Jahon | 10:52 / 01.12.2022
8022
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina uchun qurol ishlab chiqaruvchi Ispaniya kompaniyasi pochta orqali bomba oldi 

Ispaniyada Ukraina uchun qurol ishlab chiqaruvchi kompaniya Ukraina elchixonasi bilan bir kunda pochta orqali bomba oldi. Xavfli o‘ram sapyorlar tomonidan zararsizlantirildi, qurbonlar yo‘q. Politsiya teraktlarni tergov qilmoqda. 

Foto: Reuters

Saragosa (Ispaniya)da joylashgan, jumladan, Ukraina uchun qurol ishlab chiqaruvchi Instalaza kompaniyasi 30 noyabr kuni paketda portlovchi qurilmani pochta orqali oldi, deb xabar beradi Ispaniyaning El Periodico nashri. Avvalroq Madriddagi Ukraina elchixonasida pochta orqali yetkazilgan xuddi shunday paket portlagan edi. 

Instalaza’ga yetkazib berilgan 10 sm x 15 sm o‘lchamdagi paketda Ukrainadan yuborilgani yozib qo‘yilgan, dedi mahalliy SER radiosi xodimi. Poytaxtdagi portlashdan xabardor bo‘lgan kompaniya xodimlari politsiyani chaqirgan. Yetib kelgan huquq-tartibot idoralari xodimlari hududni o‘rab oldi, konvert sapyorlarga topshirildi. Rentgen nurlari uning ichida portlovchi qurilma va ochilganda uni faollashtiradigan ip borligini ko‘rsatdi. Paket boshqariladigan portlash natijasida yo‘q qilindi, hech kim jabrlanmadi. 

Instalaza, boshqa narsalar qatorida, Ispaniya Rossiya Qurolli kuchlariga qarshi turish uchun Ukrainaga yetkazib bergan S30 tankka qarshi granatomyotlarni ishlab chiqaradi. 

30 noyabr kuni Ukrainaning Madriddagi elchixonasiga ham yetkazilgan shunga o‘xshash paket elchi Sergey Pogorelsevga yo‘llangan. Biroq uni elchixonaning komendanti ochgan. Portlash sodir bo‘ldi, natijada xodim qo‘lidan yengil jarohat oldi. O‘sha kuni kechqurun u kasalxonadan chiqarildi. 

SER ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala paket ham bir xil jo‘natuvchiga ega va ularda bir xil elektron pochta manzili yozilgan. Mamlakat politsiyasi ikki hodisa o‘rtasidagi bog‘liqlikni tekshirmoqda. Ispaniya Milliy sud kollegiyasi Ukraina elchixonasida «pochta bombasi» portlashi bo‘yicha dastlabki ish qo‘zg‘atib, voqeani terakt sifatida baholadi. Ispaniya milliy pochta xizmati tergov bilan hamkorlik qilmoqda. 

Ayni vaqtda, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba mamlakatning xorijdagi barcha vakolatxonalarida zudlik bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirishni buyurdi. Vazirning ta’kidlashicha, hujum ortida kim turgan bo‘lsa ham u ukrainalik diplomatlarni qo‘rqitolmaydi yoki Ukrainani mustahkamlash va Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha kundalik ishlarga aralasha olmaydi. 

Mavzuga oid