Jamiyat | 10:50 / 10.11.2022
47325
7 daqiqa o‘qiladi

“Bu yerda qurilish bo‘lmaydi” – Jahongir Ortiqxo‘jayev Chilonzordagi nizoli hudud bo‘yicha yakuniy qarorni aytdi

Chilonzor tumanining Ko‘tarma mahallasida “dom”lar orasida o‘rab olingan nizoli hudud bo‘yicha yakuniy qarorga kelindi. Masalaga Toshkent shahar hokimi aralashib, tadbirkorga uning va’dasini eslatgach, bu yerda ko‘p qavatli turar joy qurish to‘xtatiladigan bo‘ldi. 

Toshkentning Chilonzor tumani Ko‘tarma mahallasi 1-, 3-, 9- va 39- uylar oralig‘idagi hududda tadbirkor ko‘p qavatli turar joy qurmoqchiligi, ammo fuqarolar bundan norozi ekanligi haqida xabar berilgandi. Ushbu 15 sotix yer maydoni Toshkent shahar hokimining 2020 yil 9 dekabrdagi 1147-sonli qarori asosida fuqaro Mirhamid Mirxodjayevga kompensatsiya tariqasida doimiy foydalanish huquqi bilan ko‘p qavatli turar joy qurish uchun ajratilgan.

Holat bo‘yicha Chilonzor tuman hokimligida ishchi guruh tuzilib, mazkur hududda o‘rganish ishlari olib borildi. 8 noyabr kuni tuman hokimi, mutasaddilar, Qonunchilik palatasi deputati, fuqarolar va tadbirkor ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda tadbirkor qo‘lida kerakli hujjatlari borligini, lekin mutasaddilar tomonidan qurilishga ruxsat berilmayotganiga tushunmayotganini bildirdi.

“O‘rganishlar natijasida shuni bildikki, 2008 yilda mazkur hududda ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi rejalashtirilgan ekan. O‘sha yilgi arxiv hujjatlari buni tasdiqlab turibdi. Tegishli tashkilotlar mutasaddilari bilan kelishib, ruxsatlar olinib, qurilish ishlarini boshlagani keldik. Maydonda fevral oyida daraxtlar ekilgan. Biz ularni ko‘chirish uchun kelganimizdan keyin fuqarolarda norozilik kelib chiqdi. Shaharsozlik normativ hujjatlariga asosan binomiz yon atrofdagi “dom”lardan 40-45 metr uzoqlikda joylashadi. Turar joyimiz 8 qavat va uning mansardasi ham bor. Vakilimiz tomonidan atrofda yashovchilarga tushuntirish ishlari olib borilib, ularning rozilik xatlari olingan”, — deydi tadbirkor.

Sa’dulla Sayfullayev, tadbirkor Foto: Kun.uz

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, 1-, 3- va 9-uylarda yashovchi fuqarolar ushbu hududda bolalar va sport maydonchasi, qariyalar dam olishi uchun shiypon, avtoturargoh qurish sharti bilan qurilish olib borilishiga rozilik bildirishgan. Bu haqda mahalla fuqarolar yig‘inining bayonnomasi ham rasmiylashtirilgan. Fuqarolar esa “Max Building Project” MChJ bu yerda bino qurmoqchi ekanidan umuman xabari yo‘qligi, rozilik imzosi haqiqiy emasligini aytishmoqda.

“Imzolar qalbakilashtirilgan. Hatto meniki ham. Hozir tadbirkorning qo‘lida turgan bayonnomada ko‘plab mahalladoshlarimizning ism-familiyasi yozilgan joyda boshqa imzolar turganini ko‘rib turibmiz. O‘zlari qo‘l qo‘ygan taqdirda ham ularni aldashgan, ya’ni nima uchun imzo qo‘yishganini bilishmaydi”, —  deydi fuqarolardan biri.

Mahalliy aholi vakili Foto: Kun.uz

E’tiborlisi, hukumatning 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qaroriga asosan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2021 yil 19 iyulda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2022 yil 30 iyundagi xulosasi olingan. Uchrashuvda holat yuzasidan qurilish boshqarmasi Chilonzor tuman bo‘limi boshlig‘i tadbirkor tomonidan kerakli hujjatlar taqdim etilganini ma’lum qildi.

“Aslida qurilish boshlanmasdan avval ushbu maydon oldidagi “dom”larda yashovchilardan ruxsat olinadi. Agar to‘plangan ovozlar 60 foizdan oshsa, qurilishga ruxsat beriladi. Bizga loyiha bilan birga mahalla va tadbirkor tomonidan mulkdorlarning 100 nafardan ortig‘i rozilik bildirib, bayonnoma taqdim etilgan. Biz rozilik imzosi haqqoniy yoki unday emasligi haqida xulosa bera olmaymiz”, — deydi Toshkent shahar qurilish boshqarmasi Chilonzor tuman bo‘limi boshlig‘i Ismoil Abdurahmonov.

Ismoil Abdurahmonov,Toshkent shahar qurilish boshqarmasi Chilonzor tuman bo‘limi boshlig‘i Foto: Kun.uz

Aniqlanishicha, to‘rtta ko‘p qavatli uy o‘rtasidagi maydonda hozir 155 ta daraxt bor. Ularning 9 tasi yoshi katta daraxtlar, qolgani yosh nihollar hisoblanadi.

Yig‘ilishda tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi vakili ham ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, tadbirkor tomonidan joriy yil boshidan buyon bir necha marta qurilishga ruxsat so‘rab ariza berilgan. Shu bilan birga o‘sha paytning o‘zida fuqarolar tomonidan maydonga ko‘chatlar ekilgan. Ekologiya bo‘limi tadbirkorga daraxtlarni saqlab qolish sharti bilan xulosa bergan. 

“Ekologiya bo‘limi tomonidan tadbirkorga daraxtlarni saqlab qolish sharti bilan, degan xulosa berilgan. Ya’ni jamoatchilik bilan kelishib, mutaxassislarni jalb qilgan holda ko‘chirish joyi tanlanishi kerak bo‘ladi. Bu bo‘yicha boshqa qator tashkilotlardan ruxsat olib, bizga murojaat qilganlaridan so‘ng ruxsat beramiz. Lekin haligacha bizga murojaat qilishmagan”, — deydi tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi vakili.

Yig‘ilishda qatnashgan tuman prokuraturasi vakili holat nazoratga olinganini, fuqarolarning rozilik xatidagi imzolar haqqoniy yoki qalbakilashtirilgani yuzasidan tekshirish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Chilonzor tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev esa avvalo aholi fikri inobatga olinishini, hozirda qurilish ishlari to‘xtatilganini bildirdi:

“Biz vaziyatga oydinlik kiritmagunimizcha hech kim hech qanday harakat qilmaydi, tadbirkor ham qurilish ishlarini amalga oshirmaydi. Fuqarolarning fikriga asosan ishlarimizni amalga oshiramiz. Mahalla raisidan iltimos qilamiz, hokim yordamchisi bilan birga xonadonma-xonadon yurib, fuqarolardan rozi yoki norozi ekanligini yozma ravishda so‘rab chiqishadi”.

Saidqahhor Xolxo‘jayev, Chilonzor tuman hokimi Foto: Kun.uz

Yig‘ilish yakunida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham yetib keldi. U nizoli hudud masalasida o‘z munosabatini bildirib, tadbirkor bilan kelishuv qanday bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi:

“Tadbirkor bilan suhbatlashganimizda yuzga yaqin odam bor edi. Tadbirkor menga shu joyni ko‘rsatganida mojaroli joy ekanligi, bino qurib bo‘lmasligini aytdim. Lekin tadbirkor fuqarolarni rozi qilib, bironta daraxtga tegmayman, degandi. Agar biror kishi norozi bo‘lsa, bu yerni shundoq tashlab chiqib ketaman, deb aytgandi. Hozir fuqarolar norozimi? Demak, masala hal, bu yerda qurilish bo‘lmaydi. Qarorlarimda  qurilishlar faqat fuqarolar roziligi bilan qilinadi, deb yozib qo‘yilgan”. 

Jahongir Ortiqxo‘jayev, Toshkent shahar hokimi Foto: Kun.uz

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zaro suhbatda berilgan va’dani eslatganidan so‘ng, tadbirkor qurish rejasini to‘xtatishini ma’lum qildi.  Shu tariqa nizoli hudud masalasi yakunlanib, bu yerda ko‘p qavatli turar joy qurilmaydigan bo‘ldi. 

Mavzuga oid