O‘zbekiston | 15:14 / 21.11.2022
10443
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning BRM qarzlari nimalarga sarflandi?

O‘zbekiston o‘tgan yili ilk marta barqaror rivojlanish maqsadlari obligatsiyalarini chiqargandi. Moliya vazirligi vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tushgan mablag‘ maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, ichimlik suvi tarmoqlari va metro qurilishiga, bolalarni emlashga sarflangan. Kelajakdagi barcha obligatsiyalar BRM yoki yashil obligatsiyalar tamoyillariga bog‘langan holda chiqarilishi reja qilinmoqda.

Toshkentdagi yerusti metrosi qisman tashqi qarz hisobiga qurildi.

2021 yil 12 iyulda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasining “Barqaror rivojlanish maqsadlari” (BRM)ga erishishga yo‘naltirilgan 2,5 trln so‘m miqdorida milliy valutadagi xalqaro suveren obligatsiyalari xalqaro moliya bozoriga joylashtirilgan.

BRM obligatsiyalari o‘zi nima, undan o‘zbekistonliklarga nima foyda? Shu kabi savollar yuzasidan Moliya vazirligi Davlat qarz departamentining Tashqi moliya bozorlaridan qarz jalb qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Komilov Kun.uz'ga gapirib berdi.

— Obligatsiya nima?

— Obligatsiya – bu hukumat yoki kompaniya tomonidan chiqariladigan qarz qimmatli qog‘ozi hisoblanadi. Obligatsiya egasiga, ya’ni uni sotib olgan investorga obligatsiyani chiqargan emitent (obligatsiya chiqaruvchi) tomonidan belgilangan vaqt davomida belgilangan miqdorda o‘zgarmas foiz to‘lovi amalga oshirib boriladi va muddati tugashi bilan asosiy qarz ham obligatsiya egasiga qaytariladi.

Oddiy tilda tushuntirsam, bunday qimmatli qog‘ozning xaridori qimmatli qog‘oz chiqaruvchining kreditoriga aylanadi, ya’ni qarz beruvchisiga. Huddi bank krediti kabi, kreditorga ma’lum miqdorda yillik foiz to‘lovi to‘lab boriladi. Kreditdan farqli jihati shundaki, asosiy qarz obligatsiya muddati tugaganida xaridorga qaytarib beriladi.

Yevroobligatsiyalar yoki yevrobondlar deb emitent uchun xorijiy bo‘lgan valutada chiqariladigan obligatsiyalarga aytiladi. Misol uchun, O‘zbekistonning AQSh dollarida xalqaro moliya bozorlariga joylashtirgan obligatsiyalari yevroobligatsiyalar deb ataladi. Milliy valutada xalqaro moliya bozorlariga joylashtirgan obligatsiyalarimiz esa suveren xalqaro obligatsiyalari hisoblanadi.

BRM obligatsiyalari mablag‘lari hisobidan Farg‘ona viloyati So‘x tumanida qurilgan bog‘cha / Foto: Moliya vazirligi

— O‘zbekiston obligatsiya chiqardi deganda nimani tushunsak bo‘ladi?

— O‘zbekiston obligatsiya chiqardi va xalqaro moliya bozoriga joylashtirdi degani oddiy qilib aytganda bu – O‘zbekiston investorlardan ma’lum yillik foiz to‘lovini to‘lab borish va asosiy qarzni belgilangan muddat oxirida qaytarish sharti bilan qarz mablag‘ini jalb qildi degani.

Bizning misolimizda, 2021 yilda 2,5 trln so‘m miqdorida 3 yil muddatga yillik 14,0 foiz bilan obligatsiya chiqardik, ya’ni xalqaro investorlardan 3 yil davomida har yili faqatgina 350 mlrd so‘m miqdorida foiz to‘lovini to‘lab borish, 2,5 trln so‘m miqdoridagi asosiy qarzni esa 3 yil o‘tgach qaytarib to‘lab berish sharti bilan qarz oldik.

Albatta, xalqaro investorlar oldida ushbu qarz mablag‘larini faqatgina belgilangan maqsadlar uchun sarflash majburiyatini ham o‘z zimmamizga olganmiz.

Namangan viloyati Mingbuloq tumanida qurilgan bog‘cha / Foto: Moliya vazirligi

— BRM obligatsiyalari qanday sohalarga yo‘naltirildi?

— BRM obligatsiyalariga to‘xtalsak, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish bo‘yicha kun tartibiga 17ta maqsad kiritilgan bo‘lib, ular asosan aholining ijtimoiy-iqtisodiy darajasini oshirishga qaratilgan.

Misol uchun, qashshoqlikni kamaytirish, turmush darajasini oshirish, sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, gender tengligini qo‘llab-quvvatlash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, munosib ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va infratuzilma barqarorligini oshirish.

O‘zbekiston ham BMTning maqsadlariga mos keladigan 16ta milliy BRMni o‘z ichiga oluvchi Barqarorlik modelini ishlab chiqdi. Bu – O‘zbekiston hukumati BRMga erishishga qat’iy intilayotganidan dalolat beradi. Biroq, bu maqsadlarga erishish nafaqat qat’iylik va kuchli irodani talab qiladi, balki katta miqdordagi investitsiya mablag‘lari ham zarurdir. BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra, mamlakatning milliy BRMga erishishi uchun yiliga 4,6–6 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiyalar zarur.

Shu sababli, zarur bo‘lgan mablag‘larni jalb qilish uchun Moliya vazirligi tomonidan xalqaro investorlarni jalb qilish va milliy BRMga erishish imkonini beruvchi tematik obligatsiyalar chiqarish amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, 2021 yilda O‘zbekistonning BRM Obligatsiyalari dasturi ishlab chiqildi.

Ushbu dastur xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, BRM obligatsiyalaridan kelib tushgan mablag‘larning taqsimlanishi, sarflanishi va ular hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning monitoring qilish mexanizmlarini belgilab beradi.

Obligatsiyalardan tushgan mablag‘larning sohalar kesimida taqsimlanishi. Moliya vazirligi ma’lumotlari

— Obligatsiyalardan tushgan mablag‘lar qanday sarflandi?

— BRM obligatsiyalarini joylashtirishdan tushgan mablag‘lar O‘zbekistonning BRM Obligatsiyalari dasturiga muvofiq milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha respublika budjeti xarajatlarini qoplashga sarflandi.

Loyihalar sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va irrigatsiya hamda jamoat transporti kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Mablag‘larning hududlar kesimida yo‘naltirilishi / Infografika: Moliya vazirligi

Tanlab olingan loyihalarning natijadorligi

Respublika bo‘ylab:

  • 12 ta yangi bolalar bog‘chasi qurildi va 23 ta mavjud bolalar bog‘chasi rekonstruksiya qilindi;
  • 2 ta yangi maktab qurildi va 31 ta mavjud maktab rekonstruksiya qilindi;
  • 7 ta yangi kasalxona qurildi va 29 ta mavjud kasalxona ta’mirlandi;
  • 0-16 yoshdagi bolalar uchun 10 turdagi 19 770 423 doza vaksinalar xarid qilindi;
  • 14 ta loyiha doirasida 82,8 km uzunlikdagi kanallar ta’mirlandi;
  • 222 km uzunlikdagi ichimlik suvi va kanalizatsiya quvurlari qurildi va rekonstruksiya qilindi;
  • 33,1 km uzunlikda yangi yerusti va yerosti metro liniyalarini qurishga qisman yo‘naltirildi.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida rekonstruksiya qilingan ko‘p tarmoqli shifoxona
Buxoro viloyati Buxoro shahrida rekonstruksiya qilingan maktab / Foto: Moliya vazirligi

Obligatsiyalardan tushgan mablag‘larning bir qismi Toshkent shahridagi yangi yerusti aylana metrosini va yerosti – Sergeli va Yunusobod liniyalarida yangi bekatlarni qurish bo‘yicha respublika budjeti xarajatlarini qoplashga yo‘naltirilgan.

Jumladan, qiymati salkam 4 trln so‘m bo‘lgan Toshkent shahridagi yangi yerusti aylana metrosini qurilishi uchun respublika budjetidan ajratilgan xarajatlarning 922 mlrd so‘m miqdori 2,5 trln so‘mlik obligatsiyalarimiz hisobidan qoplab berildi.

— Nega 2022 yilda obligatsiyalar chiqarilmadi?

— 2022 yilda yuzaga kelgan geosiyosiy holat tufayli xalqaro moliya bozorlaridagi barqarorlik buzilishi natijasida foiz stavkalari ko‘tarilib ketdi. Masalan, bizning AQSh dollarida joylashtirgan suveren obligatsiyalarimizning daromadliligi ikkilamchi bozorda 9,5% foizgacha ko‘tarilib ketdi. Bu bizning oldingi yillarda joylashtirib bo‘lgan obligatsiyalarimizning foiz to‘lovlariga ta’sir qilmaydi, chunki ular o‘zgarmas (fixed), ammo 2022 yilgi bozor holatida yangi obligatsiyalarni 9,5% atrofida joylashtirgan bo‘lar edik. Solishtirish uchun, 2021 yilda chiqarilgan suveren obligatsiyalarimizning foiz stavkalari esa yillik 3,7–3,9 foizni tashkil etadi.

Biz obligatsiyalarni asosan respublika budjeti taqchilligini qoplash uchun chiqaramiz va 2022 yilda ham yilning 2 choragida chiqarish rejalashtirilgan edi. Ammo, biz bunday bozor holatida suveren obligatsiyalarni chiqarmaslikka qaror qildik va uning o‘rniga ichki bozor uchun obligatsiyalarimizni, ya’ni davlat g‘aznachilik obligatsiyalarimiz hajmini 2 barobarga oshirish hamda xalqaro moliya tashkilotlaridan imtiyozli kreditlar olish orqali budjet taqchilligini qoplash bo‘yicha yil boshida rejalashtirilgan mablag‘larni jalb qilishga erishdik.

Obligatsiya chiqarish bo‘yicha kelasi yilgi rejalar haqida gapiradigan bo‘lsak, Moliya vazirligi kelajakdagi barcha obligatsiyalarni BRM yoki yashil obligatsiyalar tamoyillariga bog‘langan holda chiqarishni oldiga maqsad qilib olgan.

Ammo, agar xalqaro moliya bozorlari holati hozirgidek qolsa, unda 2023 yilda ham suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarmaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

  • Moliya vazirligining BRM obligatsiyalari bo‘yicha Mablag‘larning taqsimlanishi va ular hisobidan moliyalashtirilgan loyihalarning O‘zbekiston BRMga ta’siri yuzasidan hisoboti

Mavzuga oid