O‘zbekiston | 07:36 / 09.11.2022
6778
5 daqiqa o‘qiladi

Avtomaktablar o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash tartibi e’lon qilindi

Ichki ishlar vazirining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni tashkil etish haqida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Sputnik

Nizom avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tartibini belgilaydi.

Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Avtomaktablar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etiladi.

Avtotransport sohasidagi oliy ta’lim muassasasini “Harakat xavfsizligini ta’minlash” ta’lim yo‘nalishi (mutaxassislik) bo‘yicha tugatganlardan tashqari barcha o‘qituvchilar qayta tayyorlashdan o‘tishi shart.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qish tinglovchi asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida bir haftadagi auditoriya soatlari eng yuqori hajmi 36 soatni tashkil etadi.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayoni, qoidaga ko‘ra, tinglovchilar soni 25 nafargacha bo‘lgan guruhlarda tashkil etiladi. Auditoriyada o‘tkaziladigan barcha mashg‘ulotlar turlari 80 daqiqa davom etadi, o‘quv mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va Ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi va o‘quv dasturlariga muvofiq tashkil etiladi. O‘quv mashg‘ulotlari Akademiya boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan mashg‘ulotlar jadvali asosida olib boriladi.

Qayta tayyorlash kurslarida o‘qish o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash va ular malakasini oshirish istagini bildirgan yuridik yoki jismoniy shaxs bilan Akademiya o‘rtasida shartnoma tuzilganidan so‘ng, to‘lov asosida amalga oshiriladi. Buyurtmachi tomonidan hujjatlar to‘liq taqdim etilmasligi, taqdim etilgan hujjatlarda haqiqiy bo‘lmagan, soxta va noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, shartnomada belgilangan miqdordagi to‘lov miqdori to‘lanmasligi shartnoma bekor bo‘lishiga asos bo‘ladi.

Buyurtmachi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun elektron shaklda to‘lov-shartnomasi tuzadi. To‘lov-shartnoma vakolatli shaxs elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari uchun to‘lov miqdori tinglovchilar soni va bino-inshootlar quvvati o‘rtasidagi mutanosibligi, ta’lim jarayoni xususiyatlari, bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan tinglovchilar soni nisbati cheklangan normativlari, o‘qitish muddatlari va boshqa omillar bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olgan holda quyidagicha belgilanadi:

  • avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari haydovchi-yo‘riqchilarini qayta tayyorlash kursi uchun bazaviy hisoblash miqdori 4,5 barobar;
  • avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilarini qayta tayyorlash kursi uchun bazaviy hisoblash miqdori 4,5 barobar;
  • avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari haydovchi-yo‘riqchilari malakasini oshirish kursi uchun bazaviy hisoblash miqdori 5 barobar;
  • avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘qituvchilari malakasini oshirish kursi uchun bazaviy hisoblash miqdori 8 barobari miqdorida.

Qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslariga jalb etilgan ta’lim oluvchilarni o‘qish jarayonida yashash joyi va oziq-ovqat ta’minoti IIV Akademiyasi hisobidan amalga oshirilmaydi.

O‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini o‘zlashtirish muddati o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib, quyidagi tartibda belgilanadi: o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarni qayta tayyorlash 2 hafta (72 soat); haydovchi-yo‘riqchilar malakasini oshirish 2,5 hafta (90 soat); o‘qituvchilar malakasini oshirish 4 hafta (144 soat).

Mavzuga oid