Jahon | 08:57 / 10.11.2022
8528
5 daqiqa o‘qiladi

Kreml OAVga urush tarafdori bo‘lgan deputatlardan kamroq iqtibos keltirishni buyurdi

OAV xabarlariga ko‘ra, Kreml Davlat dumasi ayrim deputatlarining urush va safarbarlik jarayonini tanqid qilib chiqqanidan norozi.

Foto: Rossiya Davlat dumasi

Rossiyada prezident ma’muriyati davlat OAVga harbiy mavzularda gapirgan, jumladan, harbiy qo‘mondonlikni tanqid qilgan Davlat dumasi deputatlarining iqtiboslarini kamaytirishni buyurdi. Bu haqda Davlat dumasi va davlat ommaviy axborot vositalariga yaqin manbalarga tayanib, 9 noyabr, chorshanba kuni «Verstka» nashri xabar berdi.

Nutqlari «ortiqcha e’lon qilinmasligi kerak» bo‘lgan deputatlar ro‘yxatiga Dumaning Mudofaa qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov, general deputatlar Andrey Gurulev, Viktor Zavarzin, Andrey Krasov va Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Nina Ostanina kiritilgan.

Ulardan «faqat axborot agentliklaridan va agar yangiliklar kun tartibi talab qilsa, minimal hajmda» iqtibos keltirish mumkin, dedi «Verstka»ga tavsiyalar olgan OAVdan biridagi manba. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatmalar Kremlning Sergey Novikov boshchiligidagi jamoat loyihalari bo‘limidan olingan.

«Verstka» ma’lumotlariga ko‘ra, «Rossiya segodnya» guruhiga tegishli OAV, «Rossiyskaya gazeta», Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi va rasmiy ravishda davlatga tegishli bo‘lmagan «boshqa yirik ommaviy axborot vositalari» talablarni olgan.

«Verstka» ro‘yxatida sanab o‘tilgan deputatlardan besh nafari, birinchi navbatda, urush, safarbarlik va front xavfsizligi haqidagi fikrlari tufayli «zaharli deputatlar ro‘yxatiga» kirdi. «Safarbarlik boshlanganidan keyin, umuman, fevral oyidan beri hokimiyatning axborot strategiyasi ishlab chiqilmagan. Hamma har xil mavzuda izoh berdi, Kreml ko‘rsatma berishga ulgurmayotgandi», deb tushuntirdi nashr manbasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bir qator deputatlar» prezident ma’muriyati uchun nihoyatda yoqimsiz bayonotlar bilan chiqishga, shuningdek, «o‘zlari bilmagan va o‘zlariga taalluqli bo‘lmagan narsalarni izohlash»ga muvaffaq bo‘lgan. Kremlning fikricha, bunday «salbiy axborot» federal hokimiyat organlariga katta zarar yetkazdi, chunki odamlar ommaviy axborot vositalaridagi ko‘plab bayonotlarga «juda keskin munosabatda bo‘la boshladilar». «Verstka» manbasi «zaharli» parlamentariylar ro‘yxati kelajakda kengaytirilishi mumkinligini inkor etmadi.

Misol tariqasida «Verstka» suhbatdoshi Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi rahbari, avvalroq mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan Andrey Kartapolovning nutqini keltirdi. RBK'ga bergan izohida u safarbar qilinganlarning shikoyatlari tufayli «kadrlar bo‘yicha qaror» qabul qilinishini e’lon qildi.

Kartapolov bunday bayonotlar berish huquqiga ega emas va uning so‘zlari «taxminlar va o‘zining ba’zi his-tuyg‘ulari»dir, deb tushuntirdi «Verstka» manbasi. Kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilish Kreml va hukumatning vakolatidir, bu «stop ro‘yxatiga kiritilgan deputatga taalluqli narsa emas», dedi manba.

Deputat Andrey Gurulev «Liman boy berilganidan keyin Mudofaa vazirligini ochiqchasiga qoralay boshladi» va «so‘nggi paytlarda haddan tashqari oshirib yuborib», harbiy rahbariyatga juda keskin qarshilik ko‘rsata boshladi, deb ta’kidladi «Verstka» manbasi.

Dumaning Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Nina Ostanina «negadir» safarbarlik haqida izoh bera boshlaganidan so‘ng, Kremlni g‘azablantirdi. «Hech kim undan so‘ramayotgandi, u oila qo‘mitasida, bu uning mavzusi emas», dedi «Verstka»ga quyi palataga yaqin manba.

Deputat Zavarzin Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘illarini urush hududiga jo‘natish g‘oyasini tanqid qilgani uchun «stop ro‘yxat»ga kiritildi. Qodirov deputatni «boshqalarning ishiga aralashishni boshladi», deb hisobladi, deydi «Verstka»manbasi.

Mavzuga oid