O‘zbekiston | 23:54 / 30.11.2022
16358
4 daqiqa o‘qiladi

Aksilmonopol qo‘mita vakili 8,4 mlrd so‘mlik platforma bo‘yicha munosabat bildirdi

Qo‘mita vakilining tushuntirishicha, “Online Mahalla” axborot tizimini ishlab chiqish uchun tender o‘tkazilmagani hukumatda ana shunday vakolat borligi bilan bog‘liq. Ma’lum bo‘lishicha, jami davlat xaridlarining yarmidan ko‘pi to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga to‘g‘ri keladi.

Mirzohid Komilov / Foto: AOKA

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi “Online Mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m ajratgani muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Masalaning savolli jihatlari quyidagilar:

  1. Bitta onlayn platforma uchun 8,4 mlrd so‘m narx qanchalik asoslangan va bu shishirilmaganmi? Bunga baho berish uchun mustaqil dasturchilarga kerak bo‘ladigan texnik topshiriqnoma haligacha ochiqlanmagan.
  2. Nima sababdan kichik bo‘lmagan bunday qiymatdagi davlat buyurtmasi tender asosida emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri berilgan?
  3. Buyurtmani hech bir tanlovsiz qo‘lga kiritgan “Realsoft” MChJ o‘z saytida mijozlari sifatida Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Moliya, Suv xo‘jaligi, Qishloq xo‘jaligi, Adliya va Mahalla vazirliklari, Soliq qo‘mitasi, Antimonopol qo‘mita, shahar va viloyat hokimliklarini sanab o‘tgan. Bitta kompaniya muntazam ravishda davlat buyurtmalarini olib kelayotgani tekshiruvlar uchun asos bo‘lmaydimi?
  4. “Online Mahalla” platformasini ishlab chiqish uchun IT-kompaniyani tender o‘tkazmasdan, istisno tariqasida to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlash haqidagi Vazirlar Mahkamasi qarori nega ochiq e’lon qilinmagan?

30 noyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda Kun.uz muxbiri 8,4 milliardlik buyurtmaning to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida “Realsoft”ga berilgani, bu kompaniyaning asosiy mijozlari davlat organlari ekanidan kelib chiqib, qo‘mitaning holatga munosabatini so‘radi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi departament direktori Mirzohid Komilov to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qonun doirasida tuzilganini aytdi.

“Bu narsa qonunchilik bilan taqiqlanmagan, ya’ni “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasiga ko‘ra, prezidentda, hukumatda shunday vakolatlar bor. Bu vakolatlardan foydalangan holda jamiyat, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik ishlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarga ruxsat beriladi.

Bittagina bu holat emas. Statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2021 yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar soni jami xaridlarning 50 foizdan yuqorisini tashkil qiladi. Bugungi kunda 2022 yilning 9 oylik yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar 50 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Xalq va jamiyat degan naqldan kelib chiqadigan bo‘lsak, hamma narsa mahallabay ishlash tizimida aholiga xizmatlarni tezroq yetkazib berish maqsadida shunday qaror qabul qilingan degan xulosa chiqarsak bo‘ladi”, – dedi u.

Komilovning qo‘shimcha qilishicha, jami davlat xaridlarining yarmidan ko‘pi to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarga to‘g‘ri kelishining boshqa sababi ham bor.

“3953-sonli prezident qarorida 44 dan oshiq tovarlar ro‘yxati belgilangan. Shu ro‘yxatlarga kiritilgan tovarlarning operativ ravishda xaridlarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat berilgan.

Bundan tashqari, respublikamiz hududida ishlab chiqaruvchilar va yagona yetkazib beruvchilar reyestri yuritiladi. Mana shu davlat reyestriga kiritilgan tadbirkorlardan ham to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar amalga oshirilgan”, – deya tushuntirdi Aksilmonopol organ rasmiysi.

Mavzuga oid