O‘zbekiston | 18:45 / 21.11.2022
18020
6 daqiqa o‘qiladi

Aldanib qolmang: Telegram'da aholiga pul tarqatilayotgani haqida yolg‘on xabar aylanib yuribdi

​​​​​​​Bolali oilalarga go‘yoki 650 ming so‘mdan yordam puli tarqatilayotganiga oid yolg‘on e’londan ogoh bo‘ling. Unutmang, telefoningizga kelgan SMS'dagi kodni faqat firibgarlar so‘raydi. Internetda tez-tez tarqalayotgan qalloblarning e’lonlarini qanday farqlash mumkinligi haqida ushbu maqolada ma’lumot beramiz.

O‘zbekistonda onlayn firibgarlikning keng tarqalgan usullaridan biri – “Prezident qarori bilan” hammaga yordam puli tarqatilayotganiga ishontirish orqali odamlarning kartasidan pul yechib olishdir.

Firibgarlar nafaqat yordam puli, balki taniqli kompaniyalar (masalan, Click), tijorat banklari va millionerlarning nomidan foydalanib, “arzon kreditlar” va “falon yillik yubiley” munosabati bilan pul tarqatilayotganini aytishadi.

Aslida bularning barchasi yolg‘on va firibgarlar doim pul o‘g‘irlashning bir xil sxemasidan foydalanishadi. Masalan:

1. Prezident saytiga o‘xshash soxta saytni chizib, “yordam puli” haqidagi yolg‘on e’lonlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishadi;

2. Havola orqali kirib, pulni olishga da’vat qilishadi;

3. Havolani bosib kirsangiz, telefon raqam, karta raqam va uning amal qilish muddatini kiritish so‘raladi;

4. Tuzoqqa ilingan odam so‘ralgan ma’lumotlarni kiritishi bilan, unga SMS orqali kod borgani va o‘sha kodni kiritish so‘raladi;

5. Kod yozilishi bilan, kartadagi hamma pullar firibgarlar hisobiga o‘tadi.

Firibgarlikning birinchi va eng asosiy belgisi – SMS-kodni so‘rash

Yodingizda bo‘lsin, sizga pul o‘tkazish uchun kartangizning amal qilish muddati va SMS-kod umuman kerak emas!

SMS-kodni birovga berish – kartangizdagi pulni unga topshirish bilan teppa-teng.

Kod orqali kartangizni o‘zlariga ulab olib, undagi hamma pullarni yechib olishadi. Bu hali hammasi emas: kartangizga keyinchalik tushadigan pullar ham firibgarlarning qo‘lida deb hisoblayvering.

Yordam pulini olish uchun sizdan hech nima talab qilinmaydi

2022 yilning may oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga bir martalik yordam pul tarqatilgan edi. Bu – haqiqat. Ammo barchaga yordam puli tarqatilyapti, havolani bosib pulni oling, degan xabarni ko‘rsangiz, bilingki, bu – aldov! Chunki yordam pullarini tarqatish tartibiga ko‘ra, fuqarolardan hech qanday ariza yoki murojaat qilish talab etilmaydi.

Haqiqatan ham davlat pul tarqatgan taqdirda, hech qachon qandaydir havolalarni bosib pulni olish ham kerak bo‘lmaydi. Youl yo naqd shaklda beriladi, yoki fuqaroning plastik kartasiga uning ishtirokisiz, avtomatik o‘tkaziladi.

Masalan, may oyida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga pul tarqatilganda, ularning hammasiga pullar dastur orqali to‘lab berilgan. Hech kimdan karta raqam kiritish talab qilinmagan, chunki yordam puli tarqatiladigan qatlam, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning har oy nafaqa to‘lab boriladigan plastik kartasi bo‘ladi va ularga yordam puli avtomatik o‘sha kartaga tushirib beriladi. Plastik kartasi bo‘lmaganlarga esa pullar naqd to‘lab berilgan.

Soxta sayt – firibgarlikni aniqlashning oson usuli

Firibgarlar yordam puliga oid xabarlarni soxta saytga joylashtirishadi. Yodingizda bo‘lsin, O‘zbekiston Prezidentining rasmiy veb-sayti – President.uz. Agar sizga yordam puli haqida xabarlar kelsa, sayt domeniga e’tibor bering, ko‘pincha firibgarlar haqiqiy sayt nomiga qandaydir so‘zlar qo‘shishadi, masalan, president.uz-yqanki.shop va hokazo.

 

Soxta saytlar

Agar haqiqiy prezident saytini ko‘zdan kechirsangiz, hech qanday yordam puliga oid xabar bo‘lmaydi. Bo‘lgan taqdirda ham, yuqorida ta’kidlaganimizdek, pulni olish uchun sizdan hech narsa talab qilinmaydi: na karta raqam va na SMS-kod.

Yoki qaysidir bankdan arzon kredit taklif qilinayotgan xabarlar kelsa, bankning rasmiy veb-saytini qidirib ko‘ring. Masalan, “Kapitalbank sayti” deb qidirsangiz, bankning haqiqiy veb-sayti chiqib keladi. Sizga kelgan xabardagi domen va bankning rasmiy sayti domeni ikki xilligiga guvoh bo‘lasiz.

Soxta saytlar

Imloviy xatolar va norasmiy til

Firibgarlar ko‘pincha imloviy xatolar bilan, ko‘cha tilida yozilgan yoki qo‘pol xatolar bilan tarjima qilingan e’lonlarni tarqatishadi. Bundan siz xabarning yolg‘onligini tezda aniqlashingiz mumkin.

Firibgarlar aldov yo‘llarini takomillashtirib, imloviy xatolarsiz va rasmiy tilda yozishni boshlashlari ham mumkin, ammo sizda rasmiy manbalar bilan xabarni solishtirib ko‘rish imkoni bor. “Qandaydir o‘yinda yutganingiz”, “Yordam puli olishingiz mumkin”, “arzon kredit taklifi” – bunday so‘zlarga juda hushyor bo‘ling. Sayt domenini va rasmiy manbalarni tekshiring.

Imloviy xatolar bilan yozilgan e’lon

“Migrantlarga pul tarqatilayotganiga oid xabarlarga ko‘plar aldanyapti”

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlaridan biri migrantlar guruhlarida firibgarlarning “pul tarqatilayotgani”ga oid xabarlari juda ko‘p aylanishini aytadi.

“Ogohlantirishlarga qaramay, aldanib qoladiganlar juda ko‘p”, – deydi u.

Yodingizda bo‘lsin, yordam pulini olish uchun sizga havola taklif qilinyaptimi, bu – aldov.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid