Iqtisodiyot | 18:04 / 07.11.2022
56269
7 daqiqa o‘qiladi

“Oldin bunday mavzularni yakka tartibda muhokama qilishning ham iloji yo‘q edi” – Iqtisodiy forumdan keyingi xulosalar

3-4 noyabr kunlari Samarqandda II O‘zbekiston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik ochiq va samimiy munozaralarda mamlakatni isloh qilish bo‘yicha tuzilgan yo‘l xaritasidan tortib, xususiylashtirish, geosiyosat, gender tengligigacha bo‘lgan barcha masalalar ko‘rib chiqildi. “Atigi bir yil ichida O‘zbekiston iqtisodiy forumi mintaqadagi eng yirik tadbirga aylandi”, deya ta’kidladi forum moderatori Rayan Chilkot.

“Islohotlarni davom ettirish zarur”

Anna Berde, Jahon banki vitse-prezidenti:

Foto: Uzbekistan Economic Forum

— O‘zbekiston hukumati 2017 yildan buyon ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu bilan birga, global inqirozlar va noaniqlik davrida tashqi ta’sirlarga yaxshiroq bardosh berish maqsadida hamda barqaror va inklyuziv iqtisodiyot qurish uchun islohotlarni davom ettirish zarur.

“Energetika tarmog‘i islohotlari tariflar bo‘yicha davom etadi”

Munir Feroziy, Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFS) mintaqaviy menejyeri va rahbari

Foto: Uzbekistan Economic Forum

— Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida “Energetika tarmog‘i: iqtisodiy o‘sishning asosiy omili va xorijiy investitsiyalar” mavzusidagi sessiyada moderatorlik qildim.

Muhokama qilingan bir nechta asosiy mavzular:

  • O‘zbekiston energetika tarmog‘i islohotlari yo‘lidan boradi. Bu tariflar bo‘yicha davom etadi;
  • 2030 yilga borib energiya ishlab chiqarish quvvatlari 13 GVtdan 29 GVtgacha o‘sishi bo‘yicha ulkan rejalar mavjud;
  • 2026 yilga borib qayta tiklanadigan manbalar energiya ta’minotining 25 foizini tashkil etishi kutilmoqda;
  • tarqatish va uzatish quvvatiga katta miqdorda sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
  • energetika tarmog‘iga jalb qilinadigan investitsiyalarda xususiy sektor muhim rol o‘ynashda davom etadi;
  • O‘zbekiston sarmoyadorlar uchun tanlagan manzilga, qo‘shni davlatlar uchun esa o‘rnak bo‘ladigan davlatga aylandi.

Meni va boshqa barcha ishtirokchilarni qiziqarli suhbatga taklif qilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga rahmat aytaman. 

“Davlat iqtisodiyotni boshqarishidan iloji boricha tezroq chetlanishi kerak”

Zafar Hoshimov, Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i rahbari:

Foto: Uzbekistan Economic Forum

— Kechagina Samarqand shahrida o‘z ishini yakunlagan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi haqida qatnashchi sifatida shuni aniq va dadil ayta olamanki, tadbir juda samarali o‘tdi.

Forumdan olgan xulosalarning bir dastasini sanab o‘tmoqchiman:

  • inflatsiya yaqin bir necha yil mobaynida nafaqat mamlakatimiz, balki umumjahon darajasida eng dolzarb muammo va tahlika bo‘ladi;
  • pandemiyadan so‘ng hali jahon iqtisodiyoti o‘zini tiklab olmagan davrda Rossiyaning Ukraina bilan boshlagan urushi, nafaqat bu mamlakatlar, balki butun dunyo iqtisodiyotiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
  • bu sharoitda iqtisodiyotimiz o‘sish ko‘rsatkichlarini yuqori darajada ushlab turish yanada murakkab vazifaga aylanmoqda va uni yechish uchun mamlakatimizda oxirgi besh- olti yilda olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish lozim;
  • o‘sish sur’atlarini ushlab turish uchun chuqurroq tizimli o‘zgarishlarni boshlash: xususiylashtirishni jadallashtirish, davlat iqtisodiyotni boshqarishidan iloji boricha tezroq chetlanishi, inflatsiyaga javoban davlat xarajatlarini keskin qisqartirish, xalqaro savdoni erkinlashtirish, JSTga kirishni tezlashtirish masalalari turadi;
  • yuqori inflatsiya sharoitida chet eldan olinadigan kreditlar narxi keskin o‘sayotgani sababli, mamlakatimiz ichida bank islohotlarini jadallashtirish;
  • logistika va transport taqchilligi hamda an’anaviy iqtisodiy hamkorlarimizda ro‘yobga kelayotgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda eksport va import bozorlarimizni diversifikatsiya qilish hamda yangi transport koridorlar va logistik yechimlar izlash;

iqtisodiy o‘sishni barqarorlik tamoyillari asosida amalga oshirish, ya’ni atrof-muhit va ekologiya, huquqiy kafolatlar, ijtimoiy masalalar, jumladan, gender tenglik, yoshlar siyosati, inklyuzivlik, iqtisodiyotimizda korporativ boshqaruv andozalarini tatbiq etish va rivojlantirish orqali rejalarimizni amalga oshirish;

“Bu forum xatolar va noaniqliklar bo‘yicha yoqimsiz gaplarni eshitish mumkin bo‘lgan platforma”

Otabek Bakirov, iqtisodchi

— Forum kerakmi va u qancha investitsiyalar effektini beradi, degan masala bo‘yicha. Avvalambor, bu investforum emas, iqtisodiy forum. O‘zbekistonga o‘xshagan mulk huquqi va institutlar sifati borasida jiddiy muammolar bor davlatlarda investforumlar rostdan ham uncha samarali emas. Iqtisodiy forumda iqtisodiy qarorlar, tendensiyalar, chaqiriqlar muhokamada bo‘ladi. Avval ham yozilganidek, O‘zbekiston xuqumatiga ob-havodan keyingi o‘rinda tashqi institutlarning ta’siri turadi. Bu forum xatolar va noaniqliklar bo‘yicha yoqimsiz gaplarni eshitish mumkin bo‘lgan platforma. O‘zbekiston kabi davlatlarda iqtisodiy xatolar qilish juda oson, ularni to‘g‘rilash juda qiyin. Xatolarga qarshi ichki tiyib turish institutlari yo‘q hisobi. Shuning uchun muloqotlar, faqat sifatli muloqotlar bizga juda kerak.

Forum Davos forumiga aylanmasligi aniq, yoki Peterburg yo Astana forumigayam hali ancha bor. Bunga yillar kerak. Lekin iqtisodiy qaror qabul qiluvchilar uchun bu forum albatta kerak.

“Oldin bunday mavzularni yakka tartibda muhokama qilishning ham iloji yo‘q edi”

Rayan Chilkot, moderator, Bloomberg va CNN bitiruvchisi

Foto: Uzbekistan Economic Forum

— II O‘zbekiston iqtisodiy forumi yalpi majlislariga moderatorlik qilishga taklif etilganim men uchun chinakam sharaf bo‘ldi. Atigi bir yil ichida O‘IF mintaqadagi eng yirik tadbirga aylandi, unda butun dunyodan 1500 dan ortiq ishtirokchilar yigirma sakkiztadan ortiq panel muhokamalarida fikr almashish uchun Samarqand shahriga to‘planishdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili Toshkentda bo‘lib o‘tgan ilk forumga nisbatan ishtirokchilar va sessiyalar soni bo‘yicha ikki baravar ko‘p.

Ikki kunlik ochiq va samimiy munozaralarda mamlakatni isloh qilish bo‘yicha tuzilgan yo‘l xaritasidan tortib, xususiylashtirish, geosiyosat, gender tengligi, inson qadri va mamlakat o‘sishigacha bo‘lgan barcha masalalar ko‘rib chiqildi. Bundan olti yil avval jonli efirda uzatiladigan munozarada yuzlab xorijliklar u yoqda tursin, bunday mavzularni yakka tartibda muhokama qilishning ham iloji yo‘q edi.

Demirjan Köse, Dal Xolding guruhi moliya direktori

— O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik mashaqqatli dastur natijalari keyinroq aniq bo‘ladi.

Mavzuga oid