Jahon | 14:38 / 09.11.2022
25223
7 daqiqa o‘qiladi

«Hammaning hikoyasi bir xil». Rossiyalik safarbar qilinganlarning frontdagi halokati haqida

Foto: ASHLEY CHAN/SOPA IMAGES/LIGHTROCKET

Noyabr oyi boshida «Verstka» nashri annexia qilingan Luhansk oblastining Svatovo rayonida safarbar qilinganlar bataloni katta talafot ko‘rgani haqida xabar berdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda besh yuzdan ortiq odam halok bo‘lgan. Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi bu ma’lumotni «provokatsiya» va «qurolli kuchlarni obro‘sizlantirish» hamda «Rossiya fuqarolari o‘rtasida salbiy kayfiyat yaratish maqsadida ataylab sizdirilgan dezinformatsiya» deb atadi. BBC Svatovo yaqinidagi jangda qatnashgan harbiylar bilan suhbatlashdi.

2 noyabrga o‘tar kechasi Voronej, Sverdlovsk va Chelyabinsk oblastlaridan safarbar qilingan insonlar, jami 500 kishi, to‘rtta kompaniyaga bo‘linib, annexia qilingan Luhansk oblastidagi Makiyivka posyolkasi tomon yo‘l oladi. Qo‘mondonlik askarlarga ular frontdan 15 kilometr uzoqlikdagi uchinchi mudofaa chizig‘iga yuborilayotganini aytadi.

«Dastlab hech qanday vazifa yo‘q edi, chunki bizni oldinga yuborishganda shtab bilan aloqa ham yo‘q edi», – deydi harbiy xizmatchi Aleksey Agafonov BBC bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, safarbar qilinganlarni ertalabki soat beshlarda o‘rmon belbog‘iga joylashtirishadi va okop qazishni buyurishadi. Vzvodda faqatgina ikki dona belkurak bo‘lgani uchun chuqurni nayza-pichoqlar va qo‘llar bilan qazishga to‘g‘ri keladi. Tong otgach, ularning pozitsiyalari o‘qqa tutiladi.

«Bizni kuchli o‘qqa tutishdi. Kvadrokopterlar uchib o‘tdi, ular shunchaki uchib o‘tdi va ular uchib o‘tgan yerlarga raketa zarbalari berildi», – deydi 28 yoshli Dmitriy Slobodchikov BBC nashriga.

Ular sakkiz soat davomida minomyotlar va «Grad» tizimlari bilan o‘qqa tutilgan. Bu vaqt davomida askarlar amallab qazilgan xandaqlarda yotishgan va kutishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, safarbar qilinganlarda yagona buyruq bor edi – «chekinmanglar va qazinglar».

Otishma paytida Slobodchikov yaralangan safdoshini front ortiga olib o‘tadi, ammo komandirlar yaradorni kasalxonaga jo‘natish kerak yoki yo‘qligi haqida yarim soat o‘ylaydi. Slobodchikov o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan quroldoshlari yoniga qaytib ketmoqchi bo‘lganida, polkovnik unga buni taqiqlaydi va «Ular baribir allaqachon o‘likka aylandi», deydi.

Slobodchikov ruxsat olish uchun rota leytenanti yoniga boradi, leytenant unga ruxsat beradi, ammo «men senga hech nima demadim, buyruq bermadim» deb aytadi. Slobodchikov front chizig‘ida qaytadi va o‘z vzvodini 10 kishidan iborat uch guruhga bo‘lib, jangdan olib chiqadi.

O‘sha paytda oldingi safda bo‘lgan Agafonovning BBC nashriga aytishicha, frontdan 100 metr masofada mudofaani ushlab turgan ikki vzvoddan 10 kishi halok bo‘lgan. Ammo tong otgach, safarbar qilinganlar o‘z pozitsiyalari atrofida boshqa bo‘linmalarning halok bo‘lgan askarlarining jasadlari yotganini ko‘radi. Ular bo‘lib o‘tgan otishmadan keyin olib ketilmagandi.

«Ular qo‘lsiz, oyoqsiz, boshsiz, lekin shaxsiy raqamlari bo‘lgan jyeton va harbiy biletlari bilan yotardi», – deya ko‘rganlarini tasvirlaydi Agafonov.

Dmitriy Slobodchikov ham Agafonovning so‘zlarini tasdiqlagan. «200-yuklar (urushda halok bo‘lgan askarlar tobutlari shunday aytiladi) juda ko‘p edi. Aytish mumkinki, ular marhumlar uchun borishdi. U yerda o‘nlab emas, ko‘proq jasadlar bor edi», – deydi u.

Tirik qolgan askarlar Krasnorechenskoye qishlog‘iga jo‘nab ketadi. U yerda ular harbiy politsiya tomonidan ro‘yxatga olinadi, shundan so‘ng askarlar Svatovoga qaytariladi. Slobodchikovning so‘zlariga ko‘ra, «hammaning hikoyasi deyarli bir xil: ularni olib kelishdi, joylashtirishdi, otishma boshlandi va komandirlar qochib ketdi».

Agafonovning BBC’ga aytishicha, Svatovoda ularga buyruq bera oladigan birorta ham zobit qolmagan. Shunga qaramay, harbiylar agar Ukraina qurolli kuchlari hujum qilsa, himoyani ushlab turish niyatida. Ular o‘zlari yashayotgan uy devorlarini mustahkamlamoqda va o‘q uzish joylarini tayyorlayapti.

Shu bilan birga, Slobodchikovning qo‘shimcha qilishicha, askarlar agar harbiy politsiya ularni front chizig‘iga jo‘natmoqchi bo‘lsa, qarshilik ko‘rsatishga tayyor.

«Agar ular shu yerga kelsa, biz qarshilik ko‘rsatamiz. Biroq oldinga borishni xohlamaymiz. Biz ichaklar va bo‘laklangan oyoqlarni yetarlicha ko‘rdik», – deydi u.

Harbiylardan hech kim halok bo‘lganlar sonini aniq aytolmaydi, lekin ular oldingi chiziqqa 500 dan ortiq askarlar jo‘natilgani va ularning aksariyatining taqdiri noma’lumligicha qolayotganini tasdiqlaydi.

Svatovo yaqinidagi jangda qatnashgan safarbar qilinganlarning yaqinlari ham shunga o‘xshash hikoyani aytgan.

«Ularni dalaga olib ketishadi. Qaysidir daraxtzorning yonida qazishni buyurib, har 10-15 kishiga bitta belkurak berishgan. Ularni qazishga majbur qilishgan va bombardimon boshlangan. Kimdir yarmigacha qazigan, kimdir esa chuqurroq», – deydi Albina Dudkina. Uning turmush o‘rtog‘i Aleksandr Bobrovskix hozirda boshqa safarbar qilinganlar bilan tashlandiq uy yerto‘lasida yashiringan. Uning so‘zlariga ko‘ra, askarlar 1-2 noyabr kunlari o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan va shundan beri ular o‘z komandirlarini ko‘rmagan.

Albina Dudkina eri bilan

«Iltimos, bizni qutqaring, chunki hozir komandirlar kelib, bizni yana oldingi safga yuborishadi», – deya erining so‘zlarini keltiradi Dudkina.

Mavzuga oid