O‘zbekiston | 10:10 / 02.12.2022
30105
4 daqiqa o‘qiladi

Vazir Po‘lat Bobojonov jamoatchilik uning iste’fosini talab qilayotganidan xabardor ekani ma’lum qilindi

Bloger va publitsist Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, Toshkent shahrida bir kishilik «piket» uyushtirgandi. Vazirning matbuot kotibi uning iste’fosini talab qilib, o‘tkazilgan piketdan xabardor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u bloger vazirlikka taklif qilingani, lekin shu paytgacha aloqaga chiqmaganini bildirdi.

Foto: AOKA

Publitsist va bloger Shokir Sharipov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, 22 noyabr kuni poytaxtda bir kishilik piket uyushtirgandi. U Qo‘qon shahar IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida 15 yoshli bolaning urib o‘ldirilishi sabab piket o‘tkazishga qaror qilganini aytgan.

«Tizimni isloh qilish yo‘lidagi ishlar bir joyda depsinib turgani, ayniqsa, ichki ishlar binolaridan insonlar murdasi chiqayotgani meni tashvishga soladi. Qo‘qondagi IIB muassasasida 15 yoshli bola o‘ldirilishi bu yerga chiqishimda asosiy omil bo‘ldi», degandi jamoatchilik faoli.

U bunday holatlarda ichki ishlar vaziri shaxsan xalq bilan muloqot qilmayotgani sababli ham uning iste’fosini so‘rayotganini aytadi.

1 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirning matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Po‘lat Bobojonov jamoatchilik o‘z iste’fosini talab qilayotgani, shu maqsadda o‘tkazilgan piketdan xabardor ekanini ta’kidladi.

«Vazirimizning o‘zlari ham ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda kuzatib boradi. Biz vazirimizga bu bo‘yicha [piket o‘tkazilgani haqida] aniq axborot berdik. “Bu odam bilan gaplash, nima muammosi bor?” deb aniq topshiriq berdi.

Keyin BBC o‘zbek xizmati muxbiri Avazbek bilan bog‘landik. Jurnalistning aniq qanday savollari bo‘lsa, shunga javob beraylik, uchrashaylik, dedik. Chunki blogerning BBC’ga bergan intervyusida aniq bir masala ko‘rsatilmagan. Faqatgina matbuot xizmati haqida gapirilgan.

Men hayron bo‘ldim, bu odamni ilgari tanimas ekanmiz. U Kun.uzʼning kolumnisti ekan. Buni menga Avazbek aytdi. Avazbekka bloger biz bilan bog‘lanishini ta’kidladim. U esa bog‘lab berishini aytdi. Lekin shu paytgacha bu odam biz bilan bog‘lanmadi, gaplashmadi, aniq savol ham qo‘ymadi», — dedi G‘iyosov.

BBC nashri ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston hukumatidagi matbuot va mahalliy jurnalistlar uchun eng yopiq bo‘lgan amaldorlardan ekanini qayd etgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar ichki ishlar vaziri nima uchun ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazmasligiga ham izoh so‘rashdi.

«Vazirimiz yilda ikki marta Senatda jamoatchilik oldida hisobot beradi. Bu narsa doimiy ravishda yoritib boriladi. Bundan tashqari, vazirimiz viloyatlarga borganida u yerdagi OAV vakillari savollariga ham javob beradi, ular ham taklif etiladi. Balki bizning aybimiz buni yoritib bera olmayotganimizdir», — dedi IIV matbuot kotibi.

Jurnalistlar G‘iyosovning javobidan qoniqmaganlarini bildirib, 9 dekabr kuniga belgilangan navbatdagi matbuot anjumanida shaxsan Po‘lat Bobojonov qatnashishi va OAV vakillarining savollariga javob berishini talab qilishdi. Vazirning matbuot kotibi bunga javoban: “Takliflaringizni albatta yetkazamiz”, deya oldi xolos.

Eslatib o‘tamiz, Po‘lat Bobojonovning iste’fosini talab qilib, piket uyushtirilganidan bir hafta o‘tgach, IIV matbuot xizmati haftaning har payshanba kuni muntazam ravishda matbuot anjumanlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid