Sport | 17:47 / 21.11.2022
22277
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinida noqonuniy qimor o‘yinlari reklama qilindi

Foto: Videodan kadr

2022 yil 20 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvida stadiondagi bannerlarda noqonuniy ravishda bukmekerlik kompaniyasi reklamasi aylanib turdi.

Bu O‘zbekistonning amaldagi qonun hujjatlariga zid va hatto ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan xatti-harakat hisoblanadi.

Xususan, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 46-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni, shuningdek, telekommunikatsiya tarmoqlari va internetdan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlanadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 176-sonli «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan bukmekerlik va totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish uchun xizmat ko‘rsatish yoki uni tarqatish – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday harakatlar Jinoyat kodeksining 278-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, yaqinda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Kun.uz bilan gaplashgan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xodimi reklamalar bilan marketing bo‘limi shug‘ullanganini bildirib, alohida izoh berilishini ma’lum qildi.

Foto: O‘FA

Iste’molchilarni huquqlarini himoya qilish agentligi esa holatni o‘rganish va chora ko‘rish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini bildirgan.

«Ta’kidlash joizki, mazkur o‘yin translatsiyasidagi «FONBET» bukmekerlik xizmatlariga doir reklama haqida bir qator ijtimoiy tarmoqlarning sahifalarida ham tanqidiy postlar joylashtirilgan.

Agentlik tomonidan yuqoridagi holatni o‘rnatilgan tartibda o‘rganish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilinadi», – deyiladi agentlik bayonotida.

Mavzuga oid