O‘zbekiston | 19:53 / 21.11.2022
9916
4 daqiqa o‘qiladi

“Gidlarga haqi to‘lab berilmoqda”. ShHT sammitida tarjimonlik qilib, haqini ololmaganlar haqidagi maqolaga munosabat bildirildi

Kun.uz saytida ShHT sammitida tarjimonlik qilgan gidlarning xizmat haqi to‘lab berilmayotgani haqida e’lon qilingan maqola bo‘yicha Turizm va madaniy meros vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Foto: KUN.UZ

Sentabr oyida Samarqandda o‘tgan sammitga uch toifa gidlar jalb etilgan bo‘lib, bular talabalar, Madaniy meros agentligida faoliyat olib boruvchi xodimlar va mustaqil gidlar.

Birinchi toifada tadbirga Samarqand davlat universiteti, Ipak yo‘li xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Chet tillar universiteti talabalari ko‘ngilli (volontyor) sifatida jalb etilgan.

Ikkinchi toifaga kiruvchi Madaniy meros agentligida ishlovchi gidlarning faoliyati doirasidan va oylik ish haqi olishidan kelib chiqib, ularga qo‘shimcha to‘lovlar ko‘zda tutilmagan.

Uchinchi toifa – mustaqil professional gidlarga esa 500 ming so‘mdan to‘lov amalga oshirilmoqda.

“Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, volontyorlik faoliyati — jismoniy yoki yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga ko‘ra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan, jamoat uchun foydali bo‘lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi. Shu qonunning 5-moddasiga muvofiq, volontyorlik faoliyatining asosiy omillari qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, beg‘arazlik prinsiplariga asoslanadi.

Mustaqil gidlarga esa ular taqdim etgan ma’lumotlar hamda ularning to‘liqligiga asosan xizmat puli to‘lab berilmoqda.

Tayyorgarlik bilan bog‘liq tegishli hujjatlarga ko‘ra, ShHT sammitida barcha gidlar 3 kun davomida transport, ovqatlanish va maxsus kiyim (erkaklar – kostyum-shim va poyabzal, ayollar – to‘liq ust-bosh va tufli) bilan ta’minlangan.

21 noyabr kuni Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida tushuntirish ishlari olib borildi. Unda talabalar davlat rahbarlari ishtirokidagi xalqaro sammitda qatnashish ular uchun katta tajriba bo‘lgani, tadbirdan oldin ularga tashkiliy jarayonlar bilan bog‘liq barcha zarur ma’lumotlar berilgani va hech qanday to‘lov kutmayotganliklarini bildirishgan.

“Bugun maqolada keltirilgan ayrim detallarni aniqlashtirish uchun sammit tadbirlarida qatnashgan Samarqand davlat chet tillar instituti o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalari bilan uchrashdik. Institut talabalari tegishli sertifikatga ega bo‘lmay turib, ushbu xalqaro tadbirda qatnashish va ShHT mamlakatlari prezidentlari bilan muloqot qilish hamda suratga tushish baxtiga muyassar bo‘lganliklarining o‘ziyoq ular uchun sharaf ekani va bu tadbir talabalar uchun muhim amaliyot bo‘lganini ta’kidlashdi.

Qolaversa, xalqaro tadbir muvaffaqiyatli o‘tganligi va unda SamDChTI jamoasi va talabalari faol ishtirok etganlari uchun ularga tashakkurnomalar berilgan”, - deydi R.Qobilov.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Samarqand davlat universiteti, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti hamda Chet tillar davlat universiteti talabalarining aksariyati o‘z tashabbusi bilan ushbu sammitda ishtirok etish istagini bildirganliklari alohida tahsinga sazovordir, deyiladi munosabatda. 

Mavzuga oid