O‘zbekiston | 11:21 / 10.11.2022
8471
6 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Xo‘jayev xorijiy investorlar nima uchun O‘zbekistonni tanlashi kerakligini sanadi

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Samarqandda o‘tayotgan «O‘zbekiston-Vengriya» biznes-forumida tadbirkor va investorlar nima uchun O‘zbekistonni tanlashi kerakligi haqidagi savolga javob berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Investitsiyalar uchun O‘zbekistondagi qulay muhit

Investorlar huquqlari qonun bilan himoyalanishi bo‘yicha amaliy tizim yaratildi. Natijada 2017 yildan boshlab ($3,3 mlrd.) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 barobarga oshdi ($8,6 mlrd.).

Qariyb 8 mingta tovar turlariga import bojlari kamaytirildi. Biznesga oid har xil turdagi 70 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomalar berilishi bekor qilindi.

Shuningdek, yangi biznes sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Yer uchastkalari onlayn savdolar orqali taqdim etilmoqda.

Umuman olganda, qulay investitsion muhitni barpo etishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlar faol davom ettiriladi.

Iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish siyosati

Iqtisodiyotimizning yillik o‘rtacha o‘sishi – 5 foizni, sanoat sohalari – 8 foizni tashkil etmoqda. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 7 foizdan ortdi. Eksport hajmlari 1,5 barobarga oshdi.

O‘zbekiston — aholisi 72 mln. kishilik Markaziy Osiyo va 300 mln kishilik Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega.

Shu bilan birga, GSP+ kengaytirilgan preferensiyalar tizimi Yevropa bozorlariga 6 mingdan ortiq mahalliy mahsulotlar turlarini imtiyozli shartlarda eksport qilish imkoniyatini yaratdi. Shu tufayli Yevropa mamlakatlariga qilingan eksportimiz hajmi bu yilning o‘zida 70 foizga oshdi.

Malakali ishchi kuchi.

O‘zbekiston – iqtidorli, yosh va yuqori salohiyatga ega kadrlarga boy.

Aholimizning 60 foizidan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ular bilimga intiluvchan, turli kasb-hunarlarni o‘zlashtirishga ishtiyoqi baland hamda chet tillarida so‘zlashadigan oliy ma’lumotga ega fuqarolar va yoshlardir.

Shuni alohida aytish joizki, qisqa davr mobaynida mamlakatimizda 82 ta yangi oliy ta’lim yurti tashkil etildi. Bulardan 23 tasi – xorijiy davlatlardagi yetakchi universitetlarning filiallaridir.

Qolaversa, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Kelgusi besh yilda esa, bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazish bo‘yicha aniq dasturimiz bor.

Tabiiy boyliklarning ulkan zaxiralari

O‘zbekiston oltinning resurs bazasi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni, mis bo‘yicha — 7, volfram bo‘yicha — 8, kumush bo‘yicha — 9, uran bo‘yicha — 12-o‘rinni, tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha esa — 16-o‘rinni egallaydi.

Bular nafaqat tog‘-konchilik, balki, elektrotexnika, rangli metallurgiya va mashinasozlik kabi sohalarda yangi texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning uchinchi mamlakatlarga chiqishi uchun ulkan zamin yaratadi.

«Ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanish maqsadida ikki mamlakatning yirik ishlab chiqaruvchi korxonalarini jalb qilgan holda sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga va uning doirasida korxonalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik o‘rnatish vaqti keldi deb aniq ayta olaman», dedi Jamshid Xo‘jayev.

Tadbirkorlik sub’yektlari ishlab chiqarishlari uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha zarur infratuzilmalar yaratilmoqda

Xususan, joylarda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizmga ixtisoslashgan 22 ta maxsus iqtisodiy zonalar barpo etdik.

Ushbu zonalar avtomobil yo‘llari, elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya, internet tarmog‘i kabi barcha muhandislik kommunikatsiya infratuzilmalari bilan ta’minlangan.

Shuningdek, mazkur zonalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv resurslaridan va foyda soliqlaridan ozod qilinadi.

«Biz ushbu yo‘nalishda mintaqadagi eng ilg‘orlardan bo‘lish uchun bu kabi sharoitlarni takomillashtirishni hamda shu orqali yangi investorlarni keng jalb qilish uchun yanada qulay muhit barpo etishni davom ettiramiz», dedi J.Xo‘jayev.

Ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga moliyaviy yordam va subsidiyalar taqdim etilmoqda

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini eksport qilishini rag‘batlantirish uchun transport xarajatlarini 70 foizgacha qoplab berish mexanizmini yaratilgan.

Shuningdek, investorlar bilan qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun Investitsiyalar jamg‘armasini ta’sis etilgan.

Diversifikatsiyalangan transport koridorlari salohiyati

O‘zbekiston yirik transport yo‘laklari kesishuvida joylashgan bo‘lib, G‘arb bilan Sharq, Shimol bilan Janub mamlakatlari bozorlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini, muhim logistika maydoni vazifasini ham bajara oladi.

Aynan shu sababdan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston hamda Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temiryo‘llari loyihalari ilgari surilmoqda.

«Bu loyihalar strategik ahamiyatga ega va biz ularni albatta amalga oshiramiz. Ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda mutlaqo yangi imkoniyatlarni ochib beradi», dedi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida ertaga Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti o‘z ishini boshlaydi. Bugun Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

002.jpg
003.jpg
004.jpg
004-1.jpg
005.jpg
006.jpg
007.jpg

Mavzuga oid