Jahon | 08:49 / 18.11.2022
8665
2 daqiqa o‘qiladi

Respublikachilar Baydenga nisbatan surishtiruv haqida e’lon qildi

Surishtiruv AQSh prezidentining o‘g‘li Xanter Baydenning tijorat faoliyati bilan bog‘liq. Respublikachilar o‘zlariga kelgan bank hisobotlari va ma’lumotlarni tekshirish niyatida.

Foto: Reuters

AQSh Kongressi Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan respublikachilar yangi Kongressda prezident Jozef Bayden va uning oila a’zolarining biznes munosabatlarini tekshirishni ustuvor yo‘nalishga aylantiradi. Bu haqda 17 noyabr, payshanba kuni Kentukkidan kongressmen, Nazorat va islohotlar qo‘mitasiga rahbarlik qilishi kutilayotgan Jyeyms Komer ma’lum qildi.

Respublikachining so‘zlariga ko‘ra, surishtiruv yirik banklardan olingan ikkita hisobot va ma’lumot tarqatuvchilarning AQSh prezidenti faoliyati va uning 52 yoshli o‘g‘li, biznesmen Xanter Baydenning tijorat ishlari o‘rtasidagi bog‘liqlikka ishora qiluvchi bayonotlarini tekshirishdan iborat.

«Qo‘mita Jo Bayden va uning oilasining chet ellik hamkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni baholaydi, u chet el nazoratidagi prezidentmi yoki yo‘qmi, shuni aniqlaydi», dedi Komer. Oq uy bunga javoban respublikachilarni «uzoqdan beri rad etilgan fitna nazariyalariga asoslangan siyosiy maqsadli hujumlarda» aybladi.

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp va uning ittifoqchilari yillar davomida Xanter Baydenni Ukraina va Xitoydagi faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarda ayblab keladi. Respublikachilar fikricha, AQSh prezidenti bu harakatlardan xabardor edi.

2020 yilda kichik Bayden federal prokurorlar unga nisbatan hech qanday ayblov qo‘ymagan bo‘lsalar ham, uning soliq hisobotlarini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Jo Bayden o‘g‘li bilan xorijdagi biznesi haqida gaplashmaganini aytdi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Adliya vazirligi uning oila a’zolariga nisbatan har qanday surishtiruvda mustaqil bo‘lib qolishiga ishontirdi.

Reuters ta’kidlashicha, respublikachilar tomonidan boshlangan surishtiruv demokratlar AQShning sobiq prezidenti va uning oilasining biznes aloqalarini o‘rganayotgan Donald Trampga qarshi qo‘ygan ayblovlarni takrorlashi mumkin.

Mavzuga oid