Eronda namoyishlarda qatnashgan 400 kishi qamoq jazosiga hukm qilindi
Tehron sud hokimiyati Eronda bir necha oydan beri davom etayotgan namoyishlarda ishtirok etgan 400 kishini qamoq jazosiga hukm qildi.
«Tehron viloyatidagi tartibsizliklar bo‘yicha sud mahkamasida 160 kishi 5 yildan 10 yilgacha, 80 kishi 2 yildan 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi, yana 160 kishi ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi», dedi Tehron bosh prokurori Ali Alqosiy Mehr.
Eronda o‘tgan haftada tartibsizliklarda ishtirok etgan va xavfsizlik kuchlari xodimlariga hujum qilgan ikki kishi qatl etilgandi.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy avvalroq xavfsizlik xodimlarining o‘limiga sabab bo‘lgan odamlarni topib, jazolashini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishlarni qo‘llab-quvvatlagan G‘arb davlatlari «yangi urush» bilan Eronning ijtimoiy tuzumiga putur yetkazishga uringan, biroq xalq bunga bardosh bera olgan.
Ommaviy norozilik namoyishlari sentabr oyida Tehrondagi metro bekati yonida axloq politsiyasi tomonidan ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun hibsga olingan Mahsa Aminiy ismli yosh ayolning o‘limi ortidan boshlangan edi. U hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib vafot etdi.
Eron rasmiylariga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 200 dan ortiq odam halok bo‘lgan.