QVP tortib olinib, o‘rniga konteyner berilgan. Yana aholi sarson
Andijon viloyati Bo‘ston tumanidagi Nurafshon mahallasi aholisidan qishloq vrachlik punkti olib qo‘yilgani sabab aholi bir necha yillardan beri qiynalib kelyapti. Avvallari QVP sifatida foydalanilgan bino tadbirkorga nol qiymatda berib yuborilgan.
2019 yili Bo‘ston tumani hokimining qarori bilan nurafshonliklar foydalanib kelgan QVP binosi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan bog‘cha uchun berib yuboriladi.
Oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, tadbirkor faqatgina binoning tom qismini almashtirib, eshik-derazalar o‘rnatgan xolos, shu bilan ish qolib ketgan. Hozirda bu joy qarovsiz holatga kelib qolgan.
“Ko‘p marotaba tuman hokimi, prokurori, viloyat SSB boshlig‘iga murojaat qildik. Hammasining javobi bitta – tuman hokimi ruxsat bermayapti. Tuman hokimi esa: “Vagon qo‘yib berdim shu yetadi”, deyapti. Viloyat hokimi ochilsin deganiga qaramasdan, hamon mana shunday tashlandiq holatda turibdi”, – deydi murojaatchi Iroda Abdullayeva.
Qishloq aholisi tibbiy ko‘rik, emlash, birinchi yordam kabi masalalarda qiyinchiliklarga duch kelyapti. Mahalla aholisini 3 ta boshqa QVPlarga taqsimlab yuborishgan.
Bir necha marta murojaatlar qilingach, 4 o‘rinli vagondan tashkil etilgan tibbiyot punkti o‘rnatib berilgan. Ammo bu joy 3 mingdan ortiq qishloq aholisi uchun yetarli emas. Chiroq o‘chganda esa sovuq bo‘lib ketadi. Bemorlar kutishi uchun ham sharoitlar qilinmagan.
“Ayolim insult bo‘lgan. Doim doktor nazoratida bo‘lishi kerak. QVP bor payti shifokorlar xabar olib turardi. Hozir 30 ming so‘m sarflab markazga olib boraman yoki bu yoqqa olib boraman. Ahvolimni ko‘rib turibsiz. Kechasi bilan uxlolmayman. Uxlasam 40 minut dam olaman xolos”, – deydi Akramjon Oxunov.
Surishtiruv uchun borganimizni eshitgan Bo‘ston tumani hokimi Sanobarxon Nosirova bu manzilga yetib kelib, aholi bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, hozirda QVPni aholiga qaytarish uchun kerakli hujjatlar tayyorlanib, sudga topshirilgan.
Sobiq hokimning qarori sud orqali bekor bo‘lgach, QVP qayta ta’mirlanadi va kelgusi 2023 yilda foydalanishga topshiriladi.
“Bino sog‘liqni saqlash balansida ekan. Hozir hujjat tayyorladik. Ma’muriy va fuqarolik sudiga beramiz. Balansga qaytarib olish bo‘yicha shug‘illanyapmiz. 2023 yilda QVP masalasini hal qilamiz”, – deya va’da berdi fuqarolarga tuman hokimi.
Bir necha yillardan buyon nurafshonliklarni qiynab kelgan muammo o‘z yechimini topishi va qishloq vrachlik punkti tezroq o‘z egalariga topshirilishini kutib qolamiz. Hokimning va’dalari va’daligicha qolib ketmaydi, degan umiddamiz.
Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Turg‘unov.
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
08:10 / 03.11.2024
Tog‘ bag‘ridagi qishloq – Yordonda nahor oshi
16:17 / 02.11.2024