O‘zbekiston | 12:09 / 14.11.2022
18967
6 daqiqa o‘qiladi

«Bunday riyokorlik va dabdabalar dinimizda taqiqlangan» – muftiy ziyoratdan qaytishini «nishonlayotganlar» haqida

Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Haj yoki umra safaridan qaytgan insonlarni amallarini xolis Alloh uchun qilishga va riyo qilmaslikka chaqirdi. Shuningdek, u musulmonlarni kimo‘zarga dabdabali tadbirlar qilish va isrofgarchilikning gunohidan ogohlantirdi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan Umradan qaytishini marosimga aylantirib, turli xil «bayramlar» o‘ylab topayotganlarga murojaat qildi.

«Haj yoki umra safaridan qaytgan insonlar savobli va xayrli ishlarda ibrat, tejamkorlikda boshqalarga namuna bo‘lish o‘rniga kutib olishdan boshlangan xarajatlar va isrofgarchiliklar bilan hammani hayratga solyapti. Qimmatbaho avtoulovlarda kutib olish, mahallaning boshidan uzundan uzun poyandozlar to‘shash, katta pul sarf qilib marosimlarni to‘ylarga, ba’zan esa Alloh bizni kechirsin, shoularga aylantirib yuborish holatlari ko‘paymoqda. Umra ziyoratidan kelganlar to bir kilometr uzoqlikdan oyoqlari ostiga gilamlar solganining guvohi bo‘lyapmiz.

Bilasizmi, eng achinarlisi nima, kimdir Alloh nasib qilib onasini hajga yoki umraga yuboribdi. U hammaga xo‘jako‘rsin qilib, riyo qilib onasini kutib olayotgan bir paytda undan bir necha eshik uzoqda kimdir bemor onasiga dori topaman deb, mardikorlik qilib yig‘layotganini, shifoxonada onasini mahkam bag‘riga bosib yig‘layotgan bir faqir insonni ko‘z oldimizga keltiraylik.

Uning o‘rniga umradan kelayotgan inson – borganimdan keyin men Allohni baytini ko‘rganimning shukronasiga, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salom va salovatlar aytishimga Alloh taolo musharraf qilgani evaziga mahallamdagi kambag‘al va yetim-yesirlarning boshini silayman, deya o‘ziga-o‘zi qasd qilishi kerak emasmi?

Bu riyokorlik, bu qilinayotgan dabdaba-yu asasalarning hammasi dinimizda taqiqlangan. Dinimiz qaytargan amallardir. Yana achinarlisi, qaytib kelganidan keyin bu shoularga, dabdabalarga ulanib ketadigan hoji o‘tirishlar kabi o‘tirishlar tashkil qilinyapti. Birgina hoji o‘tirishni tashkil qilish uchun bir kambag‘al odam farzandini to‘yiga sarflaydigan sarf-xarajatni ishlatishyapti.

Bundan tashqari, qilgan amalingizni boshqalar ko‘rsin deb qilinadigan amal bu – riyo. Ya’ni bizning tilimizda xo‘jako‘rsinlik, boshqalar eshitib qo‘ysin deyish bu sum’a.

Har ikkisi ham katta gunoh bo‘lib qilingan o‘sha amalning savobini yuvib tashlaydi. Qiyomat qoyim bo‘lganda riyo uchun qilingan amalga hech qanday savob berilmas ekan. Mahmud ibn Labid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan qo‘rqadigan narsalarimning eng qo‘rqinchlisi kichkina shirk», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, kichik shirk nima?» deyishdi. U zot: “(Kichik shirk) Riyodir, insonlar amallariga yarasha jazo yoki mukofot oladigan kunda Alloh taolo riyokorlarga: «Dunyoda kimlar uchun riyo qilgan bo‘lsangiz, o‘shalarga boringlar. Qaranglar-chi, ularning huzurida biron mukofot toparmikansizlar?!» deydi», dedilar». (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Mana bu gapni Rasulimiz alayhissalom aytdilar. Demak azizlar bugun onamizga yoki otamizga xizmat qilyapman, deb uni riyo qilsak, xo‘jako‘rsinga qilayotgan bo‘lsak qiyomatda bu amalimizga aslo savob bo‘lmaydi. Shuning uchun ham siz azizlardan bunday holatlardan saqlanishga va albatta qilayotgan amalimizni Alloh uchun qilishga harakat qilmog‘imiz kerak. Bu tadbirlarda yana ikkinchi katta gunohlardan biri bu isrof qilishdir. Chunki bunda isrof bor, Alloh Qur’oni karimda aytadiki:

«Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat).

Hatto umraga borgandan keyin qaytib kelayotganda ham hali unga sovg‘a berishim kerak deb hali bunga hadya berishim kerak deb, bor-yo‘g‘i 10-12 kunga ziyoratga borgan ziyoratchi yarim kunini bozorda o‘tkazyapti. Allohning baytida ibodat qilishdan ko‘ra bu yoqdagi odamlarni ko‘nglini olishga vaqt sarflashi eng achinarlisidir. Madinai munavvarada Payg‘ambarimiz alayhissalomga salavot-salom aytish baxti va Ka’batullohda Hajarul-asvadni ro‘parasida yoki maqomi Ibrohimda namoz o‘qish baxtidan ham ko‘ra boshqalarning ko‘nglini olishga vaqt ajratilyapti. Bu narsa achinarli emasmi? Bu isrof emasmi?

Umraga borayotgan azizlarimiz xonadonlariga olib keladigan birgina sovg‘ani tavsiya qilgan bo‘lar edik. Bilasizmi nima olib kelish kerak. Eng katta sovg‘a siz Ka’bani oldida turib o‘sha sevgan qo‘shningiz, qarindoshingiz, qudangiz yoki farzandingiz haqqiga duo qiling. "Ka’batullohda qilingan duo mustajob ekan, siz qadrdonimning nomini tilimga olib Allohdan sizning gunohlaringizni kechirishini so‘radim, bu duolarim sizga hadya bo‘lsin", deng. Mana bu sovg‘a bo‘ladi", - deydi muftiy o‘z murojaatida.

Mavzuga oid