Jamiyat | 18:42 / 19.11.2022
23904
4 daqiqa o‘qiladi

“Sabzi bo‘lmasa o‘zbekning uyida palov pishmaydi” – gektariga 80 tonnagacha hosil olayotgan karmanalik sabzichilar

“Jaloyirning sabzisi”, degan jumla Navoiy viloyatida “brend”ga aylangan. Mahalliy bozorlarda aynan Jaloyir qishlog‘ida yetishtirilgan sabzi xaridorgir. Karmana tumanida joylashgan ushbu qishloqni Navoiyning “o‘ra”si, desa ham bo‘ladi. Ayni kunlarda ham qishloq  dalalaridan sabzi hosili yig‘ishtirib olinmoqda.

Karmana tumanidagi Jaloyir qishlog‘i aholisi har yili g‘alla o‘rimini intizorlik bilan kutishadi. Sababi, ular g‘alladan bo‘shagan maydonlarni fermer bilan o‘zaro kelishib, taqsimlab olishadi va poliz mahsulotlari, asosan sabzi yetishtirishadi. Fermerlarning o‘zi ham hududdagi ehtiyojmand oilalarga bo‘shagan yerlardan ajratishadi. 

Jaloyirliklar sabzichilik ortidan yaxshigina daromad qilishadi. Chunki ular yetishtirgan hosil ichki bozordan ortib, hatto eksportga ham jo‘natiladi. Ayni kunlarda ham yetishtirilgan sabzi yig‘ishtirib olinmoqda. Noyabrning ilk kunlari seryog‘in kelgani hosilni yig‘ishtirish ishlarini biroz ortga surdi. 

Har yili yarim gektar, 30 sotix yer olib, sabzi ekamiz. Qishi bilan sotamiz. Shu dehqonchilikning orqasidan to‘ylar qildik. Mana, qishlog‘imiz ayollari birlashib, navbati bilan hosilni yig‘ishtirib olyapmiz. Sabzi bo‘lmasa, o‘zbekning uyida palov bo‘lmaydi. Sotib, shaharliklarni ham ta’minlaymiz. Sabzining mehnati og‘ir-u, lekin zarar ko‘rmaymiz. Shuning uchun har yili ekamiz”, — deydi Nargiza Hojiyeva.

Yetishtirilayotgan sabzining urug‘ini ham jaloyirliklarning o‘zi tayyorlaydi. Dehqon Marhabo Rajabovaning ta’kidlashicha, fevral oyida har kim o‘z xonadoni tomorqasida urug‘lik uchun sabzi ekadi:

20 yildan beri sabzichilik bilan shug‘ullanamiz. Yer olishdan oldin sabzining urug‘ini tayyorlab olamiz. Fevral oyida urug‘lik uchun sabzi ekiladi va pishgach, urug‘i olinadi. Keyin ana shu urug‘dan kuzgi sabzi ekamiz. To‘g‘ri, sabzi bozordagi eng arzon poliz mahsulotlaridan biri. Ammo mehnati oson emas: unib chiqqan sabzi yagona qilinadi, o‘taladi”.

Ayni kunlarda yig‘ishtirib olinayotgan hosilning bir qismi sotiladi, qolgani esa hovlilarda maxsus o‘ralarga ko‘mib qo‘yiladi. Oiladagi ehtiyojga qarab, bozorlarga bahorgi sabzi chiqquniga qadar kam-kamdan sotib boriladi.

Allon mahallasi hokim yordamchisi Amriddin Akramovning ma’lum qilishicha, yaxshi dehqonlar gektaridan 70-80 tonnagacha hosil olishmoqda. Bu har gektardan 50-60 mln so‘m daromad degani.

Jaloyir hududida 5 ta mahalla bo‘lib, qishloq aholisi qachon g‘alla o‘rilar ekan, deya takroriy ekinni kutib turadi. Asosan sabzi ekiladi. Urug‘ini ham o‘zlari yetishtiradi, mehnatini ham o‘zlari qilishadi. Gektariga 80 tonnagacha hosil olishmoqda. Agar oila 20 sotix yerga sabzi ekkan bo‘lsa, kamida 10 mln so‘m daromad qiladi.

Bozorda hech qanday qiyinchilik yo‘q. Chunki bu qishloqda yetishtirilgan sabzi doimo xaridorgir. Sababi, hududimizdagi ekin yerlari ancha hosildor, sug‘organda qotib yoki sho‘rlab qolmaydi. Natijada sabzi yer ostida qisilmaydi, chiroyli ko‘rinishda bo‘ladi”, — deydi Amriddin Akramov.

Qishloqda har yili o‘rtacha 500 gektarga yaqin maydonga sabzi ekiladi va yuzlab oilalar sabzi sotib, daromad qiladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid