O‘zbekiston | 15:39 / 08.11.2022
6637
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – Vengriya: Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi muloqot va hamkorlik

O‘zbekiston – Budapeshtning Markaziy Osiyodagi, ayniqsa, Vengriya kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Turkiy kengashdagi muhim sherigi hamda Yevropadagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanib kelayotgan do‘st davlatlardan biri hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy-diplomatik, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar muntazamlik kasb etib, uning rivojlanib borayotganligi kuzatilmoqda. Shubhasiz, Vengriya bosh vazirining Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammitida ishtirok etishi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarning yangi qirralarini ochishga hamda anjumanning samarali o‘tishida muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Ikki tomonlama va Turkiy davlatlar tashkilotidagi o‘zaro aloqalarning shakllanishi va rivojlanishini hamda istiqbolini  bir qancha omillar belgilab bermoqda.

Birinchidan,  Vengriya 1991 yil 26 dekabr kuni O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan va mamlakatimizning Yevropa yo‘nalishidagi vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli sheriklaridan biri hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992 yil 3 mart kuni o‘rnatilgan. O‘zaro aloqalarning rivojlanishiga 1997 yilda Vengriya prezidentining O‘zbekistonga tashrifi muhim ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2019 yil 15 oktabr kuni Boku shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammiti doirasidagi samarali uchrashuvi tashkilot doirasidagi o‘zaro muloqotga va munosabatlarda yangi davrni boshlab berdi. Joriy yildagi davlatimiz rahbarining Vengriyaga rasmiy tashrifi o‘zaro aloqalarni zamonaviy sharoitlarga mos strategik sherikchilik bosqichga olib chiqishga yangi imkoniyatlar yaratdi.

Ikkinchidan, strategik sherikchilikda yangi tendensiyalar vujudga keldi. Oliy va yuqori darajalarda doimiy siyosiy muloqotlar olib borilmoqda. O‘zaro munosabatlarning mustahkam huquqiy bazasi yaratildi hamda parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu borada, ustuvor yo‘nalish sifatida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, farmatsevtika, agrosanoat majmui, mashinasozlik, suvni tejash va boshqa yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlar amalga oshirishga kirishildi. Shuningdek yangi yo‘nalish sifatida atom energetikasi bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik dasturini yo‘lga qo‘yayotgani alohida ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, xududlararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlari hamda Vengriyaning Peshten, Vesprem va Feyyer viloyatlari hokimliklari rahbarlarining o‘rinbosarlari rahbarligida doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruhlar tashkil etilmoqda.

 Ikkinchidan, davlatlararo, ikki davlatning mintaqaviy munosabatlarida faollik va mas’uliyatlilik hamda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda o‘xshashlik va yaqinlik muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, O‘zbekiston oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda iqtisodiy jarayonlarni harakatga keltiruvchi kuchga aylanib bormoqda. Vengriya esa demokratik qadriyatlari hamda geosiyosiy joylashuvi va geoiqtisodiy salohiyati, aholining bilim darajasi yuqoriligi, zamonaviy infrastruktura va faol tashqi iqtisodiy diplomatiya olib boryapti. Ayniqsa zamonaviy iqtisodiy siyosat tajribasi  ishsizlikning oldini olishga samaradorligi bilan faxrlanadi. Masalan, 2010 yilda Vengriya juda qiyin iqtisodiy ahvolda bo‘lgan: ishsizlik 12,5 foiz, 10 mln aholidan 1,8 mln soliq to‘lanarkan. Hozir esa ishsizlik 3,5 foiz, 4,5 mlnga yaqin odam soliq to‘laydi, bu esa budjet tushumi ko‘payishiga va o‘z o‘rnida ijtimoiy himoya borasida davlat tashabbuskorligiga keng imkoniyatlar ochib berdi. Yana bir jihati shundaki,  Vengriya texnologik jihatdan rivojlangan bo‘lib, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalana olish tajribasi yuqori darajada. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda ham pragmatik yondashuvni amalga oshirib kelmoqda. Vengriya Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga qo‘shilgan.

Uchinchidan, ikki davlatning ham Turkiy davlatlar tashkilotida ko‘p tomonlama muloqotda o‘ziga xos mavqega va rivojlanish istiqbollariga egaligi, mintaqa  muammolarini kun tartibiga aylantirish bo‘yicha pragmatik va konstruktiv yondashuv hamda tashabbuskorlik kuzatilmoqda. Vengriyaning Turkiy davlatlar tashkilotidagi faoliyatida Osiyoga yo‘nalishi oshib borayotganligini, Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik bo‘lishidagi harakatini kuzatish mumkin. Bu borada Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi va TDT doirasidagi hamkorlik munosabatlari ham xuddi shunday ruhda rivojlanmoqda.

To‘rtinchidan, Vengriya – Yevropaning eng tez o‘sib borayotgan iqtisodiyotlaridan biri, qishloq xo‘jaligi, savdo, turizm, moliya va axborot texnologiyalari sohalarida ulkan salohiyatga ega davlat. Budapesht asosiy e’tiborni milliy ishlab chiqaruvchilarga va ularni globallashuvdan o‘ziga bozor qurish uchun foydalangan yirik korporatsiyalar manfaatiga zid ravishda qo‘llab-quvvatlashga qaratyapti. O‘z navbatida bu siyosat Vengriyaning iqtisodiy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashi va Yevropa Ittifoqidagi qo‘shnilariga nisbatan farqlanishiga xalqaro maydonda o‘zaro hamkorlik qilish uchun ko‘proq imkoniyatlarni saqlab qolmoqda.

Beshinchidan, Vengriya mustaqil tashqi siyosat yuritayotgan kam sonli davlatlardan biri, buning dalili ham possovet davlatlari bilan hamkorlik, ham Turkiy tilli davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomidir, Vengriya Yevropa Ittifoqida qadriyatlar va iqtisodiy mavqei masalalarida ham alohida o‘rin  egallaydi. Iqtisodiy modeli jihatidan Vengriya qo‘shnilaridan juda farq qiladi. Viktor Orban hokimiyat tepasiga kelganida, globallashuv formati va Vengriyaning globallashuvdagi ishtiroki qayta ko‘rib chiqildi.

Oltinchidan, ikki davlat madaniy gumanitar sohadagi hamkorlikda mamlakatlar olimlari ikki davlat tarixi va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ta’lim sohasi  o‘zaro aloqalarining istiqbolli yo‘nalishi sifatida rivojlanmoqda. Bugungi kunda ushbu mamlakat ta’lim muassasalarida O‘zbekiston fuqarolari ham tahsil olyapti. Vengriya oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun qo‘shimcha kvotalar ajratildi, jumladan Vengriya hukumatining «Stipendium Hungaricum» stipendiya dasturi doirasida O‘zbekiston va Vengriyaning yetakchi ta’lim muassasalarini jalb etgan holda qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqildi, shuningdek, davlatlarning universitetlari orasida aloqalar shakllanib bormoqda. Mamlakatlar shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga ahamiyat berilmoqda. Xususan, Toshkent va Budapesht, Farg‘ona viloyati va Dabash shahrini sheriklik munosabatlari bog‘lab turibdi.

Shunday qilib, bugungi kunda ikki tomonlama va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, strategik sheriklik darajasiga olib borilmoqda. Istiqbolda, ikki davlat mintaqaviy tashkilotlardagi ishtirokining zamonaviy ijobiy tajribasi TDT doirasida o‘zaro muloqotni va pragmatik fikr almashishni kuchaytirish asosida strategiyalar va yirik loyihalar ishlab chiqish uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, umumiy manfaatlarni himoya qilishda jamoaviy yondashuv ijobiy natijalarga olib keladi. Ikki tomonlama hamkorlikda  ayniqsa iqtisodiy, innovatsion-texnologik sohalarda raqobatbardosh ustunliklarga ega bo‘lishlariga imkon beradi hamda ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalardan foydalanishning dolzarb mavzulari, suv resurslarini boshqarish, farmatsevtika, bio va atom texnologiyalari sohasidagi o‘zaro aloqalarning o‘ziga xos yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

S.A.Jo‘rayev
Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti
professori, siyosatshunoslik fanlari doktori

Mavzuga oid