Sport | 17:22 / 21.11.2022
13053
11 daqiqa o‘qiladi

Sovuqqon ehtiyotkorlik va sinovdan o‘tgan tarkib. Angliya mundialda qanday o‘ynaydi?

Abadiy favoritlar haqida.

To‘rt nafar o‘ng qanot himoyachilari va Maguayr

Jon Stounz va Harri Maguayr. Foto: Global Look Press

O‘tgan yil yozida, Yevro-2020 chempionati vaqtida barcha Angliya tarkibiga faqat o‘ng qanot himoyachilari yig‘ilib qolgani kulgi ostiga olingandi. O‘shanda zayavkaga Kayl Uoker, Kiran Tripper, Ris Jyeyms va Ben Uayt kiritilgandi. Chempionatga Trent Aleksandr-Arnold va Aaron Uan-Bissaka olib ketilmagandi. O‘shanda Pep Gvardiolaning orzusi — boshlang‘ich tarkibda 11 nafar yarimhimoyachini tushirish bo‘lsa, inglizlar bosh murabbiyi Garet Sautgeytniki — 11 nafar o‘ng qanot himoyachisini tushirish ekanini aytib, hazil qilishgandi.

Bu safar Qatarga kelgan 26 nafar futbolchi orasida ham mudofaaning o‘ng qanotida o‘ynay oladigan futbolchilar yetarlicha. Bular Uoker, Tripper, Trent, Uayt va ba’zida «Manchester Siti»da shu pozitsiyani yopadigan Jon Stounz. Lekin bu safar Angliyada JCh-2022 uchun zayavka e’lon qilingach, muhokamalar mavzusi markaziy himoya bo‘ldi. Bosh murabbiy mundial uchun tarkibga Harri Maguayr va Erik Dayyerni olib, A Seriyada o‘tgan mavsumning eng yaxshi himoyachisi bo‘lgan «Milan» a’zosi Fikayo Tomori hamda so‘nggi bir yarim yilda «Kristal Pelas»da jiddiy o‘sishga erishgan Mark Guehini olib ketmayotgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi jiddiy muhokamalar va g‘azablanishlarni to‘g‘ri tushunish mumkin. Maguayr uchun so‘nggi bir yarim yil — shunchaki dahshatli tush. Ish shungacha borib yetdiki, bahorda terma jamoa muxlislari juda kuchsiz o‘yinlari tufayli 29 yoshli himoyachiga hushtakbozlik qila boshladi. U bu mavsumda «MYu» safida ham jarohat, ham juda yomon formasi tufayli deyarli o‘ynamayapti, u jamoa markaziy himoyachilari orasida Lisandro Martines, Rafael Varan va Viktor Lindelyofdan keyin to‘rtinchi o‘rinda: u barcha turnirlar doirasida jami 612 daqiqa maydonda bo‘lgan (APLda esa 4 o‘yinda 280 daqiqa o‘ynagan).

Ammo, aftidan Satugeytning Maguayrga ishonchi chegarasiz. Himoyachi joriy yilda Millatlar ligasida beshta o‘yinda ham to‘liq o‘ynadi.

Bosh murabbiy bu boradagi qarorini aniq va qat’iy qilib izohladi: «Biz mudofaadagi yosh futbolchilarimiz yoshi katta jamoadoshlarini tarkibdan siqib chiqarish uchun yetarli darajada ish qildi deb o‘ylamaymiz. Ha, ishonchim komil, Maguayr eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri».

Sautgeyt o‘z tanlovida o‘ta konservativ. JCh-2022 uchun 26 kishilik zayavkadan bir yarim yil oldingi Yevropa chempionatiga jalb etilgan 20 futbolchi o‘rin oldi. Bu safar ikki zaxira darvozabonlari (Din Henderson va Sem Jonston), markaziy himoyachi Tayron Mingz, qanot himoyachilari Ben Chiluell va Ris Jyeyms (ular boshlang‘ich tarkib futbolchilari edi, ammo jarohat tufayli mundialda ishtirok eta olmaydigan bo‘lishdi), shuningdek, hujumkor futbolchilar Jyeydon Sancho va Dominik Kalvert-Lyuin yakuniy tarkibdan tushib qolishdi.

Qatarga hatto Kelvin Fillips ham olib kelindi, u Yevro-2020 chempionatida kuchli o‘yin namoyish etgan, ammo bu yozda «Lids»dan «Manchester Siti»ga o‘tib, asosiy vaqtni davolanish bilan o‘tkazdi (u barcha turnirlar doirasida 4 o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, 53 daqiqa o‘ynagan).

«Kelvin yetti o‘yin davomida 90 daqiqadan o‘ynay olmasligi aniq. U bilan biroz tavakkalchilik qildik. Ha, biz uning jismoniy formasini yaxshilashimiz kerak, ammo bizda maydon markazi uchun variantlar ko‘p emas. Shu tufayli, biz bu qarorni tavakkalchilikka arziydi deb hisoblaymiz», — deya izohladi Sautgeyt.

Garet Sautgeyt. Foto^ AFP

Yevro-2020 konspekti bo‘yicha

Angliya milliy jamoasining bir yarim yil oldingi Yevro-2020 turniridagi ishtiroki — sovuqqonlik va matematik hisob-kitoblarga asoslangan ehtiyotkorona uslub bo‘lgandi. Bu hatto finalda o‘yindan keyingi 11 metrlik zarbalar seriyasida ijrochilarni tanlashda ham tatbiq etildi, murabbiy penalti tepishi uchun ikki futbolchi - Markus Reshford va Jyeydon Sanchoni tushirgandi, ammo ular ishonchni oqlamadi. Aftidan, bu safar ham «uch sherlar» shu yo‘ldan yurishga tayyorlanmoqda. Kamida JCh-2022 uchun tanlangan tarkib shundan darak beradi.

Bu safar turnirga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt deyarli bo‘lmadi. 13 noyabr kuni — APLda so‘nggi o‘yinlar o‘tkazildi, 21 noyabr kuni esa Angliya guruh bosqichining birinchi o‘yinini Eronga qarshi o‘tkazadi. Yig‘ilish, uchib borish, barcha zarur tadbirlardan o‘tish — eng yaxshi holatda tayyorgarlik ko‘rish uchun besh kun vaqt bo‘lardi. Keyin esa har uch-to‘rt kunda o‘ynashga to‘g‘ri keladi. Yaxshi tomoni, Qatarda uzoq safarlar bo‘lmaydi, barcha o‘yinlar bir shaharda bo‘lib o‘tadi.

Sautgeyt targ‘ib etayotgan maksimal ehtiyotkorlikka asoslangan holda, u bunday sharoitda faqat sinovdan o‘tgan, o‘zaro o‘ynash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan futbolchilarga ishonch bildirishini taxmin qilish mumkin. Agar odatiy sharoitlar bo‘lganida, ya’ni tayyorgarlik va mashg‘ulot yig‘inlari uchun ikki-uch hafta vaqt ajratilganida, Tomori singari futbolchilarda tarkibdan joy olish uchun imkon ko‘proq bo‘lardi, ammo hozir emas. Zayavkada Fillipsga joy berilganini ham shu nazariya bilan izohlash mumkin.

Angliyalik taktik guru Maykl Koks ham shu mantiqni qo‘llab-quvvatlaydi, u The Athletic nashrida e’lon qilingan katta materialida jahon chempionatida g‘olib chiqish uchun shartlarni keltirib o‘tgan. Uning tezislaridan biri shunday: «Futbolchilarning hozirgi formasiga emas, ular qanchalik sinovdan o‘tganiga qarang».

 

Keyn muammosi

Harri Keyn. Foto Reuters

Biroq, bir kishi borki, uning formasiga Angliyada barcha tashvish va xavotir bilan qaramoqda. Bu Harri Keyn — sardor va milliy jamoadagi muhim figura. U nafaqat to‘purar hujumchi, balki aqlli pleymeyker hamdir.

Va gap gollar sonida emas, «Tottenhem» forvardida, agar shunchaki statistikaga qaralsa, bu borada muammo yo‘q. Keyn joriy mavsumda «shporlar» safida 13 gol urishga erishdi (12 tasi APLda va Chempionlar ligasida bitta), shuningdek Angliya milliy jamoasi uchun gollari sonini bittaga oshirib qo‘ydi. Premer-ligada undan ko‘proq faqat Erling Holand gol urgan.

Muammo boshqa tomonda. Keyn, agar klub va terma jamoadagi o‘yinlar birga hisoblansa, bu mavsumda 24 o‘yinda jami 2117 daqiqa maydonda bo‘ldi. O‘tgan hafta o‘rtalarida «Tottenhem» Angliya ligasi kubogi doirasida «Nottinghem Forrest»ga qarshi boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va forvard 59-daqiqada almashtirildi. Keyn hech qachon bu qadar erta maydondan olinmagandi va bu vaqtda hali o‘yin taqdiri hal bo‘lmagandi.

O‘yindan keyin «shporlar» bosh murabbiyi Antonio Konte o‘z jamoasi yetakchisi haqida gapirar ekan, Keyn — ajoyib inson va hamisha jamoaga yordam berishni istaydigan namunali professional ekani, ammo u toliqqani haqida aytdi. Italiyalik mutaxassis hatto «holdan toygan» iborasini qo‘lladi. «Bilasizmi, biz kecha yengil tiklanish mashg‘ulotlarini o‘tkazgandik va mashqlardan birini bajarish vaqtida u to‘xtab, tanaffus qilishni so‘radi», — degandi Konte.

Uning so‘zlari qo‘rqinchli eshitiladi. Chindan ham, 19 oktyabrdan keyingi yetti o‘yinda Keyn atigi ikki gol urgan. JCh-2022 uchun tanaffusdan oldingi oxirgi o‘yinda u «Lids»ga gol urdi, ammo u o‘sha o‘yinda ham tetik va o‘ziga ishongan ko‘rinmayotgandi.

Shunday ekan, Sautgeytning yaqin kunlar uchun asosiy vazifasi  — o‘z jamoasi sardorining formasini tiklash bo‘ladi. Lekin buning uchun aytarli vaqt yo‘q. Qolaversa, Angliyada bu safar guruh ancha kuchliroq. AQSh, Uels va Eron — to‘rt yil oldingi Belgiya, Panama va Tunisdan iborat guruhdan ancha farq qiladi. Angliya milliy jamoasining bu turnirdagi istiqboli murabbiylar shtabining yechimlariga bog‘liq bo‘ladi.

Angliya termasining JCh-2022 uchun tarkibi

Darvozabonlar: Jordan Pikford («Everton»), Nik Poup («Nyukasl»), Aaron Remsdeyl («Arsenal»).
Himoyachilar: Trent Aleksandr-Arnold («Liverpul»), Konor Koadi («Everton»), Erik Dayyer («Tottenhem»), Harri Maguyar, Lyuk Shou (ikkisi ham — «Manchester Yunayted»), Jon Stounz, Kayl Uoker (ikkisi ham — «Manchester Siti»), Kiran Tripper («Nyukasl»), Ben Uayt («Arsenal»).
Yarimhimoyachilar: Jud Bellingem («Borussiya» Dortmund, Germaniya), Jordan Henderson («Liverpul»), Meyson Maunt, Konor Gallaher (ikkisi ham — «Chelsi»), Kelvin Fillips («Manchester Siti»), Deklan Rays («Vest Hem»).
Hujumchilar: Fil Foden, Jyek Grilish, Rahim Sterling (barchasi — «Manchester Siti»), Harri Keyn («Tottenhem»), Jyeyms Meddison («Lester»), Markus Reshford («Manchester Yunayted»), Bukayo Saka («Arsenal»), Kallum Uilson («Nyukasl»).

Eronga qarshi o‘yin uchun boshlang‘ich tarkib:

Mavzuga oid