O‘zbekiston | 14:58 / 26.11.2022
11127
4 daqiqa o‘qiladi

«Xorijda ilm olaman, deganlarning ham ehtiyojlarini qondirishga harakatlar qilyapmiz» – muftiy diniy ta’lim va Qur’on kurslari haqida

Imomlik o‘z yo‘liga, lekin Qur’on o‘rgatish kurslarining mas’uliyati katta. Uni o‘qitish uchun bilishdan tashqari o‘qita olish ham kerak, deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov. Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunga qadar 26 ta bunday kurslarda 30 mingdan ortiq fuqarolar Qur’oni karim o‘qishni o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevga intervyu berdi. Suhbat davomida diniy ta’lim, Haj va Umra ziyorati, navbatlarda yuzaga keladigan korrupsiyaviy holatlar, imom va domlalar atrofidagi gap-so‘zlar, yangi masjidlar ochish va boshqa mavzularda so‘z boradi.

«Umumiy ma’noda diniy yoki dunyoviyga ajratmasdan dinimiz ta’limga juda katta e’tibor beradi. Ilm ham boshqa amallar kabi farzi ayn va farzi kifoyaga bo‘linadi. Hammadan tafsir ilmini bilish yoki faqih bo‘lish talab qilinmaydi.

Hozir bizda 13 ta professional diniy ta’lim muassasalari bor, ularni so‘nggi yillarda 3 ming talaba bitirib chiqdi. Buncha kadrni ish bilan ta’minlash masalasi ham bor. Yurtimiz masjidlariga o‘qigan, diplomli imomlarni qo‘ydik. Necha yillab ishlaganlar orasida bundan ranjiganlar ham bo‘ldi. Hozir noiblarni ham to‘g‘rilab kelyapmiz», - deydi muftiy.

Nuriddin Xoliqnazarovga ko‘ra, ko‘pchilikda farzi aynga taalluqli bo‘lgan Qur’on o‘qish va dinimizga doir boshlang‘ich ilmlarni qayerdan olaman, degan o‘rinli savollar bor. Ayni vaqtda bunga Musulmonlar idorasi tizimidagi o‘quv kurslari yechim bo‘ladi.

«Bu o‘rinli savol. Buni izlab xorijga borishga hojat yo‘q, chunki, izlasa hozir bizda hamma imkoniyatlari bor. Hozir 26 ta Qur’on va tajvidni o‘rgatadigan kurslar ochganmiz va bu yana davom etyapti. Lekin, ta’limning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Masalan, ta’limga aloqador shuncha vazirlik bo‘lsa ham maorifda qancha muammolarimiz chiqib kelayotganini ko‘ryapmiz.

Imomlik o‘z yo‘liga, lekin Qur’on o‘rgatish kurslarining mas’uliyati katta. Uni o‘qitish uchun faqat bilimli bo‘lish emas, pedagog ham bo‘lishi, o‘qitishni bilishi kerak. Uni aytib qo‘yish oson, nega hamma joyda ochib qo‘yilmadi, deb. Unga mutaxassislar kerak. Hozir shayx Alijon qori Qur’ondan dars berayotgan mudarrislarning o‘zlarini ham qaytadan o‘qityapti, o‘qitish uslublari takomillashtirilmoqda.

Yana bunday kurslarga ko‘p joylardan talablar kelyapti. Biz sharoitlarini qilib, tayyorlanib borguncha sabr qilinglar, deyapmiz. Hozirgacha 30 ming fuqarolarimiz, kurslarni tamomlab chiqdi. Bir dona odam Qur’on o‘qishni o‘rganishi muammo edi», - deya muftiyning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma’lum bo‘lishicha, Musulmonlar idorasi tizimida ham onlayn Qur’on, hadis darslari ham o‘rgatilmoqda. Shuningdek, masjidlarda ham namozlardan keyin suhbatlar bo‘lyapti, bularda ham musulmonlarga kerak bo‘ladigan ilmlar o‘rgatilyapti, deydi muftiy.

«Hali bular yana davom etadi, lekin ozgina bo‘lsa ham shukronalik va insof nazari bilan qarash kerak. Bunday nozik masalani sekin-asta joyiga qo‘yib ketyapmiz. Ota-onalardan iltimos qilardimki, bolalarining maktabdagi o‘qishlariga ham e’tiborli bo‘lsin. Arab tilini o‘rganmoqchi bo‘lsa, ona tili ham yaxshi bilsin, maktabda yaxshi o‘qisin.

Xorijda diniy bilim olaman, deb chiqqanlarning ham ehtiyojlarini qanoatlantirish borasida harakatlar qilyapmiz. Lekin, aytganimizdek, bu borada hali qiladigan ishlarmiz bor, asta-sekin bu muammolar go‘zal hal bo‘ladi», - deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

Mavzuga oid