Jahon | 08:03 / 18.11.2022
15463
3 daqiqa o‘qiladi

Olimpiya chempioni Brittni Grayner Mordoviyadagi koloniyada saqlanmoqda

Amerikalik basketbolchi Brittni Grayner Rossiyada giyohvand moddalarni saqlash va kontrabandada ayblanib, sudlangan. U Mordoviyadagi IK-2da jazoni o‘tamoqda, deb aniqladi advokatlar.

Foto: Getty Images

Rossiyada giyohvand moddalarni saqlash va kontrabandasida ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilingan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner Mordoviyadagi axloq tuzatish koloniyasida saqlanmoqda. Bu haqda 17 noyabr, payshanba kuni sportchining advokatlari xabar berishdi.

«Biz Brittni Mordoviyadagi IK-2da jazo o‘tay boshlaganini tasdiqlaymiz. Shu hafta boshida uning oldiga bordik. Brittni imkon qadar vaziyatga dosh beryapti, yangi sharoitlarga chidashga va moslashishga harakat qilmoqda», - deydi advokatlar Mariya Blagovolina va Aleksandr Boykov.

Avvalroq advokatlar Grayner 4 noyabr kuni tergov izolyatoridan koloniyaga o‘tkazilgani haqida xabar bergan edi. Oktabr oyi oxirida Moskva viloyat sudi basketbolchiga nisbatan avgust oyida Ximki sudi tomonidan chiqarilgan hukmni qonuniy deb topdi. Grayner kontrabanda va giyohvand moddalarni saqlashda aybdor deb topilib, to‘qqiz yilga hukm qilindi va bir million rubl miqdorida jarimaga tortildi. Sportchi hibsda bo‘lgan vaqt hisobga olinsa, u sakkiz yilni koloniyada o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Grayner fevral oyida Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uning bagajidan gashish moyi bo‘lgan veyp kartrijlar topilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh prezidenti ma’muriyati Rossiyaga Rossiyada josuslikda ayblangan sportchi va sobiq dengiz piyodasi Pol Uilanni AQShda qurol savdosi bilan shug‘ullangan Rossiya fuqarosi Viktor Butga almashtirishni bir necha bor taklif qilgan. CNN telekanali xabar berishicha, Moskva Qo‘shma Shtatlardan Grayner va Uilan almashinuv bitimiga yana bir rossiyalik – Germaniyada Berlinda chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan Vadim Krasikovni qo‘shishni talab qilgan.

Vashingtonda Moskva bilan kelishuv muhokamasi tafsilotlari oshkor etilmadi. Avgust oyida Oq uy Rossiya rasmiylaridan mahbuslar almashinuvi taklifi bo‘yicha «xiyonatkor» javob olgani haqida ma’lum qilingan va Qo‘shma Shtatlar bu pozitsiyada muzokaralar olib bormasligini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid