Jamiyat | 23:15 / 06.12.2022
22446
4 daqiqa o‘qiladi

Aholiga ko‘proq gaz berish uchun tarmoqdan uzilgan sement zavodi o‘zboshimchalik bilan qayta ulangani aniqlandi

“Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali bir guruh fuqarolar o‘zlari ishlaydigan sement zavodiga gaz berilishini so‘rab murojaat bilan chiqqaniga munosabat bildirdi.

Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda “Farg‘onada sanoat korxonalaridan gaz uzib qo‘yilishi natijasida 10 minglab aholi ishsiz qolmoqda, ular gaz ulab berilishini so‘rab, ko‘chaga chiqishmoqda” sarlavhasi ostida murojaat tarqaldi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston tumani Sho‘rsuv shaharchasidagi “Sho‘rsuv sement” (Albus) korxonasining ishchilari o‘z korxonalarini tabiiy gazdan uzmasliklarini so‘rab chiqishgan. “Hududgaz Farg‘ona” holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo keskin sovishi va buning natijasida qazib olinayotgan va import qilinayotgan gaz iste’molga yetmay qolayotgani oqibatida magistral gaz quvurlaridagi bosim minimal qiymatgacha kamayib ketgan. Bu holat Farg‘ona vodiysida ham kuzatilmoqda.

Bunday holatda birinchi navbatda ijtimoiy soha obektlari, jumladan maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot muassasalarini tabiiy gaz bilan ta’minlashda bosimni barqaror ushlab turish uchun sement zavodlari vaqtincha ta’minotdan uzilgan.

Bu vaqtinchalik choralar natijasida nafaqat Sho‘rsuv shaharchasidagi “Sho‘rsuv sement”, balki shu hududdagi “Turon Eko Tsement”, “Turon PFK”, “Shaffofsement sanoat”, “Qurilish ashyo sifat” MChJlarga qarashli ishlab chiqarish korxonalari ham Vazirlar Mahkamasining tegishli bayyonnomasiga asosan 2022 yil 27 noyabr kuni tabiiy gaz tarmog‘idan muhrlash yo‘li bilan uzilgan.

Sababi, yuqorida nomlari ko‘rsatilgan ulgurji iste’molchilar Farg‘ona viloyati hokimligi, “O‘zneftgazinspeksiya” Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi, Magistral gaz quvurlari boshqarmasi va “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filiali tomonidan tasdiqlangan 2022-2023 yil kuz-qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berish kafolatlanmaganlar ro‘yxatida turadi.

Qolaversa, iste’molchi bilan tuzilgan tabiiy gaz yetkazib berish va qabul qilish shartnomasining 2-bob 2.5-bandida quyidagicha shart yozilgan: Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maishiy iste’molchilarni, idoraviy va munitsipal uy joy fondini, aholi ehtiyojlarini, shuningdek strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’molchilarni ob-havo sovib ketishi davrida gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida belgilangan tartibda iste’molchiga tabiiy gaz yetkazib berish qisqartirilishi yoki butunlay to‘xtatilishi mumkin.

“Shuningdek, shartnomaning 2.7-bandiga ko‘ra, iste’molchi tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga muvofiq zaxira yoqilg‘isiga (3 oy davomida ehtiyojini qoplaydigan) o‘tishi va gazdan foydalanishni to‘xtatishi lozim deb belgilangani sababli tabiiy gazdan muqobil yoqilg‘i turidan foydalanishi mumkinligini eslatib o‘tmoqchimiz”, – deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, 29 noyabr kuni yuqorida nomlari ko‘rsatib o‘tilgan ulgurji iste’molchilar tabiiy gaz tarmog‘idan uzilganlik holati qayta nazorat qilinganda o‘zboshimchalik bilan tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulanib tabiiy gazdan foydalanayotgani aniqlangan.

Internetdagi murojaatda “Knauf” korxonasining tabiiy gazi uzilmaganiga nisbatan e’tiroz bildirilgan. “Hududgaz Farg‘ona”ning izohlashicha, bu korxona tabiiy gaz uchun shartnomani “UzTrend” tashkiloti bilan tuzgan va hozirda “Knauf” korxonasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz olmayapti. 

Mavzuga oid