O‘zbekiston | 10:20 / 06.12.2022
63982
2 daqiqa o‘qiladi

Sovuq tufayli maktablarda navbatdan tashqari ta’til berilishi bo‘yicha takliflar yangramoqda. XTV munosabat bildirdi

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda sovuq ob-havo hukm surmoqda. Sinoptiklarning ma’lum qilishicha, bunday sovuq va yog‘ingarchiliklar bir necha kun davomida saqlanib qoladi. Shunday kunlarda ko‘pchilik tomonidan ta’lim maskanlarida mashg‘ulotlarni to‘xtatish va navbatdan tashqari ta’til berish taklif qilinmoqda.

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarning bir necha faollari sovuq kunlarda maktablar faoliyatini to‘xtatish, shu yo‘l bilan bolalarni sovuq harorat va buning ortidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan asrab qolishni taklif qilishgan. Hozir yangi yil bayramlarini ham qamrab oladigan bir oylik ta’til berib, yozgi ta’til kunlarida ta’limni davom ettirish g‘oyasini ilgari surganlar ham bor.

Kun.uz Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘lanib, vazirlikda qanday rejalar borligi bilan qiziqdi.

«Vazirligimiz mutasaddilari ijtimoiy tarmoqlardagi takliflarni diqqat bilan kuzatib borishadi. Bunday takliflardan xabardormiz. Lekin ayni paytda ta’lim jarayonini to‘xtatish, ta’tillar muddatlarini o‘zgartirish reja qilinmayapti. Barchasi belgilangan dastur asosida davom ettiriladi.

Shu bilan birga maktablardagi holat ham muntazam monitoring qilib borilmoqda. Har bir hududda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha shtablar tashkil qilingan. Isitish tizimi nosoz yoki avariyaga uchragan, natijada o‘quvchilar sovqotishi mumkin bo‘lgan ta’lim maskanlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilyapti.

Ikkinchi chorak yakuni va yangi yil bayrami ta’tili ham belgilangan muddatda beriladi», – dedi u.

Mavzuga oid