O‘zbekiston | 13:06 / 23.11.2022
2806
3 daqiqa o‘qiladi

30 noyabrdan Toshkentda xalqaro turizm yarmarkasi boshlanadi

Poytaxtda 3 kun davomida 27-xalqaro turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbir ilk marotaba davlat budjeti mablag‘lari hisobidan emas, xususiy kompaniyalar bilan sheriklik asosida o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Xalqaro turizm yarmarkasi oldidan Turizm va madaniy meros vazirligida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda vazir Aziz Abduhakimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, tadbirning tashkiliy masalalari haqida ma’lumot berishdi.

Qayd etilishicha, xalqaro yarmarka xarajatlarini qoplash maqsadida shu yil mart oyida tender savdolari bo‘lib o‘tgan. Unda 4 ta xususiy kompaniya ishtirok etib, faqat bittasi – “SAYS” kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

“Biz bunda nafaqat narx jihatdan eng arzonini, balki texnik vazifalarni maksimal ravishda talab darajasida bajara oladigan kompaniyani tanlab oldik. Keyin shu vaqtgacha to‘plagan tajribasi ham ma’qul kelgach, u bilan Davlat xususiy-sheriklik tamoyili asosida shartnoma tuzdik”, – dedi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Milliy PR markazi direktori o‘rinbosari Bahodir Shokirov.

Qayd etilishicha, “Ipak yo‘lida turizm – 2022” xalqaro turizm yarmarkasi birinchi marta marta 1995 yilda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti – YuNVTOning rasmiy ko‘magida tashkil etilgan. O‘shandan buyon har yili yarmarka dunyoning turli mamlakatlaridan sayyohlik sohasi mutaxassislarini jamlab keladi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

“Yarmarka doirasida 15dan ortiq davlat o‘z milliy stendlari bilan ishtirok etadi. Bular orasida Yaponiya va Fransiya kabi yangi ishtirokchi davlatlar ham bor.

2019 yilda 13 davlatdan 60 ga yaqin tashkilot qatnashgan bo‘lsa, bu yil 15 ta mamlakatdan 76 ta tashkilot qatnashmoqda”, – dedi Aziz Abduhakimov.

30 noyabr va 1-2 dekabr kunlari o‘tadigan yarmarka uchun “UzExpo” markazidan 2 ta pavilon ajratilgan bo‘lib, unda yetakchi xalqaro ekspertlar bilan forum va sessiyalar, milliy oshpazlarning mahorat darslari, O‘zbekiston hunarmandlari ko‘rgazmalari hamda mahalliy va xalqaro dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, bu yil yarmarka ishtirokchilari o‘rtasida ko‘plab B2B uchrashuvlari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Дилшода Шомирзаева
Tayyorlagan Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid