Jahon | 23:15 / 13.11.2022
23661
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda kutilmaganda tezlashib ketgan Tesla ikki kishi o‘limiga sabab bo‘ldi

Hodisaga avtomobilning dasturiy ta’minotidagi nosozlik sabab bo‘lgani aytilmoqda. YTH oqibatida yana uch kishi jarohatlangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, elektromobilni boshqarib kelayotgan 55 yoshli haydovchi to‘xtamoqchi bo‘lgan. Biroq kutilmaganda mashina boshqaruvni yo‘qotgan va o‘zidan o‘zi tezlik ola boshlagan.

Life nashr Xitoy OAv ma’lumotlariga tayanib, elektromobil tezligi 198 km soatgacha chiqqani haqida yozgan. Shu tezlikda u ikki kilometr masofani bosib o‘tgan hamda binoga borib urilgan. Mashina portlab ketgani, haydovchi halok bo‘lgani haqida xabarlar bor.

Tesla yo‘lidan chiqqan bir nechta odamni urib yuborgan. Shundan ikki nafari halok bo‘lgani, uch nafari esa jarohatlangani aytilmoqda. Jarayon ko‘chadagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan. Ayni paytda ushbu video internetda yashin tezligida tarqalmoqda.

Mashinaning kutilmaganda boshqarib bo‘lmas holat kelishi uning dasturiy ta’minotidagi nosozlik bilan izohlanmoqda. Ayni paytda voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Bu Xitoyda Tesla ishtirokidagi dastlabki yo‘l-transport hodisasi emas. 2021 yilning 11 may kuni xuddi shu markadagi elektromobil kutilmaganda tezlashib xizmat vazifasini bajarayotgan ikki nafar politsiyachini urib ketgandi. 2020 yilda esa o‘z-o‘zidan tezlashib, so‘ngra portlab ketgan Tesla ichida bo‘lgan haydovchi halok bo‘lgandi. Dasturiy ta’minotidagi nosozlik sabab 2022 yilning o‘zida Tesla bilan bog‘liq uchta YTH qayd etilgan.

Mavzuga oid