Jahon | 18:23 / 09.11.2022
8875
3 daqiqa o‘qiladi

JMT: So‘nggi sakkiz yil yer yuzidagi eng issiq davr bo‘ldi

2022 yil oxiriga borib, o‘rtacha global harorat sanoatdan oldingi davrdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 1,15 °S yuqori bo‘ladi.

Foto: AP

So‘nggi sakkiz yil yer yuzidagi eng issiq davr bo‘ldi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) «2022 yildagi global iqlim holati» nomli hisobotida aytiladi.

Global havo haroratining oshishiga atmosferada issiqxona gazlari konsentratsiyasining ortib borishi sabab bo‘lgan. Ekstremal issiq to‘lqinlar, qurg‘oqchilik va halokatli toshqinlar bu yil millionlab odamlarga ta’sir qildi va milliardlab dollar zarar keltirgan. Hisobotda aytilishicha, iqlim o‘zgarishining oqibatlari keskinlashib bormoqda.

1993 yildan beri dengiz sathining ko‘tarilish darajasi ikki baravar oshdi. Yevropa Alp tog‘laridagi muzliklar hajmi 2022 yilda juda katta yo‘qotishlarga uchradi. Grenlandiya muz qatlami ketma-ket 26 yil davomida massasini yo‘qotmoqda va o‘tgan yilning sentabr oyida u yerda birinchi marta yomg‘ir yog‘gan. 2022 yil oxiriga kelib o‘rtacha global harorat hozirda sanoat davrigacha bo‘lgan 1850-1900 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 1,15°S yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

«Global isish darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, oqibatlari shunchalik yomon bo‘ladi. Atmosferadagi karbonat angidrid miqdori shunchalik balandki, Parij kelishuvi bo‘yicha global haroratni 1,5°S ga tushirishga erishib bo‘lmaydi», - deydi JMT bosh kotibi professor Petteri Taalas.

Hozir ko‘plab muzliklarni saqlab qolish imkonsiz, deydi Petteri Taalas. Muzliklarning erishi yuzlab, balki minglab yillar davom etadi va insoniyat xavfsizligi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi.

Atmosferadagi asosiy issiqxona gazlari - karbonat angidrid, metan va azot oksidi konsentratsiyasi 2021 yilda rekord darajaga yetgan. Metan konsentratsiyasining yillik o‘sishi rekord darajadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Yirik monitoring stansiyalari ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, atmosferada ushbu uchta gaz miqdori 2022 yilda ham o‘sishda davom etadi.

Oxirgi 30 yil ichida o‘rtacha global dengiz sathi yiliga taxminan 3,4 mm ga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda qayd etilgan bu jarayonning tezlashishi muzliklarning erishi bilan bog‘liq.

O‘tgan yozda Yevropaning ko‘p qismida bir necha bor kuchli jazirama qayd etildi. Buyuk Britaniyada 19 iyul kuni yangi rekord o‘rnatildi - harorat birinchi marta 40°C dan oshdi. Issiqlik uzoq davom etgan qurg‘oqchilik va halokatli o‘rmon yong‘inlari bilan birga keldi. Yevropa daryolarida, jumladan Reyn, Luara va Dunay daryolarida suv sathi juda past darajaga tushdi.

Mavzuga oid