O‘zbekiston | 20:35 / 25.11.2022
12521
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda oyna ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezident 2018 yilda viloyatga tashrifi chog‘ida oyna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Bugun davlat rahbari ishtirokida “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Hozirgacha bunday korxonalar Farg‘ona va Jizzaxda bor edi. Mana, ularning safiga yangi barpo etilgan, keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zarafshon oyna” korxonasi ham qo‘shilmoqda. U kelgusida yanada rivojlanib, xalqimizga xizmat qilishiga ishonamiz”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 12 million kvadrat metr. Mahsulotlar import o‘rnini bosish bilan birga eksportga ham mo‘ljallangan. Bu yerda 700 kishi ish bilan ta’minlangan.

Tadbirda G‘ozg‘on shahridagi “Marmarobod” korxonasi bilan ham videoaloqa orqali bog‘lanildi. U marmar va granit toshlarni qazib olib, qayta ishlashga ixtisoslashgan. Xitoy va Eron davlatlaridan uskunalar olib kelinib, muhandis va mutaxassislar jalb qilingan. 300 kishi ish bilan ta’minlangan.

Shuningdek, davlat rahbari Navoiy shahridagi “Gidro Stanko Servis” MChJ faoliyati bilan ham tanishgan. Mazkur MChJda tog‘-kon, metallurgiya, kimyo, energetika korxonalari uchun mashinasozlik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan. Natijada 2021 yilda 12 million dollardan ziyod valuta mablag‘larini tejashga erishilgan. Joriy yil yakuni bilan ishlab chiqarish miqdori 23 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid