq, Yevropa Ittifoqi respublikachilarning AQSh Kongressi saylovlarida g‘alaba qozonishi natijasida Ukrainaga yordam to‘xtab qolishidan xavotir bildirishgan edi. 

Qo‘shma Shtatlardagi oraliq saylovlar prezidentning to‘rt yillik muddati o‘rtasida, noyabr oyida o‘tkaziladigan umumiy saylovdir. Oraliq saylovlar davomida AQSh Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni va AQSh Senatidagi 100 o‘rindan 33 yoki 34 tasiga nomzodlar saylanadi. 

Oraliq saylovlar 8 noyabr kuniga belgilangan. So‘nggi so‘rovlar natijasi Respublikachilar partiyasi vakillarining eng ko‘p ovoz olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. 

Mavzuga oid