Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Superliga-2022 tomoshabinlar tashrifi: «Navbahor» – peshqadam, «Nasaf» 2-o‘rinda, ligani tark etgan «Dinamo» «Paxtakor»ni ortda qoldirdi
Superliga-2022 yakunlariga ko‘ra, stadionlardagi tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha kutilganidek Namanganning «Navbahor» klubi ishqibozlari yaqqol peshqadam bo‘lishdi.
So‘nggi turgacha chempionlik uchun kurash olib borib, yakunda 2-o‘rinni egallagan «Navbahor» jamoasi tomoshabinlar mehri bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. «Lochinlar»ning 1-davradagi har bir uy uchrashuvida o‘rtacha 14 966 nafar muxlis yig‘ilgan bo‘lsa, butun mavsum bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich – 14 204 tomoshabinni tashkil etdi. Bu ligadagi eng yaxshi ko‘rsatkich.
Superliga joriy mavsumidagi rekord ham aynan namanganlik muxlislarga tegishli. «Navbahor»ning «Bunyodkor»ga qarshi o‘yinida (2:1) Namanganda rekord – 26 231 nafar tomoshabin to‘plangan. Bu natija yaqin orada yangilanishiga ishonish qiyin.
Tomoshabinlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rindan kutilganidek «Nasaf» joy olgan. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlarining Qarshidagi uy o‘yinlarga 1-davrada o‘rtacha 7 553 nafardan tomoshabin tashrif buyurgan bo‘lsa, mavsum davomida o‘rtacha ko‘rsatkich 6 230 nafar tomoshabinni tashkil etgan.

Bu yil Qashqadaryodagi eng ko‘p tomoshabin yig‘ilgan bahs 7 may kungi «Nasaf» - «Paxtakor» to‘qnashuvi bo‘ldi. Nursiz durang (0:0) bilan yakunlangan uchrashuvni 15 500 muxlis kuzatib borgan. Bu Qarshidagi joriy mavsumgi rekord.
Mavsum davomida uch front – Superliga, O‘zbekiston kubogi va OFK kubogida kurash olib borib, yakunda sovrinsiz qolgan «So‘g‘diyona»ning Jizzaxdagi har bir bahsiga 1-davrada o‘rtacha 4 143 nafardan tomoshabin kelgan, ikkinchi davrada esa bu borada ham pasayish kuzatilib, yillik o‘rtacha tashrif 3 823 nafar tomoshabinni tashkil etgan. Shunga qaramay, jizzaxlik muxlislar tashrif borasida 1-davradagi 5-o‘rindan, 2-davrada 3-o‘ringa ko‘tarilgan.
Kuchli beshlikni «Metallurg» va «Dinamo» yopib bergan. Bekobod va Samarqand klublarining uy stadionlarida to‘plangan tomoshabinlar soni deyarli teng. Birinchi davrada tashrif borasida 6-o‘rinda bo‘lgan «Metallurg» muxlislar borasida o‘sishga erishmagan, ammo pasayish nisbatan kamroq bo‘lgani evaziga 4-o‘ringa ko‘tarilgan. Bu mavsum muxlislarini yana ranjitib, Pro ligaga ravona bo‘lgan «Dinamo» esa tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha beshlikdan joy oldi. 1-davrada «dinamochilar»ning Samarqanddagi har bir bahsiga o‘rtacha 4 155 nafardan ishqiboz yig‘ilgan, mavsumdagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 3 618 nafar tomoshabinni tashkil qilgan.
E’tiborli jihati, «Dinamo» mavsum davomida 6 oy g‘alaba nimaligini bilmay, yakunda 14-o‘rin bilan quyi ligaga ravona bo‘lganiga qaramay, Samarqanddagi muxlislar soni bo‘yicha «Paxtakor»ni ortda qoldirgan. Chempion jamoa 1-davrada Toshkentda o‘rtacha 4 482 tomoshabin to‘plagan bo‘lsa, Superliga yakunidagi intrigaga qaramay 2-davrada pasayish kuzatilib, mavsum davomidagi o‘rtacha tashrif 3 179 tomoshabinni tashkil etgan.
Tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha o‘nlikdan «Qizilqum», OKMK, «Neftchi» va «Bunyodkor» joy olgan. Shu o‘rinda, Navoiy va Farg‘ona sharafini himoya qiluvchi klublarining uy o‘yinlarini boshqa shaharlardagi stadionda ham o‘tkazganini qayd etish joiz. «Qizilqum» mavsum startini Olmaliqda, «Neftchi» esa Yaypanda o‘tkazib, Farg‘onada atigi 3ta o‘yin o‘tkazdi. Mezbonlikdagi barcha uchrashuvlar mahalliy muxlislari qarshisida o‘tganida klublar bu borada yuqoriroq o‘rinlarda ham bo‘lishi mumkin edi.

Qizig‘i, tomoshabin to‘plash masalasida o‘nlikdan tashqarida qolgan 4 jamoa - «Qo‘qon-1912», «Olimpik», «Lokomotiv» va «Surxon» klubidan 3tasi turnir jadvalida ham ligada qolish uchun kurashdi. Bu muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi futbolda qanchalik muhimligidan dalolat. Qo‘qon klubi o‘z maydoni emas, qo‘shni Yaypanda to‘p surgani ham tashrifning pasayishiga va ligadan tushib ketishiga ta’sir qildi. «Surxon» esa o‘z o‘yinlarini Termizda emas, yil davomida Samarqand, Toshkent va Olmaliqda o‘tkazdi. Sarsongarchilik oqibatida klub bir amallab ligada qolgan bo‘lsa-da, muxlislari soni bo‘yicha so‘nggi o‘ringa tushdi. Temur Kapadze murabbiyligidagi debyutant «Olimpik» hali endi muxlis to‘playotgan bo‘lsa, «Lokomotiv» avvalgi yillarda ham bu borada maqtana olmasdi.
Superliga-2022 1-davra tomoshabinlar tashrifi:

Superliga-2022 mavsum tomoshabinlar tashrifi:

U.Ibodov
Mavzuga oid
22:14 / 27.05.2025
«Nasaf» «Andijon»ni mag‘lub etib, O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi
14:08 / 14.04.2025
«Paxtakor» yana yutqazdi, peshqadam yana o‘zgardi
14:40 / 07.04.2025
«Paxtakor» «So‘g‘diyona»ga ham yutqazdi, «Bunyodkor» birinchi o‘rinda
13:44 / 30.03.2025