O‘zbekiston | 07:17 / 19.11.2022
6027
3 daqiqa o‘qiladi

Parijda o‘tkazilgan o‘zbek-fransuz biznes forumi: qiziqish, o‘rganish va ilk qadamlar 

O‘zbekiston prezidenti tashrifi oldidan 18 noyabr kuni Parij shahrida O‘zbekiston va Fransiya ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum o‘tkazildi. Unda har ikki davlatdan yetakchi siyosatchilar va tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Foto: Kun.uz

Tadbirda har ikki mamlakatning sohaga mas’ul idoralari mutasaddilari, xususan, Fransiya savdo vaziri Olive Besht hamda O‘zbekiston investitsiya va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya, yetakchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Forum doirasida «B2B» va «G2B» formatida muzokaralar o‘tkazildi, xizmat ko‘rsatish, energetika, transport, suv ta’minoti, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va yana boshqa ko‘plab sohalardagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar muhokama qilindi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Jamshid Xo‘jayev fransuz investorlariga O‘zbekistonga sarmoya kiritish foydali ekanini batafsil tushuntirib o‘tdi.

"O‘zbekiston tinch va siyosiy barqaror davlat. Biz betaraflik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilamiz. Mamlakatda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ishlab chiqarish jarayonlari uzluksizligini ta’minlash uchun barcha zarur infratuzilma yaratilmoqda.

Xususan, sanoat ishlab chiqarishi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizmga ixtisoslashgan 22 maxsus iqtisodiy zona tashkil etildi. Bu zonalar barcha zarur muhandislik kommunikatsiyalari: yo‘llar, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya, internet bilan ta’minlangan. Shuningdek, ushbu zonalarda ishlayotgan tadbirkorlar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv va foyda solig‘idan ozod etildi.

O‘tgan yili O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshdi. Joriy yilda o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari ham o‘sishda davom etdi (6 foiz). So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga - 46 taga ko‘paydi.

Fransiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda energetika, infratuzilma, tog‘-kon sanoati, fuqaro aviatsiyasi va boshqa sohalarda qiymati 5 milliard dollarlik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bo‘lajak oliy darajadagi tashrif davomida bir qator yangi shartnoma va kelishuvlar imzolanadi.

Biz ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish tarafdorimiz. Shu nuqtai nazardan, Fransiyaga oliy darajadagi tashrif katta imkoniyatlar ochadi va biz bundan to‘liq foydalanishimiz kerak” – dedi Jamshid Xo‘jayev.

Tadbirda ishtirok etgan qator fransuz ishbilarmonlari O‘zbekiston ular uchun investitsiya kiritish uchun qiziqarli mamlakat ekanligi, buning uchun o‘rganishlarni boshlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid